Belarus poytaxti Minskda Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligining navbatdagi sammiti bo'lib o'tdi.
11 davlat rahbari hamdo’stlik kelajagi, jumladan tashkilot faoliyatini rivojlantirish va savdo aloqalarini kuchaytirish masalalarini muhokama qildi.
Sammitda O`zbekiston prezidenti Islom Karimov ham ishtirok etgan.
Mustaqil ekspertlar nazarida sobiq ittifoq davlatlarini madaniy ravishda tarqalishini ta`minlash uchun tuzilgan bu tashkilot o`z vazifasini o`tab bo`lgan.
Biroq hozirda Rossiya tashkilotni o`z geosiyosiy maqsadiga bo`ysindirish uchun aniq harakatlar boshlagan va uning tarkibida harbiy ittifoq - Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tuzilgan.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha bu shartnoma doirasida ham qator ziddiyatlar mavjud.
“Masalan, Kavkazda yoki Markaziy Osiyoda biror harbiy aralashuvga molik muammo tug`iladigan bo`lsa, bu muammolar yanada keskinlashadi. Belarusdagi tamoyillarga ko`ra Belarus mamlakatdan tashqaridagi birorta [mojaroli] muammoga jalb etilmaydi. Bu borada asosiy davlat Rossiyaning o`zining imkoniyatlarini oladigan bo`lsak, uning ichki muammolari, armiyasining ichidagi holatlar juda ham achinarli”, - deydi Rabbimov.
Siyosatshunos MDHni mamlakatlar manfaati va qadriyatlar emas, ko`proq siyosiy kuch ushlab turibdi:
“Masalan, saylovlarda MDHdan delegatlar keladi va saylov o`tdi degan fikrni bildirishadi. Deylik, Tojikistonda o`tgan saylovlar. Biroq, bu saylovlar qanday kriteriyalarga asosan o`tdi yoki o`tmaganligi haqida hech narsa deyilmaydi. Ya’ni, saylovlar o`tgani tan olinadi, lekin nima asosida tan oladi? Hali tan olinmagan holat bo`lgani yo`q. Ana shunday qadriyatlar bo`shlig`i mavjud. To`g`ri, MDH vaziyatga moslashishga harakat qilayapti, lekin bu bo`shliqning o`zi, nazarimda, uning umrini tugashiga ham xizmat qiladi”, - deydi siyosatshunos.
Ayrim tahlilchilarga ko`ra sobiq ittifoq davlatlari rivojlanishning va tashqi siyosatning turli yo`nalishlarini tanlagan. Ayni paytda MDH taklif etayotgan sobiq ittifoq hududida yagona bir kuch ostida birlashish va tashqi aloqalarni bu kuch bilan hisoblashgan holda yuritish siyosati, sobiq imperiya ta`siridan qutilgan va demokratik rivojlanish yo`lini tanlagan mustaqil davlatlarni qanoatlantirmaydi.