O'zbekistonda G'arb axborot vositalari buzg'unchilikda ayblanmoqda

O`zbekiston matbuoti AQShni, xorijiy nohukumat tashkilotlari va axborot vositalarini mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotgan kuchlar sifatida ta’riflashda davom etmoqda.

Matbuotda AQSh siyosatining O`zbekistonda beqarorlik keltirib chiqarishga asoslangani, bunga xorijiy ommaviy axborot vositalari ko`mak ko`rsatayotgani haqida izchil targ`ibot ketmoqda.

Bir necha rasmiy nashrlarda bosilgan “Oqni qora, qorani oq deyish narsalarni o`z nomi bilan atashdir” maqolasi muallifi Salim Ashurga ko`ra, “Bevosita G'arbdagi siyosiy markazlar tomonidan moliyalashtirilayotgan axborot vositalarining qip-qizil yolg`onlarni ochiqdan-ochiq tarqatishdan maqsadlari jamiyatda tushkunlik kayfiyatini uyg`otish, odamlarning qo`lini mehnatdan sovutish ertangi kunga ishonchsizlik paydo qilishdan iborat”.

Muallifga ko`ra, “Ozodlik”, “Bi-Bi-Si”, “Nemis To`lqini” va “Amerika Ovozi” kabi radiostansiyalr O`zbekiston davlatiga qarshi axborot tahdidi ruhidagi maqola va sharhlar tarqatishda bir-biridan qolishmayapti”, ularda “kurakda turmaydiga bo`htonlar qayta-qayta takrorlanadi, bir yoqlama sharhlanadi”.

Mahalliy kuztuvchilardan biri Baxtiyor Isabek nazarida Andijon voqealari xorijiy va mahalliy axborot vositalarining faoliyatiga aniq baho beradi:

"Xorijiy axborot vositalari hukumat xalqni qirganligini aytish bilan hech narsaga ega bo`lmasdi, men shuni aniq bilaman. Ularda ko`pchilikni zulm ostidan chiqishidagi istak, istakdan ham ko`ra ular ko`proq axborot berdi, yani shunday bo`layapti deb. Bularni baholash, bu to`gri, noto`gri degan narsalar keyin kelib chiqdi. O`zbekistondagilar buni hisobga olmayapti, hukumatga xushomad qilayotgan jurnalistlar bu haqda o`ylab ko`rayotgani ham yo`q", - deydi Baxtiyor Isabek.

Bir necha yillar avval O`zbekistonning tashqi dunyodagi eng yaqin hamkori bo`lgan AQSh Andijon fojealaridan so`ng O`zbekiston hukumatiga voqealarni mustaqil tergov qilish talabini qo’ygach, tashqi dunyodagi birinch raqibga aylandi.

O`zbekistonda faoliyat yuritgan AQSh nohukumat tashkilotlari faoliyati tugatildi. Bu tashkilotlar mahalliy matbuot va rasmiy doiralarda O`zbekistondagi vaziyatni izdan chiqarish uchun faoliyat yuritganlikda ayblana boshlandi.

“Demokratiya, inson huquqlari deya bong urayotgan buzg’unchi kuchlarning aslida qanday maqsad ko`zlayotgani ma`lum…”, “Amerika siyosatining tarkibiy qismi bo`lgan rejim almashtirtishda nodavlat tashkilotlar AQSh siyosati uchun juda katta vazifani hal qilib berayapti, Qo`shma shtatlarning qay bir hududda manfaati bo`lsa, o`sha yerda darrov inson huquqlari va demokratiya g`oyalari oldinga suriladi”, - deb yozadi “XX1 asr” gazetasi jurnalisti Sherzod Eraliyev.

Yaqinda O`zbekiston hukumati tarkibidagi rasmiy partiya vakillari “Demokratiya eksporti, uning oqibatlari” mavzusida seminar o`tkazgan. Unda rasmiy partiyadan qatnashgan vakillar demokratiyani eksport qiluvchi kuchlar Markaziy Osiyoda vaziyatni beqarorlashtirishni maqsad etganini e`tirof etgan.

Baxtiyor Isabekning bu boradagi mulohazalariga ko`ra, hozirgi harakatlar hukumat tomonidan diktatorligini oqlash, o`z xalqini o`zi qirg`in qilganligini oqlash uchun sovet davridan qolgan siyosat.

“Hukumatdagilar boshqacha siyosat tutishni bilishmaydi, qabul qila olishmaydi. Xalqni ezib ushlab turish kerak. Bularning nazarida doim hukumat haq bo`lishi kerak, chunki unda hokimyat bor. Umuman, zulm o`tkazilishiga ommaviy axborot vositalarigina emas, dunyo hukumatlari ham faqat xo`p deb qarab turishi kerak. Chunki, bularning nazarida O`zbekiston ularning shaxsiy mulkidir”, - ta`kidlaydi Baxtiyor Isabek.

Mahalliy matbuotda Rossiyaning tashqi siyosatdagi faoliyatini ta’riflovchi maqolalarga ham keng o`rin berilmoqda, jumladan bu maqolalarda “Rossiyaning xalqaro maydonda o`z manfaatlarini ko`zlab siyosat yurita boshlagani Vashngtonni cho`chitib qoyayotganiga” ahamiyat qaratiladi.

O`zbekiston tashqi siyosatidagi bu keskin o`zgarishlar avval AQSh bilan aloqalar o`rnatishda faoliyat ko`rsatgan rasmiylarni jinoiy javobgarlikka tortishgacha borayotgani haqida mal`umotlar bor.

Www.fergana.ru mustaqil axborot sayti ma`lumotiga ko`ra, sobiq mudofaa vaziri Qodir G`ulomovga qarshi jinoiy ish ochilishiga uning AQSh rasmiylari bilan yaqin aloqasi ham sabab bo`lgan.

O`zbekiston Demokratik Tashabbuslar Markazi direktori Iskandar Xudoyberganov fikricha, xalqaro tashkilotlarga qarshi bosimlar demokratik islohotlar, inson huquqlari va so`z erkinligini va’da qilgan O`zbekiston hukumatining ularni endi ochiq tarzda inkor etayotganidan dalolatdir.