Qirg’izistonda Internetdagi axborot sahifalari xakerlar hujumiga uchramoqda. Jurnalistlar fikriga ko’ra, internet buzg’unchilikni hukumat yoki muxolifat moliyalashtirayotgan bo’lishi ehtimoldan holi emas. Bu kabi hujumlar mamlakatda siyosiy mojaro kuchaygan paytga to’g’ri kelmoqda.
Qirg’izistonning “Elcat” internet-provayderi xabariga ko’ra, shu yil 1 noyabrdan 9 noyabrgacha provayder serverida joylashgan axborot resurslariga hujum uyushtirilgan. Serverlar zo’riqishi oqibatida “Tazar.kg”, “24.kg”, “AkiPress.kg” kabi internet saytlar chet ellik o’quvchilar uchun ochilmagan.
2006 yilning mart oyida ish boshlagan “Tazar.kg” sayti muharriri Elmira To’qtog’ulovaning aytishicha, 7 noyabr kuni sayt umuman ishdan chiqqan, undagi barcha ma’lumotlar yo’q qilingan.
“Saytga hujum qilinishining bir qanch sabablari bo’lishi mumkin. Birinchidan, ehtimol bu oddiy bezorilikdir. Ikkinchidan, texnik nuqsonlar sababli balki provayderda, balki saytimiz dasturiy ta’minotida uzilishlar bo’lgandir.
Uchinchidan, biz tarqatayotgan ma’lumotlarni yo’q qilish maqsadida atayin hujum uyushtirilgan bo’lishi ham mumkin”, – deydi Elmira To’qtog’ulova.