Xalqaro tashkilotlar O’zbekiston hukumatini yanvar oyida hibsga olingan huquq himoyachisi Umida Niyozovani ozod etishga chaqirib keladi. O’zbekistonda huquq himoyachilari, jurnalistlar va muxolifatchi ayollarning tazyiqqa uchrashini bir guruh ziyolilar ham tanqid ostiga olgan.
Prezident Karimovga bitilgan bayonotga Yevropaning sakkiz davlatidan 30 dan ortiq ziyoli imzo chekkan. Bular taniqli jurnalist, yozuvchi, rassom, san’at arbobi, kino ustasi va huquq himoyachilaridir.
Germaniyalik jurnalist Bernard Klazen tashabbusi bilan bitilgan bayonot O’zbekiston prezidentini tutqunlikdagi uch nafar huquq himoyachisini ozod qilishga chaqiradi. Bular Umida Niyozova, Mo’tabar Tojiboyeva va Gulbahor To’rayeva.
Ularga konstitutsiyaga qarshi faoliyat yuritish aybi qo’yilgan. Yevropalik ziyolilar O’zbekiston rahbaridan ularni avf etishni so’radi.
“Umida Niyozovaning hibsga olinganidan ajablandik. Axir u hamisha boshqa odamlarga yordam qo’lini cho’zib kelgan. Endi esa uni bu ishi uchun qamoqqa tashlashdi,” – deydi Bernard Klazen.
Ko’p yillardan buyon Rossiyada yashayotgan san’at arbobi, rassom Shuhrat Abdusalomov ham bayonotga imzo chekkan.
“Ayollarni qamash mumkin emas. Axir bu dahshatli hol. Bu o’z onasini qamash degan gap-ku. Hozir ham shunday bo’ldi, go’dakning onasini turmaga tashlashdi. Qanday jinoyati uchun?” - deb so’raydi Shuhrat Abdusalomov.
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi turli xalqaro tashkilotlarda ishlagan Umida Niyozovaga O’zbekiston chegarasidan noqonuniy o’tish va taqiqlangan axborot materiallarini chegaradan olib o’tish aybi qo’yilgan.
Gulbahor To’rayevaga Qirg’izistondan O’zbekistonga noqonuniy adabiyotlarni olib kirganlik aybi qo’yilgan. Uning ustidan tergov hali tugamagan.
Bayonotda nomi tilga olingan yana bir ayol huquq himoyachisi Mo’tabar Tojiboyeva o’tgan yili Irlandiyada inson huquqlari anjumanida ishtirok etish uchun ketayotganda ushlangan. Unga qalloblik, ruxsatsiz namoyish o’tkazish, davlat xizmatchilariga tuhmat qilish ayblari qo’yilgan. Ayni damda Tojiboyeva 8 yillik qamoq jazosini o’tamoqda.
Ayollarni ozod qilishga chaqirgan xalqaro ziyolilar orasida Nyu-Yorkdagi Liberty nashriyotining rahbari, siyosiy sharhlovchi Ilya Levkov ham bor.
“Hukumatning ayollarga qarshi tazyiqi O’zbekistonda ularning siyosiy jihatdan faollashganidan dalolatdir. Hukumat bir tomondan jamiyatda ayollarning teng huquqli bo’lishiga chaqirmoqda, lekin boshqa tomondan ularning huquqlarini poymol etmoqda.”
Bayonot tashabbusi bilan chiqqan germaniyalik huquqshunos Bernard Klazenning aytishicha, u xatni prezident Karimovga pochta orqali jo’natgan, nusxasini esa O’zbekistonning Germaniyadagi elchixonasiga topshirgan. Bu kabi bayonotlar foyda keltirishi mumkinmi, degan savolga nyu-yorklik noshir Ilya Levkov shunday javob beradi:
“Hukmdorlar hamisha diqqat markazida bo’lishlarini bilishlari kerak. Ularning sukut saqlashlariga sabab shuki, ular odamlar bo’layotgan voqealardan xabardor emas va ishi yo’q, deb o’ylaydi. Biroq biz odamlarning xabardorligini va befarq emasligini ko’rsatishimiz kerak,” - deb hisoblaydi Levkov.
Mustaqil va xalqaro kuzatuvchilarga ko’ra, Andijon voqealaridan so’ng O’zbekiston hukumati mustaqil jurnalistlar, huquq himoyachilari va muxolifatchilarga tazyiqni yanada kuchaytirgan. San’atshunos Shuhrat Abdusalomovning aytishicha, Andijon voqealari hukumatning katta xatosi bo’lgan.
“Bu halokatning boshlanishi. Rossiya tarixini eslang. 1905 yil qonli yakshanbasini. Qanday qilib gunohsiz odamlarni o’qqa tutish mumkin? Axir o’sha xaloyiq orasida har birimiz bo’lishimiz mumkin edi! Davlatni boshqarish qo’lidan kelmas ekan, bunday hukumatning kimga keragi bor?!”
Bayonot muallifi, germaniyalik huquqshunos Bernard Klazen Umida Niyozovaning tez kunlarda ozod etilishiga umid qilmoqda. So’nggi bir necha kun ichida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, AQSh Davlat departamenti, qator xalqaro inson huquqlari va jurnalistik tashkilotlar uni ozod etish talabi bilan chiqqan.