O'zbekiston maorifida ozchilik millatlar vakillariga e'tibor yetarli emas

O’zbekiston maktablarida yangi o’quv yili boshlandi. Ayni paytda yuzdan ortiq millat vakillari istiqomat qiladigan O’zbekistonda kamsonli millat farzandlarining maktabda tahsil olishi borasida muammolar tug’ilayotgani kuzatiladi. Ayrim millat vakillariga ko’ra, maktablarning qisqarayotgani, darsliklarning yetishmasligi, adabiyot va tarix darsliklaridagi cheklanishlar yechimini kutayotgan muammolardandir.

O’zbekistonda milliy ozchilikni tashkil etuvchi xalqlarning aksariyati o’z ona tillarida o’rta ta’lim olish imkoniyatiga ega. Biroq mustaqillik yillarida respublikadagi qozoq, qirg’iz, rus, tojik, turkman maktablari soni bir qadar qisqargani ko’zga tashlanadi. Sho’ro davrida respublikada 317 ta tojik maktabi bo’lgan. Ayni paytda tojik tilida o’qitadigan maktablar soni 179 taga tushgani aytiladi. Ilgari 620 ta qozoq tilidagi yoki qozoq sinflari mavjud bo’lgan maktablar soni esa bugun 574 tani tashkil etadi. Viloyat Qozoq madaniy markazi rahbari Arslonbek Axmatbetovga ko’ra, maktablar soni kamayib bormoqda, toza qozoq maktablari ilgari ko’p edi, biroq hozirda ularning hammasi aralash maktablarga aylanib ketmoqda.

Ba’zi millat vakillari fikricha, so’nggi yillarda o’zbek tilida tahsil bermaydigan maktablarni ona tillaridagi darsliklar bilan ta’minlash ham muammo darajasiga ko’tarilgan. Sovet Ittifoqi davrida O’zbekistondagi tojiklar uchun Tojikistondan, qozoqlar uchun Qozog’istondan, qirg’izlar uchun Qirg’izistondan darsliklar keltirilgan.

O’zbekistondagi Qozoq madaniyati markazi rahbari Merman Bakirovning aytishicha, darsliklar muammosi masalasida Qozog’istondan ko’mak kutib bo’lmaydi. Respublika elchisi qo’lidan kelgancha ba’zi kitoblarni olib kelib maktablarga tarqatishga harakat qilmoqda. Biroq bu ham muammo, deb hisoblaydi Bakirov, chunki Qozog’istondan olib kelingan kitoblarga Qozog’iston gerbi tushirilgan.

O’zbekistonda qirg’iz tilida o’qitiladigan 57 ta maktab faoliyat yuritadi. Qirg’iz sinflari mavjud maktablarda 1.900 nafardan ziyod o’quvchi ta’lim oladi. Qirg’iz maktablarida ham darsliklar yetishmasligi muammosi mavjudligi, biroq mazkur muammo sekin-astalik o’z yechimini topib borayotganini aytadi respublika Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi Metodik markaz xodimi Abiba Yunusaliyeva.

“Qirg’iz, tojik, qozoq maktab o’quvchilari uchun arenda deymiz va maktab fondi. Kitoblarning ko’pi, 100 foizigacha arendaga va maktab fondiga olinadi, sotuvga ozroq chiqariladi. Kitoblar to’liq yetishdi, deb aytolmaymiz. Bu yil 30 dan ortiq kitob chiqdi. Menimcha, yildan-yilga o’quv kitobi bilan ta’minlanish yaxshilanib boradi. Badiiy adabiyotning o’qitilish ahvoli juda yomon, deb aytsam bo’ladi. Maktab kitobxonalarida SSSR davridagi badiiy adabiyotlar qolgan. Undan so’ng chop etilgan yozuvchilar asarlaridan deyarli yo’q. Shulardan bo’lsa, maktablarning kitobxonalari boyib, o’quvchilarning bilimi ko’tariladi, deb o’ylayman,” – deydi Abiba Yunusaliyeva.

Bugun O’zbekistonda 750 dan ortiq rus tilidagi maktablar mavjud. 2001 yildan buyon Rossiya O’zbekiston hukumati bilan kelishilgan holda respublikadagi rusizabon maktablarni 500 mingdan ortiq darslik va o’quv qo’llanmalari bilan ta’minlab keladi. Farg’onalik rus tili o’qituvchisi Ra’no Berdiyevaga ko’ra, ayni paytda rusiyzabon maktablarda darsliklar yetishmasligi o’quvchilar va o’qituvchilar uchun muammolar tug’dirayotgan bir paytda Rossiyaning kitoblar borasidagi ko’magi tahsil sifatiga ijobiy ta’sir etishi aniq.

“Biz ko’plab yaxshi va go’zal kitoblarni qo’lga kiritmoqdamiz. Eng asosiysi, ular tekin, ya’ni sovg’a tariqasida. Bu kitoblar o’quv dasturlarimizga mos tushmasa-da, ular o’qituvchi va o’quvchilar uchun yordamchi qo’llanma sifatida foydali hisoblanadi”, - deydi o’qituvchi Ra’no Berdiyeva.

Mustaqillik yillari ozchilik millatlar uchun maktab darsliklari Toshkentda chop etila boshlangan bo’lsa-da, biroq bu darsliklarning ba’zilari mohiyatan milliy ozchilikni tashkil etuvchi xalq vakillarini qondira olmayotgani urg’ulanadi. Ayrimlar chop etilayotgan adabiyot kitoblarida o’zbek millati yozuvchilari asarlari yoxud tarix darsliklarida O’zbekiston tarixi yoritilayotgani o’quvchilarni o’z millati adabiyoti va tarixidan uzoqlashtirmoqda, deb hisoblashadi. O’zbekistondagi qozoq maktablari uchun darsliklar chop etuvchi “Aslmura” nashriyotining muharriri Guljon Bayjonova darsliklarni qozog’istonlik mualliflar kitobi negizi asosida nashr etish bu kabi muammolar yechimidir, degan fikrda.

“Qozog’istondagi yangi kitobni olib, O’zbekistonning o’quv materialidan foydalanib, negizida o’quv darsligi bo’lsa, ko’p narsadan yutamiz”, deydi G. Bayjonova.

O’zbekistondagi kam sonli millatlar farzandlari tahsil olayotgan maktablardagi darsliklar muammolari sabablari xususidagi savollar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan javobsiz qoldirildi.