Musulmon va g'arb dunyosi orasida adovat kuchaymoqda

Mutaxasisslarga ko’ra, Livanda zo’ravonliklar kuchayib borar ekan, musulmon dunyosi va g’arb orasidagi g’araz ham kuchaymoqda. Musulmonlarning ayniqsa AQShga nisbatan kayfiyati salbiylashmoqda.

Tahlillar shuni ko’rsatmoqdaki, G’arb va musulmon dunyolari orasida bugun o’ziga xos taranglik mavjud. Kelishmovchiliklar yana eski gap, kim bunda aybdor mavzusi ustida qizib bormoqda. Musulmonlar va G’arb orasidagi munosabatlarni o’rganish maqsadida yaqinda Yevropa, Arab davlatlari hamda AQShda so’rov o’tkazildi.

Poytaxt Vashingtonda joylashgan Pyu Tadqiqotlar markazi direktori Endryu Koxut uning natijalariga to’xtalib o’tadi.

“G’arbliklar musulmonlarni aqidaparast, zo’ravon va toqatsiz deb biladi. Musulmonlar nazarida esa g’arb odami, madaniyatsiz, xudbin va shuningdek zo’ravon. Xullas Musulmon hamda G’arb dunyosi bir birini ayblash bilan band”, - deydi janob Koxut.

So’rov shuni ko’rsatadi-ki, ayni damda eng katta bo’linish musulmon dunyosi hamda AQSh orasida. Musulmon davlatlari, jumladan Turkiya, Misr, Iordaniya, Indoneziya, Nigeriya va Pokistonda amerikaliklarga munosabat salbiy.

AQSh obro’si hatto o’ziga do’st deb bilgan mamlakatlarda ham tushib bormoqda. Masalan, Turkiyada so’ralgan musulmonlarning 12 foizigina AQSh haqida ijobiy fikr bildirgan. Iordaniyada esa bu ko’rsatkich 15 foizni tashkil etadi.

Pyu tashkiloti so’rovlariga ko’ra, ko’pchilik musulmonlar AQShning terrorga qarshi urush boshlash dalillariga hech qachon ishonmagan. AQSh terror bahonasida, o’zini himoya qilish bahonasida musulmon dinyosini yemirishni maqsad qilgan, deydi so’ralganlarning aksariyati.

AQShning Delaver Universitetida siyosatshunos Muqtadar Xon fikricha, AQSh ko’pincha boshqalarni o’ylamay ish tutadi.

“Boshqalarda qo’rquv uyg’otish orqali o’zimizni xavfsiz his eta olmaymiz axir. Buni tushunish kerak. Global dunyoda yashamoqdamiz. AQSh barchaning, jumladan musulmon davlatlari manfaatidan kelib chiqib ish ko’rishi juda muhim”, - deydi professor Xon.

Vashingtonda joylashgan REND siyosiy tahlil instituti rahbari, aksil-terrorizm bo’yicha mutaxassis Bryus Xoffman nazarida, noto’g’ri tasavvurlar ham o’zaro ziddiyat sabablaridan biridir.

“Menimcha, AQShda Yaqin Sharq va musulmon dunyosi haqidagi tasavvurlar chuqur bilimga emas, ko’proq taxmin-farazlarga asoslangan. Bu mamlakatlar xalqlarini yaxshi tushunmaymiz, ziddiyatga barham berish uchun kimga murojaat qilishni bilmaymiz; aksincha yaqin o’tgan yillarda ulardan begonalashdik”, - deydi olim Xoffman.

Professor Xonning aytishicha esa, Yaqin Sharqda qizib borayotgan zo’ravonlik musulmonlar orasida G’arb ularga qarshi urush olib bormoqda degan qarashni kuchaytirmoqda. Mintaqada mo’tadil qarashlar yo’qolib, ektremizm kuchaymoqda, deydi olim.

Muammo kalitlaridan biri uzoq davom etayotgan Isroil-Falastin mojarosiga yakun yasash, deyishadi bir qator mutaxassislar.

“Isroil-Falastin mojarosi yechimida oz bo’lsada siljish kuzatilsa, umid qilsa bo’lardi. Ijobiy natija kutsa bo’lardi. Kamida AQSh mintaqada zulmkor emas, tinchlik elchisi deb tanilsa, shuning o’zi vaziyatni ancha yumshatgan bo’lar edi”, - deydi AQSh Tinchlik instituti xodimasi Mona Yoqubian.

Olimlar ta’biricha, AQSh va musulmon dunyosi orasidagi munosabatlarni yaxshilash uchun Qo’shma Shtatlar o’z tashqi siyosatining musulmon dunyosiga ta’sirini qayta ko’rib chiqmog’i lozim.

O’z navbatida, musulmon dunyosi ham Islom zo’ravonlikni targ’ib qiladi degan da’volarga munosib javob berishi zarur.