Andijon fojealariga aloqadorlikda ayblanayotgan muxolif guruh a’zosi Isroiljon Xoldorov olti yilga qamoq jazosiga hukm qilingan.
Isroiljon Xoldorov ustidan hukm 19 fevral kuni Andijon viloyat sudida o`qilgan.
Xoldorov aksilkonstitutsiyaviy harakatda, jamoatchilikka xavf tug`diruvchi yolg`on axborot tarqatganlikda, noqonuniy tashkilotlar tuzish va davlat chegarasini buzishda ayblangan.
Xoldorovning advokati Ruhiddin Komilov fikriga ko`ra, Xoldorov faqat bitta aybni – davlat chegarasini noqonuniy buzib o`tganini tan olgan, xolos.
“Boshqa ayblarni tasdiqlovchi biror dalil”, - deydi u.
Ruhiddin Komilovning aytishicha, sudda Xoldorovning 90-yillar boshida muxolif partiyalardagi faoliyati ham tilga olingan. O`zbekiston qonunchiligida muxolif partiyaga a`zolik uchun jinoiy javobgarlikka tortish nazarda tutilmagan bo`lsada, aslida Xoldorov faqat muxolifat faoliyatini jonlantirish harakatlari uchun jazoga tortilmoqda.
Andijonda 2005 yilning may oyida yuz bergan fojialar guvohi bo`lgan va shundan keyin qo`shni Qir`gizistonga chiqib ketgan Xoldorovning O`zbekistonga qaytishi haqida ham turli ma`lumotlar bor.
Xoldorovning o`gli Abduqahhor Xoldorovning ma’lum qilishicha, otasi O`shdan Andijonga ixtiyoriy ravishda qaytgan va Milliy xavfsizlik xizmatiga murojaat qilgan.
“O`shga ketgani uchun kechirim so`rab, murojaat qilgan, keyin uni ushlab qolishdi va tergov boshlashdi”, - deydi u.
Boshqa manbalarga ko`ra esa u O`shdalik paytida O`zbekiston MMX xodimlari tomonidan o`grilab ketilgan.
“Erk” partiyasining bosh kotibi Otanazar Oripov fikricha, Isroiljon Xoldorov aynan Andijon fojealariga guvoh bo`lgani va bu haqda to’g’ri axborot berishi mumkin bo`lgan sanoqli kishilardan biri ekanligi uchun ham jazoga tortilmoqda.
Andijon fojealaridan keyin hozirgacha birgina vodiyda o`nlab huquq himoyachilari qamoqqa olingan, ularga qo`yilgan ayblar turli ko`rinishlarda bo`lsada, asosan, Andijon fojealaridagi guvohlik bilan bog`liqligi aytiladi.
Yaqinda Andijonda qamoqqa olingan Gulbahor To`rayevaning ayblanishida ham shu jihatlar borligi ta’kidlanmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga muvofiq, Andijon fojealari diniy ekstremistik guruhlar tomonidan amalga oshirilgan, huquq himoyachilari esa Andijon fojealari haqida yolg`on axborot tarqatgan.
Mustaqil manbalarga ko`ra, hukumat Andijondagi norozilik namoyishini kuch bilan bostirgan, yuzlab tinch aholi qurbon bo`lgan.
Bu orada O’zbekiston huquq himoyachilari alyansi qamoqdagi safdoshlari ozod etilishini talab qilmoqda.
Huquq himoyachilarining so’zlariga qaraganda, 21 fevral kuni O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi, Senat va Bosh prokuratura binosida piket qilish rejalangan. Biroq piket ishtirokchilarining hammasi ertalabdanoq ichki ishlar boshqarmasi vakillari tomonidan olib ketilgan, kechgacha so`roqqa tutilgandan so`ng, qo`yib yuborilgan.
O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakili Abdulla Tojiboy og`li ta’biricha, Tashqi ishlar vazirligida rejalangan piketda vazirning iste’fosi talab qilinishi ko’zda tutilgan.
“Chunki O`zbekistonning Yevropa Ittifoqiga bergan va’dalari amalga oshmayapti. Shuni nazarda tutgan holda tashqi ishlar vazirining iste`fosini so`rash rejalangan edi. O`zbekiston Xalqaro qizil xoch jamiyatiga O`zbekiston turmalariga kirishga ruxsat berish, huquq himoyachilari bilan muzokaralarni boshlash va Andijonga komissiya vakillarini kirgizishga va’da bergan. Faqat Andijonga komissiya kirgizish va`dasi amalga oshdi, qolgan va`dalar amalga oshgani yo’q”, - deydi Abdulla Tojiboy o`g`li.
Yaqinda alyans vakillari qamoqdagi huquq himoyachilari Mo`tabar Tojiboyeva va Umida Niyozovalarning ozod etilishi talabi yuzasidan jamoatchilikka ochiq xat bilan murojaat qilgan edi.
“Bu oxirgi choralarimizdan biri. O`zbekiston xalqidan shuni iltimos qilib so`radikki, agar haqiqiy demokratik davlatda yashashni istaganlar bo`lsa, o`zlarining noroziliklarini bildirib, ularni ozod etish to`g’risida o`z imzolarini ayashmasa, bir natijaga erishamiz deb, shu ishni boshladik”, - deydi alyans vakillaridan biri Rasul Tojiboyev.
Farg`onalik huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyeva tovlamachilikda aybalanib, sakkiz yilga qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Yaqinda hibsga olingan Umida Niyozova ustidan esa tergov surishtiruv ishlari davom etmoqda.