Turkmanistonda prezident saylovlari 11 fevralga belgilangan ekan, Saparmurod Niyozovodan keyingi mamlakat kelajagi va AQShning Turkmanistonga nisbatan siyosati AQShlik tahlilchilar davrasida hamon muhokama qilinmoqda. Ularning bu borada fikrlari turlicha.
Konservativ siyosat tarafdori hisoblangan Xeritij Jamg’armasi (Heritage Foundation)mutaxassisi Ariel Koen nazarida, AQSh Turkmanistonda harbiy bazaga egalik qilishi kerak.
"Eron bilan mojaromiz va ziddiyatlarimiz kuchayar ekan, uning atrofidagi davlatlarda harbiy inshootlardan foydalanishga imkoniyatni qo’lga kiritish kerak," deydi Ariel Koen.
Biroq boshqa tahlilchilar bunday siyosatni xato deb hisoblaydi. AQSh Armiyasiga qarashli harbiy kollejda dars beruvchi Stiven Blankka ko’ra, AQShning Turkmanistonda harbiy bazaga egalik qilish ishtiyoqi Turkmanistondagi yangi rahbariyatni cho’chitib yuborishi mumkin. Bundan tashqari, deydi mutaxassis, yangi bazani ochish AQShni ayni damdagi siyosatiga qarshi bo’lar edi. AQSh jahon bo’ylab bazalarni ko’paytirish emas, qisqartirish bilan ovora.
"Bu haqda hozir og’iz ochish Turkmaniston yangi rahbariyatining AQShning haqiqiy maqsadi haqidagi shubhasini kuchaytiradi. Bu Rossiya va Eronga Turkmaniston bilan yanada yaqinroq hamkorlik qilishga bahona yaratadi. Bizga esa bu kerak emas," deydi u.
Stiven Blank fikricha, Qo’shma Shtatlar Yaqin Sharqdagi siyosati kabi Turkmanistonga nisbatan ham demokratiyalashtirish siyosatini ustun qo’ymasligi kerak.
"Turkmanistonda bir kishining o’zi butun boshli davlat edi. Hozir ana o’sha tizimdan haqiqiy davlat tizimiga o’tish ehtiyoji tug’ilmoqda. Muvaqqat prezident Qurbonguli Berdimuhammedov saylov kampaniyasi davrida internetdan foydalanishni kengaytirish, nafaqa va ta’lim tizimini qayta ko’rib chiqish haqida gapirdi. Qo’shma Shtatlarning hozirgi vazifasi Turkmanistonga ana shu narsalarga rag’batlantirish va yordam ko’rsatish."
Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti qoshida Markaziy Osiyo va Kavkaz Institutini boshqarayotgan Frederik Starr ham Stiven Blank fikriga qo’shilgan holda Turkmaniston bilan ishonch rishtalarini kuchaytirish kerak, deydi.
"Yakkahokimlik tizimini o’ziga meros qilib olgan Turkmanistondagi hukumat ta’lim va sog’liqni saqlash sohalarini isloh qilishi haqida gap ochar ekan, Qo’shma Shtatlar buni hamkorlikka taklif sifatida qabul qilishi kerak va shu sohalardagi turli loyihalarda ishtirok etishi kerak. Ikki davlat o’rtasida bo’lmagan ishonchni yaratish kerak," deydi doktor Starr.
Unga ko’ra, kutilmaganda Niyozovdan ayrilgan Turkmanistondan katta o’zgarishlarni qisqa muddatda kutmaslik kerak, chunki Stalinni tanqid qilish ham o’limidan uch yil o’tgachgina boshlangan.
Mutaxassislar fikricha, Rossiya Turkmanistondagi siyosatga o’z ta’sirini o’tkazishga va turkman gazini qulay narxda va kerakli miqdorda uzluksiz olishga qattiq harakat qila boshlaydi. Buning oldini olish uchun esa AQSh Turkmanistonni muqobil gaz quvurlaridan foydalanishga va Markaziy Osiyo davlatlarini qo’shimcha quvurlar qurishga undashi hamda Rossiya va Xitoyning yonilg’i bo’yicha ziddiyatlaridan unumli foydalanishi kerak.