AQSh darsxonalarida talaba erkin va tanqidiy fikrlashni o'rganadi 

Turkmanistonlik olima Najiya Badikova AQShning Jorj Vashington Universitetida “Zamonaviy Markaziy Osiyo va Kavkaz” ixtisosligidan saboq beradi.

“Qo’shma Shtatlarda talabaga erkin, tanqidiy fikrlash, mushohaqa yuritish imkoniyati beriladi. Talaba o’zini jamiyatning to’laqonli, tom ma’nodagi a’zosi deb biladi. Sobiq ittifoq davlatlaridagiday talabani kamsitish, “popugini pasaytirish” holatlari bu yerda kuzatilmaydi. Jorj Vashington Universitetida bir yil o’qigach, o’zgarib, haqiqiy amerikalik talabaga aylangan ko’pgina markaziy osiyolik talabalarni bilaman. Qimtinib, uyalib yurgan talabadan asar ham qolmaydi”,- deydi u.

Ayni damda sobiq Sovet davlatlaridagi maktab va universitetlarining ustuvor jihatlari ham e’tiborga loyiq, deydi u.

“Sobiq Sovet davlatlaridagi universitetlarda fundamental bilim beriladi. Deylik, mutaxassis matematika, fizika fanlarini ipidan-ignasigacha biladi. Faqat o’z yo’nalishi bilan cheklanib qolmaydi”.

Masalan, O’zbekistonning o’rta maktablari dasturiga kiritilgan fanlar hajmi AQShdagi maktablarda o’qitiladigan darslardan bir necha karra ko’p.

O’zbekistonda boshlang’ich maktablarda o’qitiladigan fanlar AQShda yuqori sinflarda yoki universitetda o’rgatiladi.

Yana bir muhim farqli jihat. AQShdagi universitetlarda rektor yoki dekan institut yo’laklari bo’ylab izg’ib, darsdan kirmay, qochib yurgan talabalarni tutib yurmaydi.

“AQShda mavjud tartib-qoidaga ko’ra, talaba darslarga kirishi lozim. Chunki semester oxirida baho olish vaqti kelganda professor davomat uchun qo’shimcha ball beradi. Men o’zim magistr darajasini olish uchun o’qiyotgan talabalarga dars beraman. Katta yoshdagi, esini tanigan odamlar".

Amerikada talaba ma’ruzalar va darslar uchun bir dunyo pul to’laydi. Shu bois ularda darsdan qochish istagi paydo bo’lmaydi. Darsga kela olmasligi haqida talaba professorni oldindan ogohlantirib qo’yadi.

Savollarni uzbek@voanews.com manziliga yo'llang.