AQShda chop etiladigan markaziy gazetalar Rossiyaning Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligiga (MDH) a’zo-davlatlarga o’z ta’sirini o’tkazishdagi faolligini sharhlamoqdalar.
"Washington Post” (Vashington Post) gazetasi AQShning BMTdagi sobiq elchisi Richard Xolbruk fikrini yoritgan. Janob Xolbrukka ko’ra, Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Vladimir Putinning bunday siyosatiga beparvo bo’lmasligi kerak va ayniqsa Rossiyaning Gruziya bilan taranglashgan aloqalarida Kavkazdagi bu kichik davlatga yordam qo’lini cho’zishi zarur.
Chunki, AQSh diplomati nazarida, Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili MDH rahbarlari orasida eng mustaqili va G’arb bilan yaqinlashish tarafdori hisoblanadi. Putin esa AQShning Iroq va Afg’onistondagi qiyinchiliklaridan foydalangan holda Saakashvili hukumatiga xavf tug’dirmoqda.
Richard Xolbrukning "Vashington Post " gazetasidagi maqolasiga ko’ra, AQSh prezidenti Jorj Bush ozodlik haqidagi ma’ruzayu siyosatini amalda ishga solmoqchi bo’lsa, Gruziya mustaqilligini Rossiyaning energetika sohasidagi salohiyati va BMTdagi ahamiyatiga alishmasligi kerak va Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda rasmiy Moskvaga bosim qo’yib, Gruziya va Saakashvilini holi qo’yishini talab qilishi zarur.
AQShning boshqa bir nufuzli gazetasi - “Vashington Tayms”ga ko’ra, yaqinda Minskda o’tgan MDH ga a’zo-davlatlar rahbarlarining sammitida Putin Saakashvili bilan birga-bir uchrashishdan bosh tortgan. Prezident Bush esa seshanba kuni Rigada mehmon bo’layotib, Gruziyani NATOga jon-jon deb qabul qilishini bildirgan.
“Vashington Post” dan farqli o’laroq “Vashington Tayms” dagi maqolaga ko’ra, Putinning MDH hududida o’z ta’sirini tiklashga va kuchaytirishga qaratilgan harakatlari hozircha muvaffaqiyat keltirmayapti.
Bu borada gazeta yaqinda Minskda o’tgan MDH ga a’zo-davlatlar rahbarlarining sammitini misol qilgan. Unga ko’ra, Rossiyaga eng yaqin hisoblangan Belarus ham unga qo’yilgan gaz narxlarining ko’tarilganidan norozi.
MDHning samara bermayotganidan va Rossiyaning tashkilot ichida o’z mavqesini kuchaytirishga qaratilgan siyosatidan norozi unga a’zo boshqa mamlakatlar tashkilotdan bezimoqda. MDHni isloh qilish bo’yicha qaror esa kelasi iyungacha qoldirildi. “Vashington Tayms”ga ko’ra, Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev MDHni Yevropa Ittifoqi kabi erkin-savdo zonasiga aylantirishga qaratilgan islohotlarni taklif qilmoqda.