Jahon bo’ylab korrupsiya holatlarini o’rganuvchi xalqaro tashkilotga ko’ra, Iroq, Gaiti va Birma davlatlarida korrupsiya chuqur ildiz otgan.
Bunday davlatlar qatoriga O’zbekiston ham kirgan.
Bosh idorasi Berlinda joylashgan “Transparency International” tashkiloti har yilgi hisobotida ishbilarmon va tahlilchilarning u yoki bu mamlakatdagi korrupsiya darajasiga munosabatini o’rganib, jamlaydi va jahonning 163 davlatini maxsus jadvalga joylashtiradi.
Hisobotga ko’ra, yuqorida nomlari tilga olingan davlatlardan tashqari O’zbekiston, Bangladesh, Chad, Kongo Demokratik Respublikasi va Sudanda poraxo’rlik keng tarqalgan.
O’zbekiston jadvalda 2.1 ball bilan 155-o’rinni egallab turibdi, ya’ni oxiridan 8-o’rinni. Bu Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligidagi eng salbiy ko’rsatkichdir. Tashkilotning 2004 yilgi jadvalida O’zbekiston 2.3 ball bilan 119-, bir yil o’tib esa 2.2 ball bilan 143-o’rinda bo’lgan.
Hisobot xulosasiga ko’ra, korrupsiya iqtisodiy jihatdan eng sust rivojlangan mamlakatlarda kuchayar ekan. Korrupsiya eng kam tarqalgan davlatlar esa jadvalning quyi pog’onalarini egallab turibdi. Bular Finlyandiya, Islandiya, Yangi Zelandiya, Daniya, Singapur va Shvetsiya. Qo’shma Shtatlar 20-o’rinda.