11 sentyabr dahshati O'zbekiston xalqi xotirasida

2001 yil 11sentyabrda AQShda sodir etilgan terror hujumlari o`zbekistonliklar tomonidan ham mudhish voqealar sifatida tilga olinadi. O'sha kun Amerikada uch mingga yaqin kishi halok bo'lgan. Ular orasida ikki o'zbekistonlik bo'lgani ma'lum.

“Qanday millat bo`lishidan qat’iy nazar bu fojiani eshitib, o`zbek xalqi qayg`uga tushdi. Nega deganda inson hayotga yashash uchun keladi. 22 ming kunda odam 60 ga kirar ekan. Men Amerika xalqiga sihat-salomatlik va tinchlik tilayman”, - deydi AQShda yuz bergan terror hujumlariga mulohaza bildirayotgan otaxon.

O`zbekiston yoshlari ham 11 sentyabr voqealarini yoddan chiqarib bo`lmasligini, bu fojialar nafaqat AQSh xalqini balki, dunyoni larzaga solgan mudhish voqea ekanligini aytadilar.

“11 sentayabrda bo`lib o`tgan bu voqealar butun dunyoni larzaga solgan. Yaxshi eslaymiz, ikkita binoga uyushtirilgan hujumlarni va boshqa terrorchilik harakatlarini”, - deydi yoshlardan biri.

“O`tgan narsani eslagandan yaxhsilikka intilgan ma`qul, lekin bu bilan dunyo xavfsiz degani emas. Bu voqealar odam qanchalik baquvvat, hushyor bo`lmasin noxush voqealar oyoq ostida ekanligini va hech qachon hushyorlikni yo`qotmaslikni eslatib turadi”, - deydi bir talaba.

Shuningdek, yoshlar terror xurujlari mobaynida odamlarning halok bo`lishi va vayronagarchiliklar ularda qattiq taassurot qoldirganini alohida urg`ulab o`tishadi.

Yoshlar fikricha, bugungi dunyodagi terrorizm bilan bo`gliq vaziyat ularni befarq qoldirayotgani yo`q. 11 sentayabr voqealaridan keyin esa terrorchilikka qarshi kurashda dunyoda keskin o`zgarish kuzatilgan.

“Terrorchilarning maqsadi, ularning yomonligi ayon bo`ldi. Ularga qo`shiluvchilar soni kamaydi”,- degan fikr bildirilsa, yana bir yigit terrorchilik harakatlaridan so`ng AQSh terror o`choqlarini vayron qilgani, fosh qilgani, hozirda terrochilikni dunyo miqyosida tarqalishi yoshlar kelajagiga to`siq bo`layotganligini bildiradi.

Boshqa bir o`rta yoshli fuqaroga ko`ra, AQShda ro`y bergan teraktlarni xotirlashning o`zi qo`rqinchli, bu dunyoga xafs solib turgan terorchilarning qilmishi.

“Lekin umumiy vaziyat o`zgargani yoq. AQShning Afg`onistonga, Iroqqa qilgan hujumlari hech qanday natija bermadi. Iroqni oling, har kuni portlash, har kuni odamlar o`layapti. Aslida bu voqeaga boshqacha yondoshuv kerak edi”, - deydi u.

“Terrorchilarning asl maqsadlari nima, faqat insoniyatga qiron keltirishmi yoki ularda ham biron maqsad bormi? Bu haqda matbuotda kam yoziladi. Yoki terrorchilarning o`zlari bu haqda gapirishi kerak. Bu narsalar oshkora gapirilsa, ehtimol bu masala qisman bo`lsada yechimini topardi. Menimcha, muammoning bir o`zani Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan ham bo`gliq”, - deydi bu kishi.

O`zbekiston aholisining aksariyati AQShga qilingan terror hujumlarini televideniye orqali bevosita kuzatib borgan va haligacha unutmagan. Biroq odamlar orasida 11 sentyabr voqealari ketidan AQSh tomonidan terrorga qarshi boshlangan kurash dunyoni bu yovuzlikdan xoli qilishiga ishonch past.