Ruzaliev: AQSh nazarida O’zbekistonda repressiv siyosat davom etmoqda. Bu esa, deydi AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Richard Baucher (Richard Boucher), ikki davlat o’rtasidagi aloqalarning olg’a siljishiga to’sqinlik qilmoqda. Baucherning O’zbekiston borasidagi so’nggi gaplari va bu borada siyosiy tahlilchilar nima deyayotgani haqida bilish uchun hozir hamkasbimiz Navbahor Imamovaga murojaat qilmoqchiman. Navbahor, Baucher avgust oyida O’zbekistonda bo’lganida Toshkentdan iliq o’ylar bilan qaytmaganmidi?
Imamova: Shunday, Odil, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini, O’zbekiston bilan keskin kelishmovchiliklar mavjud, lekin u bilan muloqot qilmasak bo’lmaydi, degan fikrni olg’a surib keladi.
Biroq shu kunlarda Rossiyaga safari chog’ida Baucher, O’zbekistonda nohukumat tashkilotlar, AQShda asoslangan tijoriy va notijoriy muassasalarning yopilayotgani rasmiy Toshkent repressiv siyosatini davom ettirayotganidan dalolatdir, deb bayon qildi.
"AQSh O’zbekiston bilan muzokaraga hamisha tayyor, biroq hamkorlik haqiqatga asoslanishi lozim",- deydi AQSh diplomati. "O’zbekiston hukumati mahalliy va xalqaro tashkilotlarni yopmoqda va AQSh haqida to’qima gaplar aytilmoqda",- deydi Baucher Rossiya matbuotiga bergan intervyusida.
Vashingtonda joylashgan Jons Xopkins Universiteti professori, O’zbekiston bilan yaqindan tanish Frederik Starr (Frederick Starr) esa AQSh va O’zbekiston baribir til topishadi, deb ishonadi.
Siyosatshunos fikricha AQSh O’zbekistondek strategik ahamiyat kasb etuvchi davlat bilan ishlamasa bo’lmaydi.
"Muzokara va aloqasiz O’zbekistonga to’g’ri yo’ldan borishni qanday aytasiz? Keskin tanqid va qoralashlar ikki xalqni yaqinlashtirmaydi",- deydi AQSh qonunchilariga vaqti-vaqti bilan O’zbekiston borasida maslahat beruvchi siyosatshunos.
Frederik Starr nazarida O’zbekistonda faoliyati tugatilgan xalqaro tashkilotlarning ham ishiga ko’z yumib bo’lmaydi. Ular ham xatolarga yo’l qo’ygan. Ayrim tashkilotlar O’zbekistonni, uning tili va xalqini bilmay, uning ichki hayotiga, siyosatiga aralashgan, deya umumiy fikr bildiradi professor Starr.
Odil, bilasizmi, Frederik Starrning o’zi O’zbekistondan bosim ostida chiqib ketgan Yevrosiyo Jamg’armasi ta’sis kengashi a’zolaridan biri. Jamg’arma kichik tadbirkorlar va fermerlarga qarz berar edi. "Tashkilotning O’zbekistondan ketganidan afsusdamiz",- deydi janob Starr.
Ruzaliev: Rahmat, Navbahor. AQSh-O’zbekiston aloqalari haqida albatta dasturlarimizda bafurja ma’lumot berishda davom etamiz.