Suvga chanqoq Markaziy Osiyo Sibir Obiga umid bilan qaramoqda

Sibir daryolaridan Markaziy Osiyoga suv olib kelish g'oyasi yana muhokamada. Mazkur loyihaga navbatdagi yuqori darajadagi qiziqish O`zbekiston va Qozog`iston prezidentining Ostonada bo`lib o`tgan uchrashuvi chog`ida, Qozo`giston prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan bildirilgan edi.

Nazarboyev nazarida Sibir daryolari suvidan foydalanish ekologik muhitga salbiy ta’sir ko`rsatmaydi.

Mutaxassislar Sibirdan Qozog`iston orqali O`zbekistonga keluvchi bu kanal loyihasiga avvalo Qozog`istonning ehtiyoji yuqori ekanini aytadilar.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha kelajakda suv tanqisligi barcha davlatlar uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi.

“Ekosan” xalqaro jamg`armasi rahbari Yusuf Shodimetovning aytishicha loyiha Ob daryosining 6-7 foiz suvini olish haqida va bu Rossiyadagi ekologik vaziyatga aslo zarar yetkazmaydi.

“Kanalning uzunligi 2550km, chuqurligi 16 metr bo`lishi kerak. Avval bu borada rossiyalik mutaxassislarni jalb etgan holda xalqaro konfrensiya o`tkazgan edik. Ular yana bir marta aylanib, vaziyat bilan tanishib ketgan edi. Bu loyihaning ekologik vaziyatga ta’sir qilmasligi haqida ilmiy asoslar bor. Bu to`lib oqayotgan daryo emas, balki suniy bir kanal”, - deydi Shodimetov.

Shodimetovning aytishicha 2020-2030 yillarga borib Markaziy Osiyoda harorat 3- 3,5 darajaga ko`tarilishi mumkin. Bu esa hozirda kuzatilayotgan suv tanqisligini yanada kuchaytiradi.

“AQShlik iqlimshunoslar bilan Amudaryo o`zanlarini o`rganishga bag`ishlangan xalqaro anjuman natijalari yaqin kelajakda suv tanqisligi mintaqa uchun katta muammoga aylanishini ko`rsatmoqda. Bunday sharoitda ta’kidlanayotgan loyihaga yana qaytish zarur bo`ladi”.

Espertlarga ko`ra mazkur loyihani moliyalash aniq manbalar topishni talab etadi. Mintaqa davlatlarida esa bunday mablag` yo’q.

“Ekosan” jamg`armasi rahbari Yusuf Shodimetovga ko`ra rejalashtirilgan kanalning 500 kilometri qazib, ishga tushirilgan taqdirda, undan tushgan mablag`ning o`zi kanalning qolgan qismini moliyalash imkoniyatini berishi mumkin.

“Dunyoning rivojlangan davlatlari, xalqaro tashkilotlar ham bu loyihada faol qatnashishlari kerak deb hisoblayman. Bu yangi investitsiyalar uchun imkoniyat, iqtisodiy foydali loyiha.”

Bundan tashqari bu loyihaga ko`maklashish Markaziy Osiyodagi vaziyatni barqarorlashtirishga ham xizmat qiladi. G`arb davlatlari esa bu yerda barqarorlik bo`lishini istashadi ”, - deydi “Ekosan” jamg`armasi raisi.

Bu loyihaning amaliyoti avval rossiyalik bir qator ekologlarning Sibir daryosi suvlarining Markaziy Osiyoga oq`izilishi Rossiyadagi ekologik vaziyatga salbiy ta`sir o`tkazadi degan fikrlaridan so’ng kun tartibidan tushgan.

Sibir daryosi suvining mintaqaga oqizilishi bu yerdagi iqlimga ta’sir etishi, jumladan ob-havoning salqinlashishi mumkinligi haqida tashvishlar ham bor.

Bu qarashlarga ko`ra O`zbekistonda suv zahiralari yetarli. Biroq bu zahira asosiy ekin - paxta yetishtirishda ayovsiz sarflanmoqda.

XX asrning 70-80 yillarida Sibir daryolarini mintaqaga burish loyihasida ishtirok etgan yozuvchilardan biri Zohir A’lamga ko`ra loyiha aynan Chor Rossiyasi siyosatini aks ettirgani bilan ko`pchilik ziyolilarning qarshiligiga uchragan.

“70-yillarda bu loyiha ikki marta muhokamaga chiqdi. Har ikki muhokama Chor Rossiyasining ruslarni Turkistonga ko`chirish dasturiga ko`ra suvli yerlardan tub aholini cho`lga ko`chirish va ular o`rniga ruslarni olib kelishga asoslangani bilan bo`gliq. Shuning uchun ziyolilarning qarshiligiga uchragan.”

XX asr boshlaridagi fikrlarga ko`ra agar bu loyiha amalga oshsa, Xorazm suvga botishi, botqoqlik Samarqand bo`sag`larigacha yetishi mumkin. Hozir mustaqillik bo`lgan bilan buning masalaga ta’sir ko`rsatishiga ishonmayman”, - deydi yozuvchi.

Shodimetov fikricha esa O`zbekistondagi, ayniqsa Orol hafzasidagi tobora keskinlashayotgan iqlim bu borada aniq chora ko`rishni talab etadi.

Sibir daryolari bilan bo`gliq loyiha birinchi navbatda aynan Orolbo`yi ekologik vaziyatini yaxhsilash uchun emas, ko`proq iqtisodiy maqsadlarni ko`zda tutishi bildirilmoqda.