Livan janubida og’ir janglar kechayotganiga qaramay, Isroil rasmiylariga ko’ra, ular sulhga diplomatik yo’llar bilan erishishga imkoniyat berish uchun o’zlarining asosiy kuchlarini hali harakatga solmaganlar. Amerika ovozi muxbiri Jim Tiplning xabar qilishicha, kecha Isroil piyoda askarlari Marjayun shahrini egallaganlar.
Livan janubida Isroil va Hizbulloh kuchlari o’rtasidagi janglar davom etmoqda. Hizbullohga ko’ra, shu paytgacha Isroilning qator tanklari yo’q qilingan.
Chorshanba kuni Isroil Vazirlar Mahkamasi qo’shinlarning chegaradan 20 kilometr ichkarida joylashgan Litani daryosi tomon kirishiga buyruq bergan edi.
Biroq Tashqi ishlar vaziri Tsipi Livnining aytishicha, BMT diplomatlariga sulhga erishishga imkoniyat berish maqsadida asosiy kuchlar jangga hali kiritilmagan.
Qo’shma Shtatlar Livandagi harbiy harakatlarni to’xtatishga qaratilgan Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bo’yicha hanuz Fransiya bilan kelisha olmayotganini tan olmoqda. Rasmiy Vashington nazarida, Livan janubidan Isroil kuchlarini olib chiqish bilan bir vaqtda u yerga xalqaro kuchlarni kiritish kerak.
Fransiya va AQSh tomonidan o’tgan hafta so’nggida tayyorlangan rezolyutsiya loyihasi Livan va boshqa arab davlatlari tomonidan qarshilanmagan, chunki unda Isroil kuchlarini Livan janubidan chiqarish haqida hech narsa deyilmagan.
AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormakning aytishicha, Isroil qo’shinlari Livanni tark etgandan so’ng, u yerda bo’shliq hosil bo’lmasligi lozim va shuning uchun bir vaqtning o’zida u yerga xalqaro kuchlarni kiritish kerak toki Hizbulloh yangi mojaroni keltirib chiqarmasin.
Rezolyutsiya loyihasini barchaga xush bo’ladigan holatga keltirish uchun muzokaralar davom etmoqda.