O'zbekiston endi gazni Qirg'izistonga ikki baravar qimmatga sotadi

2007 yildan e’tiboran Qirg’iziston O’zbekistondan tabiiy gazni avvalgiga nisbatan ikki barobar qimmat narxda sotib oladigan bo’ldi.

O’zbekiston qo’shni Qirg’izistonga gazning har ming kubometrini 55 dollardan 100 dollarga ko’tardi.

Toshkentga 2007 yilda Qirg’izistonga gaz yetkazib berish masalasini hal qilish uchun borgan bosh vazir o’rinbosari Daniyar Usenovning aytishicha, muzokaralar juda qiyin, ammo, sermahsul kechgan.

“Qirg’iz bilan o’zbek oxirgi 3 yilda rasman shartnoma tuzdi”, – deydi bosh vazir o’rinbosari Daniyar Usenov.

Uning aytishicha, 2006 yil oxirigacha Qirg’iziston gazni O’zbekistondan eski narxda – har ming kub metrini 55 dollardan sotib oladi. Bosh vazir o’rinbosari bu inoyatni O’zbekiston prezidenti qilganini, chunki o’zbek rasmiylari 2006 yil noyabridan e’tiboran xaridorlar uchun tabiiy gazning har ming kub metrini 100 dollardan sotayotganini ta’kidlaydi.

“Qirg’izgaz” hissadorlik jamiyati rahbari Igor’ Chudinovning aytishicha, Qirg’iziston O’zbekistondan tabiiy gazni yangi narxda sotib olishga majbur, chunki, muammoni hal qilishning boshqa yo’li yo’q.

“Yaqin 5 yil davomida o’zbek gazidan boshqa gaz bo’lmaydi”, – deydi Igor’ Chudinov.

Uning aytishicha, O’zbekiston yangi 2007 yilda Qirg’izistonga 850 million kub metr hajmda gaz yetkazib berishga rozi bo’lgan.

Qirg’iziston elektr stantsiyalari korxonalari rahbari Sapar Balqibekovning aytishicha, mamlakat aholining energetikaga nisbatan ehtiyojini elektr quvvati bilan qondira olmaydi, garchi elektr energiyasi mamlakatning o’zida ishlab chiqarilsa-da. Chunki, Qirg’iziston elektr sanoatining barcha qurilmalari sobiq Ittifoq davrida ishlab chiqarilgan va hozirda bu qurilmalar eskirib ketgan.

Bosh vazir o’rinbosari Daniyar Usenovning aytishicha, O’zbekiston gazni qimmatlagani evaziga Qirg’izistondan elektr energiyasi sotib olishga rozi bo’lgan.

“20 maydan 10 sentyabrga qadar To’qtag’ul suv omboridan 1, 5 milliard kub metr hajmdagi suvni O’zbekiston uchun qo’yib yuboramiz. Buning natijasida hosil bo’lgan 1, 3 milliard kilovatt elektr energiyasini o’zbeklar har kilovattini 1, 1 tsentdan sotib oladi”, – deydi Daniyar Usenov.

Daniyar Usenovga ko’ra, avval O’zbekiston Qirg’izistondan elektr energiyasini umuman sotib olmagan, suvni esa, qirg’izlar o’zbeklarga deyarli bepul berganlar.

Tabiiy, tabiiy gaz narxi Qirg’izistonda yangi yildan e’tiboran aholi uchun ham qimmatlaydi. Avval aholi tabiiy gazning har kub metri uchun taxminan 6-7 tsent haq to’lagan bo’lsa, endi 13-14 tsent miqdorida to’lashi ko’zda tutilmoqda. Ammo hukumat aholining kam ta’minlangan qismiga tabiy gazdan foydalanish uchun imtiyoz berishni va’da qilmoqda.