Rasmiy manbalarga ko’ra, energiya taqchilligi Tojikiston aholisini og’ir ahvolga solmoqda. Tojikiston hukumatining 2010 yilgacha mo’ljallangan strategik rejasida jumhuriyatning energetik mustaqillikka erishishi ko’zda tutilgan.
Tojikiston ommaviy axborot vositalari keyingi paytlarda respublikaga serqatnov bo’lib qolgan Rossiyaning yirik korxonalari rahbarlari Anatoliy Chubays va Aleksey Miller kabi ishbilarmonlarning safarlarini keng yoritishmoqda. Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, rus korchalonlarini bu yerga daromad olish emas, balki siyosiy ta’sir o’tkazish istiqboli yetaklamoqda.
Tojikiston eng arzon va ekologik toza elektr energiyasi zahiralari bo’yicha dunyoda yetakchi o’rinlardan birida turadi. Hukumat respublika energetik mustaqilligini ta’minlovchi Rogun va Sangto’da-1 gidroelektro stansiyalari qurilishini Rossiyaga topshirmoqda. 220 megavatt quvvatga ega Sangto’da-2 GESining qurilishini esa shu yil fevralida eronliklar boshlab yuborishdi. Eron qurilishni 2009 yil kuzida yakunlamoqchi.
Hozircha Tojikiston elektr energiyasi va gaz ta’minotida O’zbekistonga qaramligicha qolmoqda. O’tgan yilning oktyabr oyidan shu yil may oyigacha Tojikiston aholisi sovuq kunlarni qorong’ulikda o’tkazdi.
Sobiq mexanik-operator Akbarali Isomiddinov bunday sharoit ko’pchilikka og’ir ta’sir qilayotganini ta’kidlar ekan “kechalari juda qiynalamiz, qo’ltiqtayoq bilan eshikka zo’rg’a chiqamiz, 50 diramga olingan sham bir kechaga yetmaydi,” deb dardini to’kadi.
Muhandis Toshpo’lat Jamolov esa sharoit tangligini izohlar ekan, “ko’zi bemorlarga belgilangan operatsiya jarrohlik xonasida chiroqning yo’qligi sabab qoldiriladi, kuniga 1,5, ba’zida esa bir soatgagina chiroq berishadi”, deydi.
“Lampachiroq yoqish uchun bir litr kerosinni 4 somonga (Tojikiston pul birligi) olib yoqdik. Yeyishimga qilaymi, ichishimga qilaymi, yo kerosin olib chiroq yoqishimga qilaymi?” deb sharoit og’irligini tasvirlaydi Toshpo’lat Jamolov.
Hukumat tojikistonliklarni yaqin kelajakda amalga oshiriladigan loyihalar bilan tinchlantirishga harakat qilmoqda. Ammo Rossiyaga ishonilayotgan Rogun GESi to’g’oni masalasi bo’yicha haligacha kelishuv yo’qdek ko’rinadi.
Toshpo’lat akaning aytishicha, respublika prezidenti qabul qilgan qaror va loyihalar amalga oshishi boshqa odamlarga ham bog’liqdir.
“Qurilishga juda ko’p texnika kerak bo’ladi, ularni topib keltirish va ishlatishni o’zi bo’lmaydi,” - deydi Toshpo’lat Jamolov.
“Barqi Tojik” davlat hissadorlik shirkati So’g’d viloyat energetiklari guruhi rahbari Inomjon Sanginovning aytishicha, “17 apreldan so’ng elektr ta’minotidagi cheklovni ko’tarmoqchi edilar, ammo havo sovuq kelib Norak suv omborida suv sathi juda pasayib ketdi. Suv masalasi to’rt respublika hukumati nazoratida turibdi. Bu masalada davlatlararo kelishuvlar mavjud.”
Muhandis Toshpo’lat Jamolov esa nima bo’lganda ham muammo yechimida xorij investorlariga umid qilishini aytadi va ko’poq Rossiyaga ishonishini ta’kidlaydi.
O’tgan yili Tojikiston shimolida yashovchi aholi umid qilgan va sakkiz million dollar mablag’ sarflanib Qirg’izistonning Botkent viloyatidan tortilgan muqobil elektr tarmog’i kutilgan natijani bermagan. Inomjon Sanginovga ko’ra, uch yil muqaddam qo’shni respublika rahbariyati Prezident Rahmonovga telegramma yo’llab “bizning elektr energiyamizga umid qilmanglar” deb ogohlantirishgan edi.
“Biz majbur shunda yo’l tutdik. Qirg’izistondan muqobil liniya tortmaganimizda ko’p ishlardan qolib ketardik. Bu masalada uzoqni o’ylamaganlar xato qiladi”, - deydi Inomjon Sanginov.
Shunday bo’lsada oddiy kishilar elektr energiyasi ta’minotida ham amaldoru puldorlarning egari ot ustidaligini ta’kidlashadi. Ularga ko’ra, doim yonib turuvchi elektr tarmoqlarini amaldorlaru-puldorlar o’z xonalariga alohida o’tkazib olishgan, qolganlar esa zimistonda yashashga majbur.