O’zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo’llab-quvvatlash jamg’armasi yaqinda kichik grantlarga tanlov e’lon qildi.
O’tgan yillarda O’zbekistonda xalqaro nohukumat tashkilotlari soni kamaydi.
Tanqidchilar nazarida endilikda rasmiy Toshkent uning manfaatlari uchun xizmat qiluvchi muassasalar yaratish payiga tushgan.
Yaqingacha O’zbekiston xotin-qizlari ahvoli haqida ma’lumot to’plovchi ilmiy markazni boshqargan Marfua To’xtaxo’jayeva nazarida O’zbekiston nohukumat tashkiloti deganda o’z tushunchasiga ega.
“Chunki bizning qonunimizda grant degan tushuncha yo’q o’zi”,- deydi To’xtaxo’jayeva.
Hozirda yopilgan markaz rahbari fikricha, mamlakatda notijoriy tashkilotlar jamoatchilik manfaatlari uchun emas, yuqori mansabdagilar foydasi uchun xizmat qiladi. Bu tashkilotlar hukumat ajratgan pul bilan ishlaydi. Ekosan, Sog’lom Avlod Uchun va Oltin Meros kabi institutlar shular jumlasidan, deydi To’xtaxo’jayeva.
“Endi bizni chiqarib yuborib, [hukumatlar] yana shunday tashkilotlar tashkil etmoqchi. Bu jarayon hech to’xtamagan. Hukumat bizga yonma-yon ravishda doim shunday ish tutgan”,- deydi olima.
Marfua To’xtaxo’jayeva yaqinda e’lon qilingan grant tanlov mamlakatdagi barcha nohukumat tashkilotlar uchun emas, deydi. Chunki, pul odatda hukumatga yaqin tashkilotlarga tegadi. Shu o’rinda, Mehr Nuri, Gulnora Karimova tomonidan rag’batlantiriladigan tashkilot.
“Birinchi tanlov bo’yicha pul berilgan. Shular jumlasidan, Mehr Nuri va boshqa tashkilotlarga berilgan. Asosiy mablag’ prezidentning qizining tashkilotlariga berilgan”,- deydi To’xtaxo’jayeva.
Olimaning fikriga qo’shilmaydigan mutaxassislar ham bor. Masalan, O’zbekiston bilan yaqindan tanish, yaqinda O’zbekistonga demokratik universal shakli to’g’ri kelmaydi, shu bois o’zi uchun, o’ziga xos demokratik yo’l yaratmog’i lozim deya maslahat bergan amerikalik siyosatshunos Frederik Starr (Frederick Starr) barcha nohukumat tashkilotlar ham beg’araz faoliyat yuritayotgani yo’q, deydi. Aniq nomlar aytmasa-da, O’zbekistondan chiqarib yuborilgan xalqaro tashkilotlarning ayrimlari ichki siyosatga aralashgan, deydi Starr.
Ayrim tashkilotlar O’zbekistonni, uning tili va xalqini bilmay, uning ichki hayotiga, siyosatiga aralashgan. Ezgu niyatlilari hali ham O’zbekistonda ishlamoqda, deydi olim. Biroq Frederik Starrning o’zi uning ta’sis kengashida o’tiruvchi va kichik tadbirkorlarni quvvatlovchi Yevrosiyo Jamg’armasi ham hukumati bosimi ostida O’zbekistondan chiqib ketdi. Bu borada professor faqat afsus bildiradi xolos.
O’zbekistonlik yuzlab yoshlarni AQShda bilim olishi uchun imkon bergan va O’zbekiston qonunlarini buzganlikda ayblanib, shu yil boshida Toshkentdgai idorasini yopgan ACCELS tashkiloti vakili Deyvid Pattonning (David Patton) aytishicha, nohukumat tashkilotlargina xalqning eng quyi qatlamlari bilan ishlash salohiyatiga ega.
"Mustaqil, notijoriy jamoat tashkilotlari odamlar dardini biladi. Bizning tashkilot kichik miqyosda faoliyat ko’rsatsa-da, yosh avlod yuzlashayotgan ba’zi muammolarga yechim topishga harakat qilayotgan edi",- deydi janob Petton.