Inson huquqlari muammolarini o’rganuvchi Freedom House, ya’ni Ozodlik Uyi tashkiloti o’tkazgan izlanish natijasiga ko’ra, 2006 yili jahon bo’ylab huquq bobida ijobiy o’zgarish kuzatilmagan. Ayniqsa, O’zbekistonda ahvol yanada salbiylashgan.
“2007 yilda Jahonda erkinlik” sarlavhasi ostida chiqqan izlanish xulosasiga ko’ra, so’nggi o’n yil ichida “erkin” deb tan olingan davlatlar sonida katta o’zgarish bo’lmagan. Aksincha, Osiyo va Tinch Okeani mintaqasida joylashgan davlatlarda orqaga chekinish kuzatilgan. Birma, Zimbabve, Somali, Eritreya va Eron tashkilot tomonidan ana shunday davlatlar qatoriga qo’shildi.
Fridom Xaus davlatlarga nisbatan “erkin” iborasini ishlatayotganda ulardagi siyosiy erkinlik, so’z va matbuot erkinligi, qonun ustuvorligi, korrupsiya va hokimiyatning boshqarilish darajasini hisobga oladi.
Sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi davlatlar, hisobotga ko’ra, 2006 yilda katta o’zgarishlarga uchramagan. 2004 va 2005 yillarda rangli inqilobni boshdan kechirgan Gruziya “qisman erkin”, Ukraina esa “erkin” deb baholangan. Tashkilotga ko’ra, Rossiya nodavlat tashkilotlarga qarshi tazyiqi bilan mintaqadagi avtoritar rahbarlarga namuna sifatida xizmat qilmoqda. Hisobot Ozarbayjon va Qirg’izistonda ham 2006 yili chekinish bo’lganini ta’kidlaydi.
Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda sobiq Ittifoq davlatlari orasida 13 mamlakat “erkin”, 8 mamlakat “qisman erkin” va 7 mamlakat, jumladan O’zbekiston ham “erkin emas” deb tan olingan.
Jami esa jahon bo’ylab 45 davlat “erkin emas” deb baholangan. Ularning 8 nafariga esa eng past baho qo’yilgan va "yomonlarning yomoni" degan tamg'a bosilgan. Bular Kuba, Shimoliy Koreya, Liviya, Sudan, Birma, Somali, Turkmaniston va O'zbekiston. O’zbekiston o’tgan yili ham “yomonlarning yomoni” safida edi. Unga 2005 yil may oyidagi Andijon voqealari va hukumatning tinch aholini o’qqa tutishi asosiy sabab bo’lgan edi.
2006 yilda O’zbekistonda qator xalqaro tashkilotlar yopilgan, inson huquqlari faollari va jurnalistlar hibsga olingan, ba’zilari mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan.