O'zbekistonlik noqonuniy migrantlar Rossiyadan qaytishga majbur

Rossiyada irqchilik qurboni bo`lgan o`zbekistonliklar soni ko’payib bormoqda. Mehnat muhojirlari haqida yangi qonunning kuchga kirishi bilan Rossiya o`zbekistonlik mehnat muhojirlaridan ham tozalana boshlandi.

Ayni paytda ularning ko`pchiligi O`zbekistonga qaytmoqda. Qonunga muvofiq, Rossiyada ishlash istagidagi mehnat muhojirlari migratsiya xizmati ro`yxatidan qayta o`tishi lozim.

Yangi qonunga ko`ra, chakana savdo bilan shug’ullanuvchi mehnat muhojirlari soni tub aholi foydasiga keskin qisqaradi. Keyinchalik ularning soni mutlaqo yo’qqa chiqishi ta`kidlanadi. Bu qaror Rossiya aholisning manfaatlari uchun amalga oshirilayotgani bildirilmoqda.

O`zbekistonda mehnat muhojirlari, xususan Rossiayaga ish izlab ketayotgan milliondan oshiq fuqarolar taqdiri bilan qiziquvchi birorta rasmiy tashkilot yo’q.

O`zbekiston nohukumat tashkilotlar milliy uyushmasidan olingan ma’lumotlarga ko`ra ham, mehnat muhojirlari taqdiri, bu boradagi vaziyatga ixtisoslashgan tashkilot yo’q.

“Istiqbolli Avlod” nohukumat tashkiloti rahbari Nodira Karimovaning aytishicha, tashkilot ko`proq jinsiy ekspluatatsiya qurbonlari bilan shug’ullanadi. Shunga qaramasdan bu tashkilotga nochor ahvolga tushib qolgan ko`plab mehnat muhojirlari murojaat qiladi.

Nodira Karimova Rossiyaga ketayotgan mehnat muhojirlarining soni, bu boradagi vaziyat haqida aniq ma’lumot bermasa-da, yordamga muhtojlar ko`p ekanini urg`ulaydi.

“Ko’proq qurilish sohasida ishlaydiganlar murojaat qilishadi. Ularni hujjatlarini olib qo’yishadi, ish haqini berishmaydi va keyin boshqa odamga sotib yuborishadi”, - deydi Nodira Karimova.

Samarqanddagi inson huquqlari markazi rahbari Komiljon Ashurov bir necha yillar avval menhat muhojirlariga bog`liq vaziyat bilan shug’ullangan. Yangi qonun haqida mulohaza yuritar ekan, Ashurov rossiyaliklarning o`zi bozorlarda ishlashiga shubha bilan qaraydi.

“60 foiz mahalliy aholi, 40 foiz chetdan kelgan aholi ishlashi kerak deyishyapti. Bizning xalqimiz u yerga borib o`g`rilik qilmaydi, halol mehnat qiladi. Sovuqlarda 15-18 soat mobaynida bozorlarda savdo qiladi. Bu ishni mahalliy aholini o`zi qilishiga ishonish qiyin”, - dedi Komiljon Ashurov.

Uning nazarida Rossiyada shovinistik kayfiyat, millatchilik hukm suradi.

“Albatta statistik ma`lumotlar bu yopiq, lekin men bir narsani aniq bilaman: shu yerda yashaymiz, mahalla ko`yda eshitamiz. Afg`onistonda 9 yil davom etgan urushda Samarqand viloyati bo`yicha 62-63 kishi o`lgan bo`lsa, oxirgi 3-4 yil ichidagi o`lim bundan ko`p, “gruz 200” deyiladi, kelgan hollari bor”, - deydi huquq himoyachisi.

Shunga qaramasdan muhojirlar soni qisqarmayapti - aksincha Rossiyaga oila bilan ko’chish holatlari ko`paymoqda. Hatto odamlarning maktablardan o’z bolalarini olib, ko`chish holatlari ko`paygan.

“Rasmiy aytilayotgan va mustaqillikdan keyin ochilgan korxonalarni hammasi ishlayotgan bo`lganda edi, bizning xalqimiz chetga ish izlab chiqib ketmas edi. Vaholanki, ish yo’q, ish o`rinlari tobora kamayib bormoqda. Odamlar ham oilabiy tarzda ko`chishyapti, maktablardan bolalarini olib ketishayapti. O`qigani bilan nima bo`lardi deyishadi”, - ta’kidlaydi Komiljon Ashurov.

Mahalliy kuzatuvchilar fikricha O`zbekiston fuqarolarining Rossiyada xo`rlikka uchrayotgani hukumatga yaxshi ma`lum, biroq rasmiy Toshkent Rossiya hukumati bilan bu muhojirlar taqdiri yuzasidan muzokara yuritishga botina olmaydi.

Mahalliy kuzatuvchilardan biri Baxtiyor Isabek ta’biricha Rossiya bilan ittifoqchilik aloqalari faqat O`zbekistondagi ayrim guruhlarning hukumatda ko`proq qolishiga asoslanib qurilgan.

“Agar shunday bo`lmaganda edi, Rossiyada ish izlab yurgan, mardikorchilik qilyotgan, xo`rlanayotgan o`zberklar ham o`zbek xalqining tarkibiy qismi hisoblanib, ularni himoyalsh maqsadida ikki hukumat o`rtasida biror ish qilingan bo`lardi”, - deydi kuzatuvchi.

Huquq himoyachilari berayotgan ma’lumotlarga ko`ra, Rossiyadagi irqchilik kayfiyati va mavjud cheklovlarga qaramasdan bu yil muhojirlar soni yanada oshadi. Sabab sifatida O`zbekistondagi chorasizlik va ishsizlik ko`rsatilmoqda.