AQSh inson huquqlari va demokratiya bo'yicha yangi hisobot chiqardi

AQSh Davlat departamenti jahon bo’ylab inson huquqlari va demokratiyani olg’a surish bo’yicha qilingan ishlarni qamragan yillik hisobotini chop etdi. Biroq AQShning yangi federal byudjetida bu kabi ishlarga xarajatlar kamaytirilgan.

Qatorasiga to’rtinchi yil bor chop etilayotgan ushbu hisobotda demokratiya va inson huquqlari bobida jahon bo’ylab 95 mamlakatda ijobiy natijalarga erishilgani haqida gapiriladi. AQSh Davlat kotibining inson huquqlari, demokratiya va mehnat masalalari bilan shug’ullanuvchi o’rinbosari Berri Lonkronga ko’ra, bu Qo’shma Shtatlarning harakatlari mahsulidir.

"Qo’shma Shtatlar inson huquqlari va demokratik harakatlarni qo’llab-quvvatlashda muhim rol o’ynadi," - dedi janob Lonkron. "Mamlakat hukumatlari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari va vakillari bilan bo’lgan muloqotlarimiz orqali xalqaro inson huquqlari andozalarini himoya qilishga va demokratik tamoyillarni olg’a surishga muvaffaq bo’ldik."

Hisobotda O'zbekistonga ham urg'u berilgan. Unda respublikadagi ahvol 2005 yilda yanada yomonlashgan deya baho berilgan. Andijon voqealaridan so’ng demokratiya va inson huquqlari yo’nalishida ish olib borish AQSh uchun mushkullashgani qayd etiladi. O’zbekiston hukumati tomonidan qo’yilgan turli g’ov va to’siqlarga qaramay, deyiladi hisobotda, Qo’shma Shtatlar ta’lim va boshqa sohalardagi dasturlarni davom ettirish uchun hukumat bilan muloqotini to’xtatmadi.

Hukumatning muxolif tashkilotlarga nisbatan tazyiqiga qaramasdan, Qo’shma Shtatlar tomonidan moliyalangan tashkilotlar hukumat va muxolifatdagi siyosiy guruhlarga matbuot bilan ishlash va siyosiy partiyalar platformalarini takomillashtirish kabi masalalar bo’yicha o’z maslahatlarini berib turdilar. Hisobot AQSh ning O’zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan dastur va harakatlari haqida ham ma’lumot beradi.

AQSh Davlat departamenti har yili inson huquqlari va demokratiyani olg’a surish bo’yicha ko’p mehnat qilgan va erishilgan muvaffaqiyatlarga ulkan hissa qo’shgan AQSh diplomatlarini alohida tilga oladi va ularni maxsus sovrin bilan taqdirlaydi. O’tgan yili bunday sovringa AQSh ning O’zbekistondagi elchixonasida inson huquqlari masalalari bilan shug’ullanuvchi diplomatlaridan biri sazovor bo’lgan edi.

Bu yili 10 dan ziyod amerikalik diplomatga shunday sovrin berildi. Jumladan, Markaziy Osiyoda faoliyat ko’rsatayotgan diplomat Jennifer Kroftga ham. AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligining Qirg’izistondagi mutaxassisi Jennifer Kroftning Qirg’iziston avtokratik rahbarining chetlashtirilishiga va Markaziy Osiyo tarixida ilk bor demokratik saylovlarning o’tkazilishiga olib kelgan keskin o’zgarishlardagi alohida roli uning maxsus sovrinni qo’lga kiritishiga sabab bo’ldi.