Moliyaviy tashkilotlar eski shartlar asosida O’zbekistonga qaytmoqda

O’zbekiston Xalqaro valyuta jamg’armasi va Jahon banki kabi nufuzli moliyaviy tashkilotlar bilan muloqotni qayta yo’lga qo’ymoqda.

Ayni paytda har ikki tashkilotning O`zbekistonga nisbatan strategiya-siyosati o`zgaramagan, talablar avvalgicha qolmoqda.

O`tgan dekabr oyida Xalqaro valyuta jamg’armasi delegatsiyasi O`zbekistonda bo`lib, iqtisodiy vaziyatni o`rganib, erkin iqtisodiy islohotlar uchun ko`mak ko`rsatishga tayyorligini bildirgan edi.

Yanvar oyida esa yana bir nufuzli moliyaviy tashkilot – Jahon banki anchadan buyon bo`sh qolib kelayotgan o`rin - O`zbekistondagi vakilini tayinladi.

Amerika Ovozi bilan suhbatda Jahon Bankining Markaziy Osiyo bo'yicha yangi rahbari Annett Dikson "O'zbekistonda iqtisodiyot o'smoqda, biroq juda sekin. Mamlakat barcha kuch va imkoniyatlarini ishga solmayapti",- deya bayon qilgan edi.

Har ikki xalqaro moliyaviy tashkilotning O`zbekistonga nisbatan stategiyasi o`zgarmagan, talablar avvalgicha – erkin islohotlar o`tkazish.

Shu bois kuzatuvchilar bu harakatlarni shunchaki ramziy ma’noda qabul qilish lozimligini bildirib o`tishadi.

Rasmiy ma’lumotlarda aytilishicha, O`zbekistonda iqtisodiy ko`rsatkich yildan yilga o’sib bormoqda. Biroq bu ma’lumotlarga ishonch ham yildan yilga yo’qolib borayapti.

Internet sahifalarida O`zbekiston iqtisodiga doir bir qator tahliliy maqolalar e`lon qilgan journalist Toshpolat Yo`ldoshev iqtisodiy qiyinchiliklari sababini yakka hokimlikdagi boshqaruvda ko`radi.

“27 million aholi bir kishining qaroriga bo`glanib qolgan. Mamlakatni olg`a surish uchun ijtimoiy ahvolni yaxshilash kerak. Aholining oila boqishiga yetarli pul ajratilishi zarur, ichki bozor rivojlanishi kerak, bizda esa ichki bozor juda tor va nochor. Yana bir faktor, albatta, korrupsiyaning keng miqyosda avj olgani”, - deydi Yo`ldoshev.

Uning fikricha bularning hammasi amaldagi hukumatning layoqatsizligidan darak beradi.

Mahalliy iqtisodchilardan biri Jahongir Shosalimov nazarida bugunga kelib O`zbekiston hukumati ishongan asosiy iqtisodiy tayanch – qishloq xo’jaligi ham barbod bo`lgan.

“O`zbekiston paxtasi chegaradan chiqib ketmasligi uchun uni ichki ishlar vazirligi qo`shinlari qo’riqlashdi. Bozorda dehqonning sakkiz oy mashaqqat bilan yetishtirgan paxtasi yarim kilo kartoshka narhida sotilmoqda. Bozorda bir kilo kartoshka 700 so`m turadi. Shularning o`zi paxtachilik, don yetishtirish vayron bo`lganini ko`rsatadi. O`zbekiston aholisining qashshoqligini berkitib bo`lmaydi”, - deydi Shosalimov.

Muxolifatdagi “Ozod dehqonlar” partiyasi a`zosi, fermer Xasan Choriyev fermerlar bugun faqat ezib siqilayapti, prokuratura xodimlari ulardan yetishtirilmagan daromadlar uchun to`lov undirish bilan ovora, deydi.

“Ba’zilarning qozoni 10-15 kun mobaynida qaynamaydi, bir paxta yog`i va piyoz bilan yashaydi, ayrimlarning uyida un ham yo`q. Men qishloqda turaman. O`zim guvohman hammasiga. Fermerga imkoniyat yo`q, televideniyeda esa faqat bir- ikkita boy fermerni ko`rsatib, maqtash bilan band, kambag’allari bilan ishi yo’q”, - deydi Choriyev.

Kuzatucvhilar ta’biricha, hukumat rasmiy manbalarda iqtisodiy o`sishlar haqida ma’lumot berayotgan bo`lsada, haqiqatda O`zbekistondagi iqtisodiy ahvolning og`irligidan yaxshi xabardor. Bu vaziyatni faqat kuch orqali ushlab turish yo`lidan bormoqda.

Bu fikrlarga qaramasdan xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan bo`layotgan muloqotlar va O`zbekiston ichidagi iqtisodiy vaziyat hukumatni tavsiya etilayotgan iqtisodiy islohotlarga majbur etishi mumkinmi?

Toshpo`lat Yoldoshev fikricha, hukumat tanqidchi muxolifat a`zolarini, tavsiya bergan kishilarni qamash bilan javob berayapti, shaxsan uning o`zi ham qattiq nazorat ostida.

“Bundan hukumat tepasidagilar mamlakat taraqqiyotini emas, faqat o`z cho`ntaklarini o`ylashayapti, deb xulosa qilish mumkin”, - deydi Yo`ldoshev.