Qirg’iziston rasmiylari dunyo bo’ylab qashshoqlikka qarshi kurashuvchi va kambag’al davlatlarga qarz beruvchi Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg’rmasining qarzi og’ir mamlakatlarga yordam berish dasturi bilan tanishib chiqmoqda.
Qirg’iziston mazkur dasturga kirgan taqdirda, tashqi qarzning yarmidan qutuladi. Ammo Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi bu dasturga qo’shilishi, mamlakatni Latin Amerikasi va Afrikadagi qashshoq davlatlar kabi bahonlanishi, natijada xalqaro hamjamiyat nazarida Qirg’izistonning obro’siga putur yetishi mumkinligidan xavotirda.
Qirg’iziston Moliya va iqtisod vaziri Aqilbek Japarovning aytishicha, “HIPC”, ya’ni qarzi og’ir mamlakatlar dasturiga kirish tashabbusi mamlakat prezidenti Qurmanbek Bakiyevdan chiqqan. Prezidentga ko’ra, agar qarz kechiladigan bo’lsa, or-nomusni yig’ishtirib qo’yib, dasturga kirish lozim. Ayni paytda iqtisodchilar bu dasturga a’zo davlatlar uchun qo’yilajak shartlarni o’rganmoqdalar.
“O’tgan yili prezidentimiz qaysi dastur bilan bo’lmasin, hamkorlik qilish kerak, men prezident bo’lib turarkanman, hukumatning kafolati asosida chetdan kredit olmaymiz”, -deya ta’kidlagan. Moliya va iqtisod vaziri Aqilbek Japarovga ko’ra esa, agar qarzlardan qutulmasa, mamlakat iqtisodiyotga sarmoya olib kiritish mushkul bo’ladi.
Vazir ta’biricha, “HIPC” dasturi to’la o’rganilgandan keyin, bu dasturga kirish masalasi jamoatchilik va parlament bilan muhokama qilinadi.
AQShning Qirg’izistondagi elchisi Mari Yovanovich 17 aprel kuni Bishkekda jurnalistlarga bergan intervyusida Qirg’iziston ulkan miqdorda qarzi bor qashshoq davlat ekanini, “HIPC” dasturiga kirish orqali qarzlardan qutulish mumkinligini ma’lum qilgan edi.
18 aprel kuni, Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi, AQSh elchisi Mari Yovanovichning “Qirg’iziston HIPC dasturiga kirish imkoniyatidan foydalanmasligi mumkin emas” qabilidagi bayonotiga nisbatan e’tiroz bildirdi va chet el diplomatlarini mamlakat ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi.
Ba’zi iqtisodchilar Xalqaro valyuta jamg’armasi, Jahon banki, AQShning moliyaviy institutlari qashshoq davlatlarga go’yoki yordam berish bahonasida iqtisodiy jihatdan qaram qilib olishlari mumkin. Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi “HIPC” dasturining Qirg’izistonga foydasidan ko’ra zarari ko’proq ekani, mamlakat siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini yo’qotishi mumkinligi to’g’risida prezident Bakiyevga ma’lum qilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, HIPC dasturiga kirgan 38 qashshoq davlatlarning 95 foizi Afrikadandir.