O'zbekistonda bolalar adabiyotiga e'tibor pasaygan

Bolaning kelajakda qanday inson bo’lib yetishishi uning atrofidagi muhit va kattalar munosabatiga bog’liqdir. Bundan tashqari bolalar tarbiyasida badiiy adabiyotning o’rni ham beqiyos.

O’zbekistondagi ba’zi mutaxassislar fikricha, bolalar adabiyotida saviyasiz asarlarning ko’paygani, badiiy adabiyot namunalarining latin alifbosida yetarli emasligi muammolar keltirib chiqarmoqda. Bolalar yozuvchilariga e’tiborning ortishi, badiiy adabiyotga sportga bo’lgandek munosabat shakllanishi esa bolalar adabiyoti rivojidagi omillar ekani urg’ulanadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, bugun O’zbekistonda voyaga yetmagan bolalar aholining yarmidan ko’prog’ini tashkil etadi. Ba’zi mutaxassislar fikricha, bolalarni ma’nan va ruhan barkamol etib voyaga yetkazish uchun bolalar badiiy adabiyotiga katta e’tibor qaratish lozim. Biroq keyingi paytda respublikada bolalar adabiyotiga munosabat qoniqarli emasligi qayd etiladi. O’zbekiston xalq shoiri Omon Matchon shunday deydi:

“Nevaram kabinetimga kirsa, kitob javonlariga qaraydi, Robinzon Kruzo ham, baron Myunxauzen ham, Tven ham, Jyul Vern ham – hammasi kiril alifbosida turibdi. Yuzlab, minglab kitoblarga u qarab, angrayib turibdi. Va meni vahima bosadiki, qachon bu kitoblarni biz bunga endi latin alifbosiga hech bo’lmasa tanlab-tanlab ko’chirib bera olamiz buni. Davlat miqyosida bu juda qattiq yo’naltirilgan dastur asosida olib borilishi kerak bo’lgan ish”, - deydi Omon Matchon.

Ayni paytda O’zbek bolalar shoirlari barmoq bilan sanoqli ekanini urg’ularkan, mustaqillik davri bolalar she’riyati o’ziga xos tarzda yangilanayotganini aytadi bolalar shoirasi Kavsar Turdiyeva. Biroq so’nggi yillarda saviyasiz asarlarning ko’payayotgani ham bolalar adabiyotining muammosiga aylanmoqda, deydi u.

“Mustaqillik davrida bir yangilik sifatida bolalar adabiyotiga milliy ruhga yo’g’rilgan asarlarning paydo bo’lishi, siyosiy lirikaning kirib kelishi bo’ldi. Yangi va o’ziga xos oqimlar ham olib kirdi. Bolalar uchun bir necha she’r yozib, homiy topib saviyasiz kitob chiqargan muallif nechta bolani mutoaladan bezdirishi aniq. Shu jihatlarga menimcha judayam e’tibor berish kerak. Qanaqadir bir tashkilot bo’lishi kerak-da bizda, saviyasiz asarlarga barham beruvchimi, shuni nashrga yo’l qo’ydirmovchimi” - deydi bolalar shoirasi Kavsar Turdiyeva.

XX asrda O’zbek bolalar adabiyotining Quddus Muhammadiy, Xudoyberdi To’xtaboyev, Zafar Diyor kabi namoyandalari bo’lgan. Hozirgi kun bolalar adabiyoti meni qoniqtirmaydi, deydi adabiyotshunos olim Abdug’afur Rasulov. Unga ko’ra, bugun bolalar adabiyotiga sportga qaraganda ko’proq e’tibor lozimligi sezilayotir.

“Bolalarimiz jahon bo’yicha sportdan katta yutuqlarga erishishyapti. Lekin adabiyotni bilishda, ma’naviyatni bilishda bularning ahvoli qanday? Biz bir maktabga Xudoyberdi To’xtaboyev bilan bordik. Xudoyberdi To’xtaboyevni hamma maktab bolalari yaxshi bilishi kerak. Vaholanki, o’sha maktabda Xudoyberdi To’xtaboyevni hech kim tanimadi. Chunki uning asarlari lotin yozuvida chop etilmagan edi. Biz bolalar adabiyotini rivojlantirish uchun bir qancha ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Birinchidan, bolalar shoirlariga, yozuvchilariga e’tiborni kuchayritishimiz kerak. Oliy o’quv yurtlarida bolalar adabiyoti kafedrasini tuzish kerak. Va bu yerda bolalar adabiyoti ahvolini jiddiy o’qitish va bu masalada ilmiy ishlar olib borish kerak”, deb hisoblaydi Abdug’afur Rasulov.

O’zbekistonda bolalar uchun yaratilayotgan asarlarni latin alifbosida chop etish ishi qoniqarsiz, deb hisoblashadi ayrim mutaxassislar. Bu hol bolalarning jahon va o’zbek mumtoz hamda zamonaviy adabiyotdan bebahra o’tishayotganiga sabab bo’layotgani aytiladi.