Karimov, Bakiyev xavfsizlik bobida hamkorlikka kelishgan

Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev bugun Toshkentda o`zbekistonlik hamkasbi Islom Karimov bilan muzokara olib borgan.

Qirg'iziston prezidentining rasmiy tashrifi mobaynida ikki mamlakat rahbarlarining yakkama yakka, hukumat vakillarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo’lib o’tdi.

Qirg`iziston va O`zbekiston prezidentlari uchrashuv natijasida o’zaro hamkorlikni ifodalovchi qo`shma bayonot imzoladilar.

Bayonotda xalqaro terorrizmga qarshi kurash, mintaqadagi barqarorlikni ta'minlash hamda hududiy yaxlitlik bo`yicha tomonlar hamfikr ekanligi ifoda etilgan.

Bundan tashqari, prezidentlar O`zbekiston va Qirg`iziston respubliklari o`rtasida iqtisodiy, fan va texnika, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni ko’zda tutuvchi Shartnoma va Dasturga imzo chekdilar.

Rasmiy uchrashuv natijalariga ko`ra, davlat rahbarlari matbuot anjumani o`tkazib, tashrif ikki o`rtadagi aloqalarning rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Bakiyevning rasmiy safari chog`ida turizmga doir, hukumatlararo aloqalarni rivojlantirish, fuqarolarning o`zaro qatnovini taminlash, O`zbekiston va Qirg`iziston prokuraturalari o`rtasida o`zaro huquqiy yordam ko`rsatish to’g’risidagi hujjatlar imzolangan.

Kuzatuvchilarning fikricha, Qirg`iziston va O`zbekiston rasmiy doiralari o’rtasida so`nggi paytda ko’zga tashlanayotgan yaqinlashish Qirg`izistondagi ko`plab o`zbek qochqinlari hayotini xavf ostiga qo`ymoqda.

O`z navbatida rasmiy Toshkent bilan muloqotga kirishish orqali Qirg`iziston hukumati bir qator xalqaro shartnomalarni, inson huquqlarini e`tiborsiz qoldirayotgani, nufuzli xalqaro tashkilotlarning tanqidiga uchrayotgani ta`kidlanmoqda.

Qirg`iziston prezidentining O`zbekistonga rasmiy tashrifi 4 oktyabr kuni nihoyasiga etadi.