2006 yil Tojikiston hukumati idoralarida o’tirganlar uchun buyuk o’zgarishlar davri bo'ldi.
Tojikistonda asosiy qurilishlar boshlandi va davom ettirilmoqda. Eronning iqtisodiy ko’magi va bevosita yordami tufayli mamlakat janubini shimol bilan bog’laydigan Anzob tunnelidagi asosiy ishlar yakunlandi.
Mamlakat shimolida Xitoyning qariyib 1 milliard dollarlik sarmoyasi tufayli buyuk ipak yo’lini tiklash ishlari boshlab yuborildi.
Janubda Rossiya ko’magida respublika energetika mustaqilligini tiklashga hissa qo’shuvchi Sangto’da -1 GESi qurilishi boshlandi.
Siyosiy hayotda esa mamlakat prezidenti Imomali Rahmonov qayta saylandi va hukumat idoralarida yirik kadrlar o’zgarishi amalga oshirildi.
Tojikiston demokratik partiyasi So’gd viloyati raisi o’rinbosari Abdujabbor Yo’ldoshev 2006 yil yakunlari haqida fikr bildirar ekan, bu yil ular uchun bir imtihon bo’lganini, mamlakatning qo’shnilar bilan munosabati yaxshilanmaganini, Tojikistonga ko’pgina davlatlar faqat va’danigina berib kelayotganini, hamma narsa rahbarlarga yaxshi-yu, oddiy xalqga og’irligini aytadi.
“2006 yil siyosiy partiyalar uchun raqobat yili bo’ldi. Tojikiston demokratik partiyasi bir imtihondan o’tdi. Boshqa davlatlar bilan aloqa masalasida esa, Tojikistonga hamma va’da beradiyu, lekin va’dasiga turmaydi. Shanxae [tashkiloti] hozir Tojikistonga inshootlarni ishini boshlashga harakat qilyapti. Ko’zimiz bilan ko’rdik, yo’llarni qilishyapti. Bir tomondan Rossiya GES ishini boshladi. Yana BMT xizmati tegyapti, ko’ryapmiz”,- deydi Yo’ldoshev.
“Mana hozir chiroq yo’q, bu bizga muammo. Gazni biz O’zbekistondan sotib olamiz. Qo’shnilar bilan yaxshi bo’lish kerak. Hozir O’zbekiston bilan aloqamiz uncha yaxshi emas, lekin ular ham bizni iqtisodiy qamal qilmoqda. Bizlar azobda, bechora xalq azob chekmoqda. Rahbarlarda azob yo’q, ularni muammosi hal bo’lgan, lekin bechora xalq azobda”, - deydi Tojikiston demokratik partiyasi vakili Abdujabbor Yo’ldoshev.
Rossiyada uzoq yillar mehnat muhojirligida bo’lgan bir tojik ziyolisi esa ovozini bermaslik sharti bilan o’z mulohazasini bildirar ekan, “ Hozir qishloqda menga yetar boy yo’q”,- deydi.
“Hammasi Rossiya orqasidan. Men Afg’onistonda desantchi edim. O’sha desantchi do’stlarim tufayli Rossiyada boylik ortirrmoqdaman. Ammo biz bir narsani o’ylab ko’rishimiz kerak. Afg’onistondagi 10 yillik urushda Tojikistondan 600 mingga yaqin soldat ishtirok etgan. Talofotimiz esa Tojikistondan jami 232 kishi bo’lgan. 10 yillk urushda biz 232 insonni boy berdik. Rossiyadan esa har yili uch yuzga yaqin o’lik kelmoqda. Menga Tojikistonda yangi yil tatimaydi”.
Tojikistonlikning aytishicha, uni urushda o’limdan va mustaqillik yillarida qashshoqlikdan desantchi do’stlari qutqarib qoldi. Lekin odamlar 10 yillik afg’on urushida ko’rmagan talofotni Rossiyada har yili ortig’i bilan ko’rmoqda, deydi u. “Men o’tayotgan yillarning kimlardir uchun motam yili bo’lib qolayotganidan afsusdaman”.
2006 yilni sermahsul davr sifatida qayd etayotgan o’qituvchilar ham bor.
“Xalqning yakdillik bilan ovoz berganini o’zi Tojikistonda haqiqiy demokratiya yo’lga qo’yilganligini, siyosiy yetuklikni ko’rsatadi”,- deydi o’qituvchi Jabbor Saidov. Uning fikricha, prezident erkin elektr quvvati va’da qilmoqda. Bu, deydi u, katta iqtisodiy o’zgarishlarga olib boradi.