Britaniyaning O`zbekistondagi elchixonasi O`zbekiston fuqarolariga viza berish amaliyotini qayta tiklamaqda. Bir yil avval to’xtatilgan bu amaliyot O`zbekistonliklar uchun hozirgacha Qozog’istondagi konsullik xizmati orqali amalga oshirib kelinardi.
Britaniyaning O`zbekistondagi elchisi Devid Moran ma`lumot berishicha, O`zbekiston fuqarolariga viza berish tartibi 7 avgustdan boshlab yangi tizimda ishga tushadi.
Bu tizim pochta va kuryerlik xizmatlari orqali amalga oshadi va O`zbekiston fuqarolarining Britaniyaga viza olish uchun elchixonaga kelishlariga hojat qolmaydi.
Zarur hujjatlarni elchixonaga yetkazish va qayta olish faqat “TNT” kuryerlik kompaniyasi orqali amalga oshiriladi. Hujjatlarning elchixonagacha etkazilishiga qadar bo`lgan xavfsizlik mas`uliyatlari “TNT” kompaniyasiga yuklatilgan. Buning uchun ariza beruvchilarning “TNT” kompaniyasiga qo`ng`iroq qilishlari kifoya bo`ladi. Kompaniyaning kuryerlik xizmat haqi arizachi tomonidan to`lanadi.
Britaniya elchixonasining Toshkentda vizalar berishni bekor qilish tartibi bir yillar avval elchixona yonidagi himoya devorlari olib tashlangach joriy qilingan edi.
Shundan so`ng o`zbekistonliklarning Britaniyaga borish uchun konsullik xizmatiga murojaatlari keskin qisqargan. Shu yil mobaynida Britaniya konsulligiga o`zbekistonliklardan 199 ariza berilgan va ularning 190 dan ziyodi qanoatlantirilgan.
Konsullik bo`limining Toshkentdagi faoliyati davomida arizalar soni bir necha barobariga ko`p bo`lgan.