So’nggi bir necha yil ichida Xitoy va Rossiya o’rtasidagi aloqalar ancha kuchaydi. Chegara bo’yicha o’tmishdagi bahslarning o’rnini yangi savdo shartnomalari-yu qo’shma harbiy mashg’ulotlar egalladi.
Xitoy-Rossiya aloqalari 2001 yili Shanxay Beshligi tashkilotiga asos solingach rasman yangi darajaga ko’tarilgan edi. Guruhga Xitoy, Rossiya, Qirg’iziston, Tojikiston va Qozog’iston a’zo bo’lgan. Tashkilot o’z oldiga terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishni maqsad qilib olgan.
O’shandan buyon Xitoy bilan Rossiya o’rtasidagi shartnomalar soni qo’ziqorindek ko’paya boshladi. Qurol savdosi shartnomasidan tashqari Rossiya Xitoyga gaz va neft uzatishga ham va’da berdi. Ikki mamlakat o’rtasidagi chegara bo’yicha muammolarga yechim topildi. Biroq Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti qoshidagi Tashqi siyosat institutining mutaxassisi Deyvid Satter ikki mamlakat o’rtasidagi qo’shma harbiy mashg’ulotlarga alohida e’tibor qaratmoqda.
"Mashqlarda har ikkala tarafdan jami o’n mingga yaqin askar ishtirok etdi. Rossiya anchadan beri Xitoyni qurol-yarog’ bilan ta’minlab kelmoqda,"- deydi Satter. "Biroq mashqlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, ularda Rossiya o’zining uzoq masofaga ucha oladigan yangi bombardimonchi samolyotlarini ishga soldi. Xitoyliklar mazkur TU-22 rusumidagi bombardimonchi samolyotlarni sotib olmoqchi, chunki Tayvan bilan mojaro boshlanib ketgan taqdirda, ularning roli muhim bo’ladi."
Mashqlarning ko’lami AQShning mintaqadagi ittifoqchilari – Yaponiya, Janubiy Koreya va Tayvanni xavotirga soldi. Biroq Rossiya bilan Xitoy mashqlar biron-bir mamlakatga qarshi qaratilmagan, dedilar. Ularga ko’ra, mashqlarda asosan terror hujumi ehtimoli va unga qarshi kurashda ishlatilishi va Xitoy sotib olishi mumkin bo’lgan qurollar sinovdan o’tkazildi.
Biroq tahlilchilarning aksariyati mashg’ulotlar terror hujumlariga qarshi harakatlarni mashq qilish uchun emas, balki urushga tayyorgarlik ko’rish uchun o’tkazilgan, deydi. Yangi qurolni sinab ko’rish uchun mashg’ulotlar o’tkazish shart emas, deydi ular. Tahlilchilarga ko’ra, mashqlardan asosiy maqsad - Qo’shma Shtatlarga Osiyo va Tinch Okeani mintaqasida Rossiya bilan Xitoy hukmdor degan ishorani yetkazish edi.
Deyvid Satterning aytishicha, o’tgan yilning iyul oyida, harbiy mashqlarning o’tkazilishidan oldin ikki davlat 21 asrdagi jahon tartibi bayonotiga imzo chekkan. Bayonotda bu ikki mamlakatning jahondagi kuchlar taqsimotini o’z foydasiga hal qilish niyatlari aks ettirilgan.
"Hujjatda AQShning dunyodagi gegemon mavqesiga putur yetkazish siyosatiga ishora qilingan. “Barcha mamlakatlar suverenitetga nisbatan o’zaro hurmat tamoyillariga va bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslikka rioya qilishlari kerak” deganning o’zi ana shu holga sha’ma qilmoqda,"-deydi u.
Deyvid Satter deydiki, Rossiya ham, Xitoy ham musulmon fundamentalizmining Markaziy Osiyo bo’ylab tarqalishidan cho’chiydilar. Ular G’arbning mintaqada demokratiyani tezlashtirish harakatlarini beqarorlikka olib keladigan omil deb biladilar. Bundan tashqari, deydi olim, ikkala davlat ham o’z chegaralari yaqinida AQShning ta’siri kuchayayotganiga qarshi.
Vashingtondagi Kato ilmiy-tahliliy institutining tashqi siyosat bo’yicha tahlilchisi Jastin Loganga ko’ra, ustiga-ustak Rossiya NATO ning kengayishidan ham xavotirga tushmoqda.
"Sovuq Urushi tugaganidan beri bizni bir savol qiziqtiradi: Rossiya qay paytgacha indamay keladi? NATO Boltiq bo’yi davlatlarini o’z ichiga olganda hamma Rossiya ana endi o’z xarakterini ko’rsatadi, deb o’ylagan edik. Biroq rasmiy Moskva bilan aloqalari tikanli bo’lgan Gruziya va Ukraina kabi mamlakatlar rahbarlarining NATO ga yaqinlashishi bilan Rossiya qumda chiziq o’tkazib, undan nariga o’tish mumkin emas degandek ishora qildi."
Jastin Loganning ta’kidlashicha, Rossiya muqobil yo’llari borligini ko’rsatishga oshiqdi. O’sib borayotgan Xitoy iqtisodiyoti esa Rossiyaning gaz va neftiga muhtoj. Harbiy qudratini mashqlar orqali namoyon qilish bilan Xitoy mustaqillika oshiqayotgan janubdagi Tayvanni va g’arbdagi uyg’urlarni ogohlantirdi.
O’tgan yil iyulida Xitoy va Rossiya Hindiston, Pokiston, Eron va Mongoliyaga Shanxay Hamkorlik Tashkilotida kuzatuvchi maqomlarini berdi. Bu bilan tashkilot yadro quroliga ega to’rt davlatni va jahon aholisining yarmini o’z ichiga oldi. Ba’zi tahlilchilarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar bundan hushyor tortishi zarur. Biroq boshqalarga ko’ra, tashkilot uzoq-muddatli kelajakdan mahrumdir.
Ilan Berman Amerika Tashqi siyosati kengashida katta tahlilchi bo’lib ishlaydi. Uning aytishicha, o’zaro tarang aloqalarga boy tarixga ega Xitoy va Rossiya o’rtasidagi o’tmishdagi raqobatning yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas.
"Xitoy iqtisodiy jihatdan tez rivojlanmoqda va taraqqiyotning davomiyligini ta’minlash uchun tashqaridan tobora ko’proq energetik resurslarga ehtiyoj sezmoqda. Resurslarning ko’p qismi esa Pekindan g’arbda, Markaziy Osiyoda joylashgan. Demak, Xitoy Markaziy Osiyo va undan nari Kavkazga o’tar ekan, uning manfaatlari o’sha mintaqalardagi Rossiya manfaatlari bilan kesisha boshlaydi. Ularning ikkisi ham siyosiy ta’sirga ega bo’lmoqchi va energetik resurslarni qo’lga kiritmoqchi. Bu esa ikki davlat o’rtasida hamkorlik emas, raqobatga olib keladi,"-deydi Berman.
Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining negizida AQSh yoki G’arb ta’sirining oldini olishdek salbiy strategik maqsadlar yotibdi. Ilan Bermanning aytishicha, bu davlatlarning qarama-qarshi manfaatlarga ega bo’lishi Qo’shma Shtatlarga tahdid bo’la oladigan kuchli va uzoq muddatli ittifoqni saqlab qolishga to’sqinlik qiladi.