Inkor etilsa-da, e'tiqod erkinligi muammoligicha qolmoqda

AQSh Davlat departamenti O`zbekistonni e`tiqod erkinligi keng tarzda buzilayotgan, alohida tashvishga molik davlatlar qatoriga kiritgan. Maqomga rasmiy Toshkent keskin qarshilik bildirib kelmoqda.

Yaqinda AQShning O`zbekistondagi elchisi Jon Purnel jamoatchilikdan tushayotgan e’tirozga o’z javobini yozdi.

Andijonda tarqatilgan varaqalarda O`zbekistonda e`tiqod erkinligi bo`g’ilmayapti, mamlakatda turli din vakillari tinch-totuv yashayapti, AQShning O`zbekistonni bu borda alohida tashvishga molik davlat sifatida ko`rishi ikkiyuzlamachilikdir deya bildirilgan.

AQSh elchisi Jon Purnelning Uzmetronom.com axborot saytida andijonliklar maktubiga javoban e`lon qilingan xatida keltirishicha, AQSh O`zbekiston aholisining turli din vakillariga bo`lgan bag`rikengligini yuksak baholaydi.

Biroq AQSh nazarida diniy saboq olish va e`tiqod qilish sezilarli darajada cheklangan.

AQSh elchisi fikricha har safar biror kishi aynan o`z diniga e`tiqodi uchun hibsga olinsa yoki deportatsiya qilinsa, bu jiddiy tashvishga sabab bo`ladi.

Xatda ta`kidlanishicha O`zbekiston hukumati elchixonaning musulmon dinidagi ikki nafar xodimiga O`zbekistonda ishlash uchun ruxsat bermagan.

Jon Pernel o`z xatida, Andijonda diniy erkinlikka oid vaziyat yuzasidan ham ayni paytda turli tashvishli xabarlar bor, deydi.

Huquq himoyachilari nazarida esa mamlakatda inson huquqlari buzilayotgani asosan e’tiqod erkinligining poymol etilayotgani bilan bog’liq.

Norasmiy ma’lumotlarga ko`ra, Andijonda azon o`qishda mikrofondan foydalanish ta’qiqlangan.

Farg`onalik kuzatuvchi Abdusalom Ergashevning aytishicha bunday holat Farg`onada ham kuzatilgan.

“Farg’onaning o`zida ham shunday cheklov amalga oshirildi. Ba`zi masjidlardan ovoz kuchaytirgichlar olib qo`yiladi. AQSh Davalat departamenti hisobotiga munosabat bildirilgan xat, menimcha, hukumat tomonidan uyushtirilgan xat”,- deydi Ergashev.

“Birinchidan, bir necha milliy markaz vakillari bir joyga to`planib, bunday masalani muhokama qilmaydi. Ikkinchidan oddiy ko’z bilan qaraganda ham diniy cheklovlarni hamma biladi. Masjidlardagi jamoa nomozlari, ma’ruzalar bormi, hammasiga cheklovlar qo`yilgan”, - deydi faol.

O`zbekiston Inson huquqlari harakati tarqatgan ma’lumotlarda keltirilishicha, Andijon viloyatiga yangi hokim tayinlangach aynan musulmonlar e`tiqodini cheklovchi qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, maktab oquvchilari majburiy ravishda diskotekalarga olib borilmoqda.

Islom o’quv maskanlari bitiruvchilari, ayniqsa hijobdagi xotin-qizlar uchun ish topish muammoli bo`lib qolmoqda.

Diniy ta’qib so’nggi yillarda nasroniy oqimlarga ham ko`rsatila boshlangan.

Qoraqalpog`istondagi “To`liq evangelchilar” oqimiga tegishli ibodat uyi hokimyat tomonidan tortib olingan va faoliyati to`xtatilgan.

“Mazlum” inson huquqlari tashkiloti rahbari A`zam Turg`unovning aytishicha asosiy bosim mamlakatdagi minglab musulmonlarga ko`rsatilmoqda.

“Mana kecha Yangiyo`lda ikki aka-ukani ishini ko`rdim. Hatto o`sha yerdagi qo`shnilari, bizning kimligimizni bilishmaydi ham, shu odamlar hizbut bo`lmasa ham bekordan-bekorga qamalib ketdi deyishdi. Masalan, nomoz o`qishi bu uning diniy e`tiqodi. Agar shuning uchun qamalayotgan bo`lsa, bu hukumat tomonidan yo`l qo`yilayotgan xato yoki kamchilik emas, hukumat tomonidan uyushtirilayotgan jinoyat”, - deydi huquq himoyachisi.