Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik yetishmaydi

Mutaxassislar nazarida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti mintaqaviy hamkorlik va savdo yo`llarining erkinlashtirilishini talab qiladi.

Yaqinda O`zbekistonga tashrif buyurgan AQSh diplomati ham mintaqaviy integratsiya orqali mamlakatlar ko’proq daromad ola boshlaydi deya ishontirishga uringan edi.

AQShning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati muovini Evan Feyganbaum Vashingtonning asosiy maqsadi mintaqada o’zaro hamkor va rivojlangan mamlakatlar ko`rish deydi.

Feygenbaum nazarida Markaziy Osiyo o`zaro savdo aloqalarini rivojlantirgan holda energetik zahiralarini jahon bozoriga chiqarishi va bu borada mustaqillikka erishishi mumkin.

Feyganbaumning aytishicha AQSh tomonidan taqdim etilayotgan savdo aloqalarini rivojlantirish loyihasi, shuningdek, chegara xavfsizligini ta’minlash va erkin savdo muhitini yaratish hamda suv resurslaridan to’g’ri foydalanishni nazarda tutadi

Amerika Markaziy va Janubiy Osiyoni yaqinlashtirishga urinmoqda. Hindiston va Pokiston mintaqa yonilg’i boyliklariga katta qiziqish bilan qaraydi. Shu qatorda, Hindiston va Pokiston katta iqtisodiy kuchga ega davlatlar.

Mahalliy siyosatshunoslardan biri Farhod Tolipov nazarida Markaziy Osiyoning o’zida hamkorlik tashabbusi bilan chiqayotdan tomonlar yo’q.

“Nega amerikalik ekspertlar yoki rasmiylar tomonidan aytilayapti, nega buni o`zbekistonlik ekspertlar gapirishmaydi, bu tomonlari menga g`alati tuyiladi”, - deydi u.

Mintaqa davlatlarining integratsiyasi ancha yillardan buyun ta’kidlab kelinayotgan mavzu. Bu borada mintaqa davlatlari rahbarlari ham turli bayonotlar bergan.

Yaqinda O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasidagi vizali rejim bekor qilindi. Biroq umumiy iqtisodiy aloqalar yuzasidan siljishlar kuzatilmagan. Bundan tashqari mintaqa davlatlarining o`zini yagona bir iqtisodiy muhitga birlashtirgan tashkilot yoq.

Kuzatuvchilarga ko`ra rasmiy Toshkent tomonidan yuritilayotgan so`nggi harakatlar mintaqani yana avvalgi an`anaviy yo`nalish - Shimol bilan chegaralab qo`ymoqda.

Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko`ra asosiy masala mintaqa davlatlari o`rtasidagi tarqoqlikka barham berishda qolmoqda.

“Bu narsa ko’proq subyektiv sabablarga bo`gliq. Masalan, rahbarlar o`rtasidagi raqobat yoki geosiyosiy jarayonlar ta’siri. Mintaqaviy integratsiyadan manfaatdor bo`lmagan, bunga qarshilik qilib kelayotgan kuchlar bor. Agarda qiyosiy qaraydigan bo`lsak, AQSh darajasida hech bir qudratli davlat o`z maqsadlarini ochiq bildirmagan. AQSh hamisha mintaqa davlatlarining hamkorligini, integratsiyasini juda muhum deb tan olgan va unga ko`mak berishga tayyorligini bildirib kelgan”, - deydi Farhod Tolipov.