Qirg'iziston janubida yana ikki andijonlik qochqin yo'qolib qolgan

Qirg’iziston janubida yana ikki andijonlik qochqin yo’qolib qolgan. Xalqaro tashkilotlarga ko’ra, qochqinlar Qirg’iziston maxsus xizmatlari yordamida o’zbekistonlik hamkasblari tomonidan o’g’irlangan bo’lishi mumkin.

Qirg’iziston janubida rasmiy idoralarda ro’yxatga olingan va qonuniy tarzda yashayotgan andijonlik qochqinlarning yo’qolib qolayotgani BMT Qochqinlar agentligining Bishkekdagi vakolatxonasini jiddiy xavotirga solmoqda. Vakolatxona rasmiysi Vitaliy Maslovskiyning “Amerika Ovozi” radiosiga aytishicha, keyingi bir oy ichida O’shda boshpana izlovchi shaxs sifatida ro’yxatga olingan 5 nafar qochqin yo’qolib qolgan.

“To'rt nafar qochqin bir hafta mobaynida g’oyib bo’ldi. Bu qochqinlardan biri siyosiy muxolifat a’zosi, qolgan to'rt kishi Andijon voqealariga bevosita aloqador edi. Fuqaro kiyimidagi noma’lum odamlar qochqinlarni majburan mashinaga o’tqazib, noma’lum yo’nalishda olib ketganini guvohlar ko’rgan”, – dedi Vitaliy Maslovskiy.

Uning aytishicha, BMT Qochqinlar agentligi vakolatxonasi Qirg’iziston Ichki Ishlar vaziri va boshqa davlat idoralariga murojaat qilgan.

“Biz javob kutyapmiz. Chunki vaziyat jiddiy va O’sh hamda Jalolobodda boshpana so’rab murojaat qilgan qochqinlarga xavf tug’dirmoqda”.

Taxminan bir oy avval O’shda qochqin sifatida yashayotgan “Erk” partiyasi Andijon viloyati bo’limi rahbari Isroil Xoldorov yo'qolib qolgan edi. 16 avgust kuni andijonlik Valijon Bobojonov va 17 avgust kuni Saydullo Shokirov yashayotgan uydan noma’lum shaxslar tomonidan olib ketilgan va g’oyib bo’lgan. BMT Qochqinlar agentligi xodimiga ko’ra, bugun yana ikki nafar andijonlik qochqin O’sh shahar Migratsiya va aholi bandligi qo’mitasi binosidan tashqariga chiqqach, izsiz yo’qolgan. Qirg’iz rasmiylari qochqinlarning yo’qolib qolishi bo’yicha so’rovlarga jo’yali javob qaytarmagan.

BMT Qochqinlar agentligi vakolatxonasi xodimi Vitaliy Maslovskiy o’z vaqtida Markaziy Osiyoda eng yaxshi boshpana tizimi mavjud bo’lgan Qirg’izistonda vaziyat yomonlashayotganini qayd qildi.

O’shda yashayotgan andijonlik qochqinlardan birining aytishicha, boshqa qochqinlar uydan tashqariga chiqishga qo’rqib qolgan.

“Agar “tegmaymiz” deya kafolat berilsa, o’zimiz ham qaytamiz. Men ham uyga ketgim kelyapti. Bir yil bo’ldi, zerikdim bu yerda. Asli bu yerda sarson bo’lib yurishdan ko’ra, Vatanga yetmaydi, Vatandan qo’ymasin. Lekin [yo’qolgan qochqinlar] o’z ixtiyori bilan ketmaydi”, – deydi qochqin.

Bugun Qirg’izistondagi AQSh elchixonasi mamlakat janubida o’zbekistonlik qochqinlar yo’qolib qolayotganidan xavotirlanib, bayonot tarqatdi.

“Qo’shma Shtatlar rasman ro’yxatga olingan qochqinlar yashayotgan joyidan zo’rlik bilan olib ketilayotganidan jiddiy xavotirlanmoqda. BMT Qochqinlar agentligi va nodavlat tashkilotlardan olingan xabarga ko’ra, qochqinlardan biri hozir Andijon tergov izolyatorida saqlanmoqda. Biz Qirg’iziston hukumatini qochqinlar xavfsizligi va himoyasini ta’minlashga, shuningdek, xalqaro majburiyatlarga rioya qilishga chaqiramiz”, – dedi Bishkekdagi AQSh elchixonasi vakili Azamat Abobakirov.