"Markaziy Osiyoda Amerika mavqei tushib bormoqda"

Yaqinda Markaziy Osiyo safaridan qaytgan vashingtonlik jurnalist Nikolas Shmidl (Nicholas Schmidle) o’z taassurotlari bilan AQSh poytaxtida ko’plarni taajjubga solmoqda.

Uning fikricha, AQSh hukumati qanchalik inkor etmasin, Markaziy Osiyoda buyuk o’yin, ya’ni mintaqada siyosiy kuchga ega bo’lish uchun raqobat hali ham davom etmoqda, ammo endilikda o’yinchilar yangilangan.

Nikolas Shmidl Amerika Ovozi ga bergan intervyusida Markaziy Osiyoda Amerikaning obro’si tobora tushib bormoqda va mintaqa xalqi hech bir yirik davlatga ishonmay qo’ygan, deb xulosa qildi.

"Markaziy Osiyo yoshlari xuddi Amerika yoshlari singari fuqaro huquqlari va fuqaro jamiyati taraqqiyot uchun qanchalik zarur ekanini biladilar. Ammo, markaziy osiyoliklar bu borada ularning imkoniyatlari chegaralanganini ham tushunadilar. Masalan, menga Qirg’izistonda tarjimonlik qilgan bir yigit, men Amerikaga borish uchun hujjat topshirgan edim, ammo mahalliy bir mutasaddiga pora bermaganim uchun, grantni olganim yoki olmaganim haqida bilmayman, dedi. Amerikaliklar mintaqadagi vaziyatni yaxshi tushunib yetmaydilar,"-deydi Shmidl.

Vashington Post (Washington Post) gazetasida chiqqan maqolasida, Shmidl “AQShning harbiy kuchi mintaqaga ayon, ammo Markaziy Osiyoda Amerika qadriyatlari yetishmaydi, deydi. Masalan, qanday?- deya so’raymiz jurnalistdan.

"Rossiyami, Eronmi, Xitoymi yoki AQSh, Markaziy Osiyoda o’z manfaatlari va ta’sir doirasiga ega. Vashington o’z manfaatlariga mintaqada harbiy kuch saqlab, yetishga urinmoqda. Men safarim davomida shunga amin bo’ldimki, AQShning mintaqada qilgan eng katta sarmoyasi bu Qirg’izistonning Manas aerodromida o’z bazasiga ega bo’lgani bo’libdi. Aerodromga qarasangiz, oho, amerikaliklarning shu yerda ekani sezilib turibdi, deydi. Ammo, mamlakat ichkarisida Amerikadan nishon ham yo’q. Amerika ham, raqobat ham yo’q. Rossiya va Eron haqida eshitasiz yoki bilasiz, xolos."

Musulmon dunyosida Amerikaga qarshi tuyg’u tobora kuchayib borayotgani kuzatiladi. Markaziy Osiyoda ham bu kabi munosabat bor, deb o’ylaysizmi?

"Anti-amerikanizmni tushuntirish juda qiyin,"-deydi Shmidl. "Farg’ona vodiysi kabi dindor va konservativ mintaqada Amerikaga nisbatan salbiy fikr mavjud, desak xato bo’lmaydi. Ayniqsa, gap Iroqdagi urush haqida ketganda. Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, hamma narsa rus tilida. Odamlar asosiy yangiliklarni rus matbuotidan oladi. Demak, Amerika haqidagi xabarlar ham Rossiya ta’siri ostida yetib keladi. Masalan, odamlar Manasda turgan AQSh samolyotlari muhitni va xalqni zaharlayapti, deb o’ylashadi. Vaholanki, Rossiya samolyotlari mintaqada 50-60 yildan beri uchib yuribdi. Bu anti-amerikanizmdan emas, balki Rossiyaning ta’sir kuchidan dalolat beradi. Talabalar bilan gaplashganimda ular, amerikaliklarning niyati xolis bo’lsa-da, ularga ishonmaymiz, deyishadi. "

Nikolas Shmidlning fikricha, Markaziy Osiyo xalqlari qudratli mamlakatlarning hech biriga ishonmaydilar. Ammo, bu jurnalistning tanqidchilari, gap ishonchda emas, kimning qancha sarmoya qolib kirayotgani va geosiyosiy omillarda, deyishadi. 10 yildan keyin AQSh mintaqada bo’ladimi yo’qmi, buni bilmaymiz, Ammo, Rossiya va Xitoy joyidan ko’chib ketmaydi, deyishadi ular.

"Mening nazarimda,"-deya javob qiladi Shmidl, "qaysi mamlakat mintaqaning iqtisodiy taraqqiyoti uchun ko’proq hissa qo’shsa, o’sha davlat Markaziy Osiyoda eng katta kuchga ega bo’ladi. Ko’pchilik meni noto’g’ri tushunishi mumkin, ammo mintaqa xalqi menga qo’shiladi. Demokratiya juda chiroyli so’z, ammo gap xalqning ko’nglidan joy olishda. Eron Tojikiston tomon tunnel quryapti. Tojikistonliklar uchun bu juda zarur narsa. Amerika esa Manasda bazaga ega xolos. AQSh xalqaro taraqqiyot uchun qancha pul ajratayotgani va fuqarolik jamiyati uchun nimalar qilayotgani haqida mintaqa yaxshi bilmaydi. Katta loyihalarni, jumladan energetika bobida ishlamagan davlat, mintaqada rol o’ynay olmaydi."

Xo'sh, AQSh hukumati Markaziy Osiyo taraqqiyoti uchun asosan nima qilmog’i lozim?

"Ikki narsa – birinchidan, iqtisodiy sarmoya qilishi kerak,"-deydi Shmidl. "Katta loyihalar boshlasin. Ikkinchidan esa, fuqaro jamiyati qurishda yordam bersin. AQSh hukumati mintaqadagi muxolif kuchlarga yordam bermasa bo’lmaydi. Bilamizki, Qirg’iziston, O’zbekiston va Tojikistonda muxolifat bu islomiy harakatlardir. Bush rahbariyati esa diniy bo’lmagan tomonlarni oqlashini aytadi. Ammo, bu haqiqatdan yuz o’girish bilan barobar. Diniy kuchlar jamiyatda muhim rol o’ynayotgan paytda, ularga yo’q deb bo’lmaydi. O’sha diniy guruhlar bilan ishlamasak, AQSh mintaqada hech qanday ta’sir doiraga ega bo’lolmaydi. Markaziy Osiyoda demokratiya ana shu omillarga bog’liq."