Yaqinda O`zbekistonda bo`lgan Pokiston Bosh vaziri Shavkat Azizning prezident Islom Karimov bilan uchrashuvida iqtisodiy hamkorlikdan tashqari xavfsizlik va Afg`onistondagi vaziyat ham muhokama qilingan.
O`zbekiston Pokiston orqali dengizga chiqishga umid qilmoqda.
Pokiston esa O`zbekiston sotayotgan asosiy mahsulotlardan tabiiy gaz va elektr energiyasiga qiziqish bildirmoqda.
Kuzatuvchilar nazarida O`zbekiston iqitisodini rivojlantirish uchun savdo yo`llarini taraqqiy ettirish lozim. Hozirgacha O`zbekiston jahon bozoriga asosan shimol orqali chiqmoqda.
Mutaxassis Komron Aliyev fikricha Afg`onistondagi vaziyat O’zbekiston uchun janubiy yo’llarni to’smoqda.
“O`rta Osiyo transport koridorlarini janub tomonga [yo’naltirilishini] Rossiya yoki Yevropa xush ko’rmaydi. Chunki Afg`onistonda tinchlik o`rnatilsa, mintaqaning gaz va neft quvurlari ham shu tomonga qarab yo`l oladi. Yaqingacha mintaqa gazi 25, keyinroq 40, hozirda esa 100 dollardan sotilayapti. Quvurlarining janubga chiqishi gaz narxini yanada ko`tarib yuboradi. Dunyoda bu mintaqadagidek arzon enegriya zahiralarini topa olmaysiz. Shu sababli bu yerda shimoldagi qo’shnilarning stategik manfaatlari yotadi”, - deydi Aliyev.
Siyosiy sharhlovchilar ta’biricha, rasmiy Toshkent tashqi siyosati asosan Rossiya bilan tuzilgan ittifoqchilik bitimlari asosida shakllanmoqda. Xalqaro hayotda, dunyo siyosatida ko`proq Rossiya bilan hisoblashgan holda ish yuritilmoqda.
O`zbekiston gazi va energiyasiga janubdan yo`l ochish Rossiya orqali amalga oshayotgan savdo yo`liga raqobat tug’diradi.
Shu ma’noda rasmiy Toshkent bildirayotgan qiziqishning qanchalik haqiqatga yaqinligi ham shubha ostida.
Biroq siyosatshunos Muqumjon Qirg`izboyev nazarida O`zbekiston bugun ko’p yo’nalishli siyosat bilan chiqish harakatida.
“Hozir siyosatga ko’p vektorli tashqi aloqalar yuritish degan tushuncha kirib keldi… Pokiston bilan siyosiy aloqalarning rivojlanishiga tabiiy manfaatlar asosida qarash kerak”, - deydi Qirg`izboyev.
Siyosatshunos Farhod Tolipovning aytishicha esa janubiy loyiha nafaqat O`zbekiston balki butun mintaqa manfaatlari uchun muhim. Bu loyiha mintaqa davlatlarining energetik zahiralari uchun yangi bozor yaratadi. Lekin uning amaliyoti Afg`onistondagi vaziyat bilan bo`gliq.
“Bu narsa hali amalga oshadigan emas. Bugungi kunda Afg`onistonda tinchlikparvar xalqaro kuchlar yangi qiyinchiliklarga uchramoqda. Buning ustiga toliblar harakati ham faollashgan. Bunday paytda qanday iqtisodiy loyihalar haqida gapirish mumkin”, - deydi siyosatshunos.
AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati, jumladan mintaqani integratsiyaga chaqirishi zaminida ham savdo aloqalarini rivojlantirish va Afg’onistondan jahon bozoriga chiqish uchun foydalanish tashabbusi yotadi.
Mintaqada chegaralar mustahkam emas, qolaversa bordi-keldi tobora qiyinlashib bormoqda.
Mutaxassislar nazarida bu muammolarni Markaziy Osiyo davlatlari o’zlari hal etmog’o lozim. Ammo, deyishadi ba’zi tahlilchilar, O`zbekiston hukumati kabi tomonlar iqtisodiy maqsadlar uchun emas, birinchi galda ko`proq o’z xavfsizligini kafolatlash, avtoritar tuzum muhofazasi bilan band. Tashqi siyosat ham shunga qarab belgilanmoqda. Bu siyosat esa mamlakat iqtisodini tobora zaiflashtirmoqda.