Yangi yilda Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilishi yoki uzaytirishi mumkin. O’zbekiston-AQSh munosabatlari ham sovuqligicha qolmoqda.
Markaziy Osiyoni anchadan beri o’rganayotgan mutaxassis, Jorj Marshall nomidagi Xavfsizlik bo’yicha Yevropa tadqiqot markazi xodimi Rojer Kangas fikricha AQSh va O’zbekiston muloqotni kichik qadamlar bilan boshlashi kerak.
“Achchiq gaplarni chetga qo’yib, huquqi buzilgan guruhlar va insonlar taqdiri haqida amaliy muloqot qilmoq zarur. Bir vaqtning o’zida, ham huquq, ham strategik masalalarni muhokama qilsa bo’ladi. Buni har ikkala mamlakat tushunishi lozim.”
Ammo hozirga kelib, mintaqa AQShga avvalgidek ishonch bilan qaramaydi. Ba’zilar nazarida AQSh demokratiya niqobi ostida Markaziy Osiyoni o’z ta’siri ostiga olish, hukumatlarini almashtirish payida, deydi Rojer Kangas.
“AQShning Qirg’izistondagi voqealarda qo’li bor va boshqa davlatlarda ham hokimiyatni o’zgartirish harakatida degan taxminlar, afsuski, Amerikaga nisbatan xavfsirash uyg’otgan.”
AQSh o’zaro manfaatli hamkorlikka intilayotgani, zimdan ish tutmayotganini amalda qanday ko’rsatishi mumkin?
“Va’da berish va uning ustidan chiqish, aniq dasturlar haqida gapirish va ularni amalga oshirish lozim. Qaysi sohada bo’lishidan qat’iy nazar. Ikkinchidan, biz amerikaliklar tushunishimiz kerak – siyosiy o’zgarishlar biz xohlagan tezlikda bo’lmasligi mumkin. Mintaqa davlatlarida islohotlarning o’z vaqti-soati bor, deydi mutaxassis”
Lekin Rojer Kangas nazarida Yevropa Ittifoqida O’zbekistonga nisbatan munosabat boshqacha.
“Germaniyaning O’zbekiston manfaati asosan Termizda joylashgan harbiy bazada. Germaniya Afg’onistonda qo’shinga ega ekan, O’zbekiston ham diqqat markazida. Germaniya parlamentida Markaziy Osiyo bilan qiziqqan qo’mita va siyosiy guruhlar bor. Britaniya bilan munosabatlar uncha yaxshi emas. Yevropa yagona siyosat bilan chiqmayapti. Qisqasi gap ko’pu, aniq ishlar kam.”
Yevropa Ittifoqi O’zbekiston bilan yaqinroq aloqa qilishni istaydi, deydi Rojer Kangas, biroq iqtisodiy islohotlarga chaqirish uchun bosim vositalari yetishmaydi.