Amerika musulmonlari siyosiy maydonga qaytmoqda

  • Amerika Ovozi

Vashingtondagi Amerika-Islom Aloqalari Kengashi Kongressga saylovlardan ikki hafta oldin musulmon saylovchilar orasida so’rov o’tkazgan. So’rov ishtirokchilarining 42 foizi o’zini demokratik partiya, 17 foizi esa respublikachilar partiyasi a’zosi deb hisoblaydi. 28 foiz musulmon saylovchisi hech bir partiyani yoqlamagan.

So’rov natijaralariga muvofiq, musulmon saylovchilari ta’lim va fuqaro erkinligi kabi masalalarni muhim deb biladi, biroq Arab-Isroil ziddiyati hamda Iroq va Afg’onistondagi urush ularni eng ko’p tashvishlantirayotgan muammodir. So’rov qatnashchilarining 80 foizi terror xurujlari amerikalik musulmonlarga ziyon yetkazdi degan fikrda.

Amerika-Islom Aloqalari Kengashi xodimi Muhammad Nimerning aytishicha, savol-javobda qatnashgan musulmonlarning yarmidan ko’pi terrorga qarshi urush aslida islomga qarshi urushga aylanib borayotganidan xavotirda.

“Iroqdagi urush Amerikaga foyda keltirdimi degan savolga qatnashchilarning 12 foizi “ha”, qolganlari esa “yo’q” deb javob bergan. Ya’ni Bush ma’muriyati yuritayotgan siyosat jiddiy e’tiroz tug’dirayapti”, - deydi kengash xodimi.

Ijtimoiy so’rovda ishtirok etgan musulmonlar orasida masjidga muntazam boradiganlari 31 foizni tashkil etgan. Aksariyat saylovchilar sunni va shia kabi bo’linishni tan olmasdan, o’zlariga nisbatan faqat musulmon ta’rifini qo’llaydilar.

“Oxirgi besh yil mobaynida AQShda musulmonlar huquqi poymol etildi, hayriya tashkilotlari yopildi, jamoa qo’rquv hissi bilan yashadi”, - deydi Amerika-Islom Aloqalari Kengashi ijrochi direktori Nihad Avad. Biroq, uning fikricha, ayni damda musulmonlar jamoasi siyosiy maydonga qaytmoqda.