25 iyul, seshanba. Isroil armiyasi Livan chegarasidagi Bint Jbayl shaharchasida Hizbulloh jangarilariga qarshi jang olib bordi. Hizbulloh esa yana Isroilning Hayfa shahrini o’qqa tutgan. To’qnashuvlarda Isroilning ikki askari halok bo’lgani, 13 nafarining jarohat olgani haqida xabarlar bor. AQSh Davlat Kotibasi Kondoliza Rays esa Isroilda, Falastin va Isroil rahbarlari bilan Yaqin Sharq mojarosini muhokama qilmoqda.
Kecha, 24 iyulda Beyrutda Livan rasmiylari bilan uchrashgan Kondoliza Rays, AQSh Livanga yordam berishga tayyor, dedi. Unga ko’ra insonparvarlik yordami tariqasida rasmiy Vashington 30 million dollar ajratadi. Shunday bo’lsada Rays sulhga kelish qurollangan jangarilarni zo’ravonliklardan to’xtatmaydi deya, Isroilni hujumlarni to’xtatishga chaqirmasligini aytgan:
“Tajribamiz shuni ko’rsatadiki, shoshilinch qarorlar natija bermaydi. Biz har ikki tomondagi vaziyatni o’rganib, shunga qarab aniq natija beradigan qarorlar qabul qilishimiz lozim”, -deydi Davlat Kotibasi.
Oq Uy so’zlovchisi Toni Snov, insonparvarlik yordami Livanga ertaga, 26 iyul kuni vertolyotlarda yetkaziladi, deya ma’lum qilgan. Xalqaro hamjamiyat, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Livanni gumanitar inqirozdan olib chiqish uchun 150 million dollar beramiz, demoqda. Biroq yordam berish ishlari ancha qiyin kechadi deydi, BMTning insonparvarlik missiyasi vakili Margaret Volstrom:
“Mojaro sababchilari bo’lgan har ikki tomon ham xalqaro insonparvarlik qonunlarini buzyapti. Tinch aholi ikki o’t orasida halok bo’lmoqda. Barcha infratuzlmalarning yakson qilingani yordam yetkazishimizga to’sqinlik qilmoqda”, -deydi BMT vakilasi Margaret Volstrom.
Enga katta muammo, deydi Volstrom honim, uyi vayron bo’lib, ko’chada qolganlarga xavfsiz boshpana topish.
AQSh Davlat kotibi Rays 25 iyul kuni Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert bilan uchrashdi. Raysni Quddusda qabul qilar ekan, Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert Hizbullohga qarshi hujumlarni to’xtatmaslikni aytdi:
“Hizbullohga qarshi kurashimiz to’xtamaydi. Biz ularni qurolsizlantiramiz. Va kerak bo’lsa, bu yo’lda eng keskin choralarni ko’rishga ham tayyormiz”, -dedi Isroil Bosh vaziri Olmert.
Davlat kotibasi Rays esa, tinchlik o’rnatilishi uchun Hizbulloh Livan janubini tark etishi shart, dedi:
“Isroil, Falastin hamda Livan xalqlari uzoq davrdan beri zo’ravonlik va qo’rquv ostida yashamoqda. Uzoq muddatni ko’zlab qabul qilingan qarorlar jabr ko’rgan xalqlar uchu tinchlik va ozodlik garovidir”, -dedi Kondoliza Rays.
Isroil hukumati Hizbullohni yo’q qilish uchun har qanday xalqaro tinchlikparvar kuchlarning yordamini qabul qilishini aytgan.
Ertaga, 26 iyul kuni Italiya poytaxti Rimda, Yevropa, Rossiya, ayrim arab mamlakatlari hamda Turkiya ishtirokida Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatishga bag’ishlangan anjuman o’tishi rejalanmoqda. Jahon Banki hamda BMT vakillarining ham kelishi kutilayotgan yig’ilish kun tartibida, Isroil va Livanni sulhga chaqirish, insonparvarlik yordami uchun xavfsiz yo’lak barpo etish, hamda xalqaro kuchlarni Isroil-Livan chegarasiga yuborib xavfsizlikni ta’minlash masalalari qo’yilmoqda.
Kondoliza shuningdek Rays Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan ham uchrashdi. “Biz mintaqada barqaror tinchlikni o’rnatishimiz zarur. Bu oson ish emas”, dedi Rays, Falastin rahbari bilan o’tgan matbuot anjumanida.
Falastin rahbari Mahmud Abbos esa Isroilni zudlikda hujumlarni to’xtatishga chaqirgan.