Qo’shma Shtatlarning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati mavzusini davom ettirgan holda, endi e’tiboringizni Qirg’izistonga qaratmoqchimiz. AQSh-Qirg’iziston aloqalari, ayniqsa, prezident Bakiyev Amerikaga harbiy hamkorlikning yangi shartlarini qo’yganidan beri qizg’in bahsu-munozaralarga sabab bolib kelmoqda.
Bishkek-Vashington munosabatlarining bugungi kuniga biroz oydinlik kiritish maqsadida Amerika Ovozi muxbiri Alisher Soipov AQShning Qirg’izistondagi elchisi Mari Yovanovichga murojaat qildi.
Soipov: Qirg’izistonda “mart inqilobi” deya ataluvchi voqea yuz berganiga bir yil bo’ldi. Bugungi vaziyatni qanday baholaysiz?
Yovanovich: Menimcha, bu inqilobdan Qirg’iziston xalqi nima kutayotganiga e’tibor qaratish muhimdir. Fikrimcha, inqilob Qirg’iziston tarixida muhim qadam, muhim voqea sifatida qoldi. O’tgan yili o’tgan prezidentlik saylovlari esa Markaziy Osiyoda hozirgacha o’tgan saylovlar ichida eng yaxshisi bo’ldi. O’ylashimcha, prezident Bakievning saylovoldi dasturi mamlakatni rivojlantirish va islohotlar o’tkazish asosiga qurilgan. Xalq ayni shu istak uchun ovoz berdi. Hammamizga ma’lum, ilohotlar ko’p vaqt talab qiladi.
Hozir, xususan, so’z erkinligi borasida ko’p ijobiy o’zgarishlar borligini bilaman. Yana ta’kidlash kerakki, oddiy odamlar, fuqaroviy jamiyat mamlakat siyosiy hayotidan chetda qolmadilar. Xalq mamlakat siyosati va kelajagini faqat siyosatdonlar qo’liga topshirib qo’ymadi. Fuqaroviy jamiyatning mamlakat siyosiy hayotiga jalb qilinishi kelajakdagi muvaffaqiyatlarning muhim tarkibiy qismidir.
Mening o’ylashimcha, Qirg’iziston xalqi hozir yana-da ko’proq o’zgarishlarni kutmoqda. Bu o’zgarishlar mamlakat siyosatiy-iqtisodiy hayotida aks etishi kerak. Xalq o’tgan yili [prezidentlik saylovlari arafasida] va’da qilingan o’zgarishlarni kutmoqda.
Soipov: Kuzatuvchilar Qirg’izistonda “mart inqilobi”dan keyin Amerikaning mavqei tushib borayotganini aytadilar. Sizning fikringiz?
Yovanovich: Men bu haqda Siz o’zingiz mulohaza qilishingiz kerak deb o’ylayman.
Soipov: Xo’p, masalan, prezident Bakiev “Gansi” aviabazasi uchun ijara haqqini 100 barobar oshirdi. Bunga AQSh qanday munosabatda?
Yovanovich: AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays [Condoleezza Rice] va AQSh Mudofaa vaziri Donal’d Ramsfel’d [Donald Rumsfeld] Qirg’izistonga tashriflari chog’ida AQSh Qirg’izistonda joylashgan aviabaza uchun qo’yilayotgan shartlarni ko’rib chiqishga tayyor ekanini aytgan. Prezident Bakiev ham o’z navbatida Qirg’iziston Afg’onistondagi vaziyat izga tushmaguncha baza uchun joy berishga tayyor ekanini bildirgan.
Sizga ma’lumki, hamkorlik faqat AQSh uchun yoki dunyo uchun emas, balki Qirg’iziston uchun ham muhimdir. Afg’onistonda hukmronlik qilgan yoki o’z vaqtida Qirg’izistonga hujum qilgan kuchlar barchasi bir manbadandir. Shuning uchun bu hamkorlik faqat AQShgagina emas, Qirg’iziston uchun ham foydalidir.
Soipov: Andijon voqealaridan keyin Qirg’izistonga qochib o’tgan, ayni paytda O’sh tergov izolyatorida saqlanayotgan o’zbekistonlik qochqinlar taqdiri, Sizningcha, qanday hal qilinishi kerak? Ma’lumki, Qirg’iziston Oliy Sudi ularga qochqinlik maqomi berishni rad etdi va qochqinlar ularni jinoyat sodir etishda ayblayotgan O’zbekiston rasmiylariga topshirilishlari kerak…
Yovanovich: Qirg’iziston birinchi navbatda BMT “Qochqinlar to’g’risida” konventsiyasini imzolagan davlat sifatida o’z majburiyatlari doirasida harakat qilishi kerak. Bundan tashqari “Qiynoqlar to’g’risida” konventsiya bor. Bu konventsiyada hech qaysi davlat fuqarolarni qiynoqlar qo’llaniladigan davlatga topshirmasligi kerakligi to’g’risida yozilgan. Men Qirg’iziston ikki konventsiyani imzolagan davlat sifatida bu qochqinlarni mamlakat hududida qoldirishi kerak deb o’ylayman.
Qirg’iziston hukumati va prezident Bakiev o’tgan yili 450 ka yaqin qochqinni BMT QiBOK himoyasiga topshirgani juda jasoratli qarordir. Biz Qirg’izistonga muayyan siyosiy bosim o’tkazilayotganini tushunamiz. Lekin biz baribir Qirg’iziston hukumatini to’g’ri qaror qabul qilishga chaqiramiz.