Moskva prokuraturasi, shaharda tojikistonlik talabalarga qilingan hujum yuzasidan tergov ishi boshladi. Matbuotda Tojikiston fuqarolarining militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangani haqida ma’lumotlar tarqalgach, tergov boshlashga qaror qilindi, deya bildiradi shahar prokuraturasi.
Mahalliy matbuotga ko’ra, 7 iyun kuni bir necha militsiya xodimlari yotoqxonaga bostirib kirib, tojikistonlik talabalarni kaltaklagan, pul va qimmatbaho buyumlarini olib qo’yib, voqea haqida sukut saqlashni buyurgan.
Voqeada besh nafar militsiya xodimi qatnashgan, ammo ularning ismlari tergov yuzasidan oshkor etilmayapti. Avvaliga Moskva militsiyasi voqeaga xodimlarining aloqasi yo’qligini qayd etgan edi.
Keyinchalik esa, Moskva militsiyasi boshlig’i jabr ko’rgan talabalarni ko’rish uchun kasalxonaga kelib, bu ishda aloqasi bor xodimlarini ishdan bo’shatishini va olib qo’yilgan buyumlar qaytarilishini aytib o’tgan.