Markaziy Osiyo xabarlari-14 fevral

QOZOG’ISTON

Qozog’iston muxolifati yetakchisi va sobiq axborot vaziri Oltinbek Sersenbayev, Almati yo’llaridan birida otib o’ldirilgan. Shahar militsiyasi so’zlovchisi Saltanat Azirbekga ko’ra, 43 yoshli Sersenbayev va uning haydovchisining jasadi Talgar shahriga ketaverishdagi yo’lda topilgan.

Sersenbayev 1993-99 yillar orasida Nazarboyev hukumatida, axborot vaziri va xavsizlik kengashi kotibi sifatida faoliyat yuritgan. 2002-2003 yillar orasida, Moskvada Qozog’iston elchisi vakolatida bo’lgan. Shundan so’ng, hukumat ishidan ketib, Nazarboyevga muxolifatda bo’lgan partiyalarga qo’shilgan edi.

QOZOG’ISTON-SHINJON

Birinchi mart kuni Xitoyning Shinjon Uyg’ur muxtoriyatida Qozog’iston bilan chegaradosh ikkinchi katta bozorning ochilishi rejalashtirilgan. Yangi Jeminay Chegara Savdo hududi 105.000 kvadrat metrni tashkil etib, Oltoy prefekturasiga tegishlidir. Mazkur bozor 10.000 ga yaqin savdogar va 3.000 tonnagacha yukni qabul qila oladi. Uning yillik aylanma kapitali 100 million AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda.

Ikki mamlakat orasidagi kelishuvga ko’ra, Qozog’iston savdogarlari chegarani kesib o’tishda va bir kunlik biznes uchun viza olmaslikka haqlilar. Pasport va salomatliklari to’g’risidagi ma’lumotnomaga ega bo’lsalar kifoya.

TURKMANISTON-ERON

Eron Tashqi ishlar vaziri Manuchehr Mo’takining bildirishicha, uning hukumati Turkmanistondan tabiiy gazni yanada yuqori narxda sotib olishga tayyor. “Eron turkman tabiiy gazi importini oshirmoqchi va bu borada Turkmaniston rahbariyatiga takliflar berishga tayyor”, - dedi janob Mo’taki Turkmaniston prezidenti bilan qilgan telefon muloqotida.

Dastlabki muzokaralarda Eronga Ashgabat gazini har ming kubometr uchun 42 dan 60 AQSh dollargacha ko’tarishga kelishilgan.