Islom Karimov: O'zbekiston hech kimga qaram bo'lmaydi

Mustaqillik bayrami tantanalarini ochar ekan, O'zbekiston rahbari yovuz kuchlar mamlakatning ichki hayotiga aralashishni bas qilsin, dedi. O'zbekiston hech kimga, hech qachon qaram bo'lmaydi va bo'ysunmaydi, dedi prezident Islom Karimov.

Shahar markaziy qismi militsiya kardoni bilan o`raglan poytaxtda mustaqillikning 15 yilligi nishonlanmoqda. Kuzatuvchilarga ko`ra O`zbekiston mustaqilligi fuqarolarga fikr, e`tiqod va so`z erkinligini bera olmagan.

Mustqaillik bayramini nishonlash O`zbekiston prezidentining Toshkentdagi “Shahidlar maydoni” va boshqa bir qator yangi binolarni borib ko`rishidan boshlandi. Mustaqillikkni nishonlash va bu boradagi targ`ibotlar esa matbuotda bir oy avval boshlangan edi.

Matbuotda yoritilayotgan, jumladan O`zbekiston prezidentining bayram arafasidagi tashriflarida, mustaqillik haqida bildirilayotgan firklar mohiyati asosan O`zbekiston o`z tanlagan yo`lidan adashmasligi, mustaqillik mafkurasi aholiga yanada chiqurroq singdirilishi haqida.

Jumladan, O`zbekiston prezidenti bugun “Shahidlar Maydoni”da yosh avlodga mustaqillik, xalqqa sadoqat singari muqaddas tuyg’ularni singdirish kerakligi, elim, yurtim deb yonib yashayotgan avlodga hech kim chetdan o`z tasirini o`tkaza olmasligi haqida gapirgan.

O`zbekistonning oz mustaqilligini qo`lga kritishi, hukumat tomonidan targ’ib qilinayotgan mustaqillik mafkurasi haqida turli qarshlar bor.

Kuzatuvchi Baxtiyor Isabekka ko`ra mustaqillik mafkurasi faqat mavjud hukumatning mustahkamlanishi uchun suiste’mol qilinmoqda.

Unga ko`ra, hukumat tomonidan targ’ib qilinayotgan mustaqillik, milliy g`oya aslida mavjud hukumat, tuzumni mustahkamlashga yo`naltirilgan majmualardir.

“Qashshoq, yupun fuqaroga sen mustaqilsan, farovon hayot kechirayapsan deya uqtirilmoqda, bunga ishonmaganlar esa jazolanyapti”, -deydi Isabek.

Bundan tashqari mustaqillik O`zbekiston aholisiga mustaqil bo`lishdan kutilgan asosiy narsa, erkinlik bermagani ta`kidlanadi.

Huquq himoyachisi Surat Ikromovga ko`ra, mustaqil bo`la turib fuqarolarning ozod emasligi, ularning turli hukumat tizimlari tomonidan tazyiqqa olinishi, axborot olish huquqining yo`qligi aslida hozirgi mustaqillik g`oyasi puch ekanligini ko`rsatadi.

“Hozirgi ahvol shundayki xalq bundan o`n besh yilgiga nisbatan, o`n besh barobar og’ir yashamoqda. Televideniye hammasi yaxhsi ekanligi haqida gapirsa, matbuot to`g’ri narsani yoza olmasa, eng asosiysi fuqarolar o`z vatanida ozod bo`lmasa, bunday mustaqillik kimga kerak”, -deydi Surat Ikromov.

Matbuot bu yil asosiy e’tiborni O`zbekistonda yangi binolar bunyod bo`layotganiga qaratdi. Asosiy ne`mat sifatida O`zbekiston xalqining o’z mustaqilligiga erishgani, yildan yilga yutuqlarni qo`lga kritayotgani ta`kidlanadi.

Baxtiyor Isabekka ko`ra, 15 yillik mustaqillik davri fuqarolarni muhofazalay olmadi, aksincha o`zbekistonliklar turmush kechirishdagi turli xo`rliklarga uchray boshlashdi.

“Tinchlikka erishdik deyishyapti, lekin qaysi bir o’zbekning ko’nglida tinchlik bor? Rossiyada, Qozog’istonda yoki Toshkentda mardikorchilik qilayotgan o`zbekning ko`nglidami, yoki tanalarini sotishga majbur bo`layotgan ayollarning ko`nglida tinchlik bormi. Bular tinchilikdan ham bir g`oya sifatida foydalanishga harakat qilishmoqda”.

Kuzatuvchilar O`zbekiston mustaqillikning o`n besh yilligi nishonlanayotgan bugungi kunda dunyoda aynan demokratik rivojlanish uchun intilayotgan bir mamlakat sifatida emas, balki keskin diktatorlik tuzimiga ega davlat sifatida yaxshi tanilganini qayd etishmoqda.