Sho’rolar davrida markaziy hukumat o’zining dastlabki qadamlaridanoq dinga qarshi kurash olib borgan. O’zbekistonda ham dinga qarshi kurash dahshatli tarzda kechgan. Masjidu-madrasalar vayron etilgan. Barchasi musulmonlardan iborat mahalliy xalq vakillari diniy tazyiqlar ostida qamalgan, otilgan, Sibirga surgun etilgan.
Sovet davlati odamlar ongiga o’z g’oyasini singdirishi uchun asrlar mobaynida kishilar e’tiqodiga aylangan dinni yo’qotishni bosh vazifa qilib olgan edi. Buni ro’yobga chiqarishni esa, o’z Yaratuvchisi bilan bog’liqlikni his qilib kelgan, uning mavjudligini anglagan dindor olimu-ulamolarni qatag’on qilishdan boshlaganini aytadi mutaxassislar.
“Hidoyat” jurnali bosh muharriri Nurulla Otaxonovning aytishicha:
“Birgina Toshkentda 300 dan ortiq madrasa bo’lsa, Qo’qonda 330 ta madrasa bo’lsa, Buxoroda 500 ga yaqin maktab va madrasa bo’lsa, Samarqandda ham shunday va bu atroflarda ham shunday va ularda dars berayotgan mudarrislar, olimlar bo’lsa bu xalq juda katta ilmiy potensialga ega bo’lgan xalq edi. Mana shularning hammasini o’rtadan ko’tarmasa, jismonan ularni yo’q qilmasa kommunizm mafkurasi, g’ayriinsoniy bo’lgan bir mafkura singmas edi. Men buni g’ayriinsoniy dedim, chunki u insonning yaratilish fitratiga zid bo’lgan g’oya”.
Sovet tuzumi ideokratik, ya’ni g’oya hukmronlik qilgan tuzum bo’lgani uchun ham boshqa har qanday g’oyaga qarshi, shu jumladan diniy mafkuraga qarshi qatag’on siyosati olib borgan, deb hisoblaydi jurnalist Karim Bahriyev:
“Chor Rossiyasini olib qarasangiz, e mintaqamizga talonchilik uchun kelgan, hududlardagi boyliklarga ega bo’lish uchun kelgan. Shuning uchun kitoblarni, boyliklarni tashib ketgan. Lekin Chor Rossiyasi paytida Burhoniddin Marg’iloniyning “Hidoya”si 4 tom qilib tarjima qilingan edi. Va hatto shu yerda qozilarning boshqaruvini tashkil qilish uchun gubernatorlar harakat qilganlar. Ya’ni, “mayli diniga sig’insin, mayli qozilari yo shu shariati bo’lsin, faqat bizning hudud bo’lsin shu yer”, deyilgan. Sovet davlatiga kelganda, uning mafkurasi ham dinning belgilariga ega edi, ya’ni u ham “kommunizm” jannat va’da qilardi, u ham mafkura edi. Ikkita mafkura sig’ishmagani uchun kommunizmdan boshqa mafkuralar qatag’on qilingan, deb o’ylayman”.
Hujjatlarga nazar tashlansa, diniy e’tiqodi uchun qatag’on etilganlarning aksariyati ziyoli, faylasuf va tarixshunos olimlar ekanini urg’ulaydi tarixshunos Sirojiddin Ahmad:
“O’rta Osiyoda marksistik aqidaga tayangan tuzum birinchi kunlaridanoq biror-bir dinga e’tiqod qiluvchi odamlarga, bevosita islom diniga e’tiqod qiluvchi shaxslar - ular madrasa mudarrisi bo’ladimi, yo biron bir masjidning imomi bo’ladimi, ruhoniy yo ibtidoiy maktablarda dars beruvchi o’qituvchi bo’ladimi - bundan qat’iy nazar ularga ikkinchi darajali odam sifatida qaralgan. Bunday qarashning sababi shundaki, bular nafaqat islom aqidalarini targ’ib qiluvchi shaxslar, balki o’zida milliy an’analarni saqlab kelguvchi bir ma’rifatbonlarimizdir. Ana shu nuqtai nazardan Oktyabr davlat to’ntarishigacha dunyoqarashi shakllanib bo’lgan kishilarga nisbatan nihoyatda yovuz qarashlar paydo bo’ldi”.
Aholisi dindor bo’lgan O’zbekistonning bolsheviklar tomonidan bosib olinishi bilan dindorlarga, millatga qarshi hujum boshlangan, deb hisoblashadi ayrim mutaxassislar. Dindorlar orasida qatag’on qurbonlari shu qadar ko’p ediki, ularni hujjatlashtirmasdan, guruh-guruh qilib qatl etib tashlayverishgan, deydi yozuvchi Nurulla Otaxonov:
“1919 yillarda qatag’onning birinchi boshlangan, 1922 yillarda dindorlarning juda katta qatag’oni bo’lgan. 1930 yillarda ham anchasi qirilib ketgan. Afsuski, biz ko’plarining ismlarini bilmaymiz. Ularning ismlarini oshkora aytish kerak, yashirmaslik kerak, hammalarining tarixini o’rganishimiz kerak, deymizu, lekin afsuski, bilmaymiz. Chunki ularga “delo”lar ham qilinmagan. Ularni to’p-to’p olib chiqib, otib yuborib umumiy chuqurlarga ko’mib tashlashgan, ularni odam o’rnida ko’rishmagan. Masalan, Toshkentning Eskishahar qismida, keyinchalik Sovet zamonida Kalinin maydoni deyilgan joyda juda katta bir madrasa bo’lgan. Hozir u yerda sayhonlik turibdi, tekislik shu madrasaning o’rni. Mana shu madrasa devorining tagiga olib chiqib nechta olimu-ulamoni qator qilib qirib tashlashgan. Buxoroda 200 ga yaqin shogird yetishtirgan juda katta ustoz bo’lgan. Uni shogirdlariga qo’shib otmoqchi bo’lib turganlarida, jallodlarning biri aytibdiki, “miltiqning bitta o’qi falon pul turadi, bular bir tiyinga qimmat odamlar. Ularga o’qni sarflash ham hayf. Ularni pichoq bilan bo’g’izlanglar”.
O’sha paytdagi ilm-fan, adabiyot bilan shug’ullangan ziyolilar ham dindor musulmonlar edi. Biroq Sovet davlati nafaqat dindorlarni qatag’on etib ularning farzandlarini dahriylik ruhida tarbiyaladi, balki taqdirlariga ham o’z tamg’asini bosgan. Jurnalist Karim Bahriyev eslaydi:
“Hayotiy bir voqeani aytib bersam. Men Oliy Majlisda ishlagan paytlarim Aleksandr Borisovich Kalendaryov degan yigit menga haydovchilik qilgan. “Nega siz o’zingiz o’zbek bo’la turib, ism-familiyangiz ruscha?” deb so’rasam, u kishining bobosi Qashqadaryodagi shayx Qalandar bo’lgan ekan. Sibirga qatag’on bo’lib ketgan va o’sha yerda otilgan ekan. Otalari Burhonni Boris deb, bobosini Kalendaryov deb, Burhon Qalandarovni Boris Kalendaryov deb yozdirgan. O’g’lini ham Aleksandr deb qo’ygan ekan”.
Sho’rolar hukumati dindorlarga qarshi kurashib, ularni ta’qib-tazyiq qilish, badarg’a etish, qamash va qatl etish bilan cheklanmadi. Balki o’zida bir diniy e’tiqodni aks ettiruvchi tarixiy obidalarga ham qarshi kurash olib brogan, deydi tarixshunos olim Sirojiddin Ahmad:
“O’rta Osiyodagi juda ko’pgina aziz insonlarning maqbaralari, qadamjoylari, manzilgohlarning vayrona holga kelishi, masjid-madrasalarning buzilishi, otxonalarga aylantirilishi Sho’rolar hukumatining dinga qarshi olib borgan kurashining ikkinchi bir ko’rinishi deb hisoblanmog’i lozim. Buxoro inqilobining dastlabki kunlaridanoq madrasalarning otxonalarga aylantirilgani, omborxonalarga aylantirilgani - tarixiy fakt. Hatto odamlarning yuragiga bu qadamjoylar, manzilgohlar, aziz-avliyolarning tarixlari bir qo’rquv soladigan bir narsaga aylanib qoldi. Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasini olaylik. Mana shu maqbaraning atrofida yuzlab Somoniy davrida yashagan ulug’ kishilarning qabrlari bo’lgan, bu qabrlarga o’zlariga xos tosh kitobatlar o’rnatilgan. Sho’rolar hukumati davrida mana shu qabrlar hammasi yo’q qilib yuborildi. Qashqadaryodagi bir tarixiy obidani qoq o’rtasidan buzib, ustidan yo’l solingan”.