Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudida taniqli hofiz Dadaxon Hasan ustidan sud jarayoni yopiq tarzda boshlangan.
Muxolifatchi Dadaxon Hasan O`zbekiston prezidenti sha'nini haqorat qilganlikda va bu borada targ`bot qilganlikda ayblanmoqda.
Shahar sudidagi jarayon boshlanishidan avval Dadaxon Hasan bilan o`tkazilgan suhbatdan so`ng, hofiz advokatlardan voz kechish haqida qarorga keldi.
Sud jarayoni faqat davlat ayblovchisi va ayblanuvchi Dadaxon Hasan ishtirokida, yopiq tarzda o`tadi.
Kuzatuvchi sifatida kelgan xalqaro tashkilot vakillari, inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar sud jarayoniga qo`yilmadi.
Dadaxon Hasanning himoyachisi Surat Ikromovga ko`ra hofizning advokatlar xizmatidan voz kechishi unga nisbatan o`tkazilgan bosim natijasi. Surat Ikromovga ko`ra unda aynan shu maqsadda hofizga tazyiq o`tkazilgani haqidagi ma`lumotlar bor.
Dadaxon Hasanning o`zi advokatlar xizmatidan voz kechganligini, advokatlarning ortiqcha ovora bo`lishlarni istamagani bilan izohlaydi:
“O`zim javob beraman, dedim, mana javob berdim, faqat qo`shiq atganimga iqrorman dedim”.
Sud jarayoniga advokat sifatida qatnashish uchun kelgan Rustam Qoraboyevga ko`ra jinoiy ishda mutlaq jinoyat alomatlari yoqligi bois ham advokat xizmatidan voz kechish qaroriga kelingan.
“33 ta huquq normalari qo`pol ravishda buzilgan. Buxoroda topilgan kasseta [Dadaxon Hasan tomonidan kuylangan qo`shiqning ashyoviy dalili]. “BTR”, “O`q otildi”, “Podsho” degani jinoyatni majmuasini tashkil etmaydi. Aytgan qo`shig`i uchun unga ayb e`lon qilish bu absurd. O`zbekistonda so`z, matbuot, vijdon erkinligi Konstitutsiyda ifodasini topgan. Qanday qilib bularni chetga surib, fuqaroga sen “BTR” deding, “O`q otildi” deding, “Podsho” deding, deb jinoiy ish ochish mumkin. Bu jinoiy ishni soxtalashtirishdan boshqa narsa emas”, - degan firlarni bildiradi advokat Rustam Qoraboyev.
Hofiz ustidan jinoiy ish qo`zg`atilishiga uning Andijon fojilari haqida aytgan qoshig`i ko`rsatilmoqda. Bu boradagi tergov surushtiruv ishlari bir muncha avval boshlangan, hofiz ochiqda yurib tergovga qatnayotgan edi. Dadaxon Hasan ustidan sud jarayoni 7 sentayabr kuni davom etadi.