O’zbekistondagi oddiy aholi boshidan kechirayotgan iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchiliklarni nogironlar hayotida ham kuzatish mumkin.
Ayni paytda ishsizlik, uysizlik muammosi, ko’pgina imtiyozlarga ega emasliklari va davlat tomonidan berilayotgan nafaqaning ozligi nogironlar turmushini yana-da og’irlashtirgan.
Respublikada so’nggi yillar nogiron bolalarning ko’payayotgani ham mutaxassislarni xavotirga solmoqda.
Nogironlik aravachasida o’tirib berilib qo’shiq kuylayotgan Zumradxon Haqberdiyeva Samarqand viloyati Nogironlar jamiyati qoshida tashkil etilgan “Zarafshon taronasi” ansambli xonandasidir.
“Ahvolim havas qiladigan darajada bo’lmasa-da, men hayotga tirmashib, kurashib yashashni niyat qildim”, - deydi Zumradxon.
Bugun O’zbekistonda 800 mingga yaqin nogiron istiqomat qiladi. Ba’zi nogironlar fikricha, ayni paytda ularning o’rtacha hayot kechirishi uchun to’sqinlik qiladigan muammolar talaygina.
Farg’ona viloyat Nogironlar jamiyatidan Ziroatxon Oripovaning aytishicha, mintaqada 93 mingdan ziyod turli toifadagi nogironlar yashaydi.
“Hozir mana, sog’larning o’ziyam hayotda juda qiynalgan iqtisodiy tanglik davri bo’lgani uchun. Bizning Farg’ona viloyatimizda ham shu hol bor. Bularning endi olgan nafaqalari o’zlariga yoki oilalariga yetishmaydi. Ishsizlik ko’p juda ham. Gazga to’lashga, kommunal ishlari bo’yicha to’lovlarga juda qiynaladi nogironlar. Chunki olgan nafaqasi o’zining oziq-ovqatiga yetishi qiyin. Uni kiyimi bor, yashash sharoiti bor, yashash sharoitingizni ham agar remont qilib turmasangiz, hamma yog’i yomon bo’lib ketadi. Unga endi orttirishi qiyin. Ayniqsa yakka-yolg’izlar ko’p. Yolg’iz onalar bor nogiron bolalik, nogiron onalar bor. Mana shularga katta e’tibor berish kerak”, -deydi farg’onalik Ziroatxon.
O’zbekistondagi nogironlarning 35 ming nafardan ziyodi ko’zi ojizlar hisoblanadi. Respublikada nogironlar uchun uch maxsus bilim yurti mavjud. Biroq ko’zi ojizlar bilim olishi uchun maxsus darslik va o’quv qurollarining yetishmasligi ham dolzarb muammolardan biriga aylangan.
“Darslik yetishmayapti, uning ustiga o’quv qurollari eskirib ketgan-da, yana shu muammo ustiga muammo qilib lotin alifbosiga o’tishyapti. Maxsus qog’ozimiz bor, sog’larning qog’oziga qaraganda sal yo’g’onroq, qalinroq bo’ladi, maxsus daftar bo’ladi. O’shanaqa daftarlar ilgari Moskvadan kelardi, hozir judayam muammo bo’lyapti bu narsa ham. Hattoki darsliklar chiqarishda ham bizlarning qog’ozlarimiz juda og’ir topilishi. Sog’larda ruchka degan narsalar bizda grifil pribor deyiladi, bular ham ilgaridan Rossiyadan keltirilardi. Hozir shu narsalar ham juda topilishi qiyin bo’lyapti”, - deydi ko’rish bo’yicha birinchi guruh nogironi Turg’unboy.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, bugun O’zbekistonda 16 yoshgacha bo’lganlarning 147 ming nafari nogiron. Bu bolalar orasida iqtidorlilari ham talaygina. Nogiron bolalarning o’zlarini nokerak his etmasliklari, san’atning turli xil yo’nalishlari bo’yicha saboq olishlari uchun maxsus markazlar ham tashkil etilmoqda.
“Qo’qon shahrida yetuk musavvir Ahmadaliyev Tursunali aka o’zlarining oilalari bilan “Iqtidor” degan o’quv markazini tashkil qildilar. Mana shu markazda hozir 100 dan ortiq nogiron yoshlarni badiiy san’at va xalq amaliy san’atiga o’rgatishyapti. Bularning ichida tishida, og'zida rasm chizadiganlari bor, oyog’ida rasm chizadiganlar bor, oyog’ida to’qiydiganlar bor. Xalq amaliy san’ati bilan shug’ullanadiganlari bor, kashtachilik qiladiganlari bor”, - deydi Ziroatxon Oripova.
Ayni paytda Andijon viloyatidagi nogiron bolalar soni 16 ming nafarni tashkil etadi. Andijon viloyat nogiron bolalar ota-onalari uyushmasi raisasi Maqsudaxon Matxalilova 1996 yili respublikada birinchi bo’lib tuzilgan ushbu uyushma maqsad va vazifalari haqida gapirarkan, hamon ba’zi ota-onalar o’z nogiron bolalari borligini yashirishlari ham sir emasligini aytadi.
“Viloyat nogiron bolalar ota-onalarining uyushmasi maqsad-vazifalari shu nogiron bolalari bor ota-onalarni birlashtirib, bu bolalarni reoblitatsiya-integratsiya qilishda ularning ota-onalarini faollashtirishdir. Chunki ota-ona birinchi bolasini sezadi. Hamma bolalar iqtidorlidir, faqat uni o’z vaqtida seza olish kerak va yo’naltirish berish kerak. Ota-onalar bolalarini yashirib o’tirishlari kerak emas, jamiyatga o’zlari qo’shishlari kerak. Biz u bolalarga rahmdillik qilib yoki ko’z yoshlarimiz bilan yordam berolmaymiz”, - deydi Maqsudaxon.
Ziroatxon Oripova Vazirlar mahkamasining nogironlarga imtiyozlar bo’yicha qarorlari mavjudligini, biroq bu qarorlar joylarda bajarilmasligini aytadi.
“Shu qarorlarning ham joylarda bajarilishi ta’minlanmaydi. Mana shu qiyinchilik bizni qiynab keladi. Agar imtiyozlar ochiq-oydin bo’lsa, Soliq kodekslarida ham imtiyozlar yozilgan, lekin qanaqadir sirpanchiq yozilgan-da. Aniq, ro’yi-rost yozilmagan. Bu yozilgan moddalarni u tomonidan ham, bu tomonidan ham aylanib o’tsangiz bo’laveradi. Uchib ketsangiz ham bo’laveradi tepasidan. Lekin undan bir foyda qolmaydi”.