Prezident Imomali Rahmonov Tojikistonni 1997 yilidan buyon boshqaradi. Bu davr mobaynida, u deyarli barcha mustaqil matbuot organlarini yopdi va yetakchi siyosiy raqiblaridan ba’zilarini qamoqqa tashladi.
Davlat departamentining inson huquqlari bo’yicha yillik hisobotida yozilishicha, yulg’ichlik ham ijtimoiy va demokratik islohotlar oldida katta g’ov bo’lib kelmoqda. Terrorga qarshi kurashga kelganda, Tojikiston hukumati, NATO tashkilotiga o’z harbiy-havo bazasidan Afg’onistondagi harbiy amaliyotlar uchun foydalanishga ruxsat bergan. Qoradori savdosiga kurashda ham Tojikiston ma’lum yutuqlarga erishgan.
Tojikiston xalqi shu oy boshida prezident saylovlarida ishtirok etdi. Rasmiy natijalarga ko’ra, saylovchilarning deyarli 80 fozi Imomali Rahmonovga ovoz bergan. Saylovoldi kampaniya davrida ommaga yaxshi tanish bo’lmagan nomzodlarning to’rttalasi ham unga hayrihohlik bildirgan.
Asosiy muxolif partiyalar saylov natijasi oldindan hal qilingan, deya saylovlarni boykot qildilar. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Tojikistonda prezident saylovlarida raqobat bo’lmaganini va saylovchilar o’zi xohlagan nomzodga ovoz berish imkoniyatidan mahrum bo’lganlarini ta’kidladi.
Ushbu tashkilotning bayonotida aytilishicha, matbuot saylov kampaniyasi davomida faqat prezidentga urg’u bergan va xalq saylov kampaniyasi haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo’lmagan. Nomzodlarga bosma matbuot, radio va televideniyedan teng va bepul ravishda foydalanish imkoniyati berilgan bo’lsada, ular bundan to’liq bahramand bo’la olmagan.
Saylovni kuzatgan xalqaro mutaxassis va tashkilotlar ham, saylov jarayonida takroriy ovoz berish va uchastkaga bormasdan ovoz berish kabi talaygina xato va kamchiliklar borligini bildirishgan. Saylov rasmiylarining malakasi oshirilganiga qaramay, ovoz berish va byulletenlarni hisoblash jarayoni qoidaga javob bermagan.
“Markaziy Osyo,” deydi AQSh Davlat kotibasi Kondolieza Rays, o’tish jarayonlarini boshidan o’tkazmoqda. Ammo, AQSh hukumati, Tojikiston singari mamlakatlar saylovlarning xalqaro andozalariga muvofiq o’tkazilishiga harakat qiladi, deb umid qiladi. Jumladan, Tojikiston xalqining erkin ravishda ovoz berishi uchun muholif siyosiy partiyalarni jarayonga faol jalb qilish orqali.