Qirg'izistonda muxolifat erta saylovlar talab qilmoqda

Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahri bosh maydonida prezident Qurmanbek Bakiyevga qarshi Birlashgan Front namoyishi davom etmoqda.

Muxolifatchilar namoyishda kamida 50 ming odam qatnashishini bashorat qilgan bo’lsa-da, maydonga yig’ilganlar soni 10 mingdan oshmagan. O’z navbatida, hukumat ham xavfsizlik choralarini kuchaytirgan: Bishkekda militsiya maxsus bo’linmalari hamda prezident tarafdorlari ham to’plangan.

Tushdan keyin maydonga yig’ilganlarga murojaat qilarkan, muxolifat yetakchisi Feliks Qulov asosiy maqsad - muddatidan avval prezidentlik saylovlari orqali mamlakatda konstitutsiyaviy islohotlar o’tishini ta’minlash ekanini aytdi:

“Biz ochiq siyosat yuritayotganimizni, halol yo’l bilan halol saylovlar o’tishiga erishishimiz mumkinligini ko’rsatmoqchimiz”, - dedi Feliks Qulov.

Feliks Qulovning aytishicha, qirg’iz muxolifatini va namoyishlarni Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasini (ODKB) imzolagan Qozog’iston, O’zbekiston va Rossiya davlat rahbarlari qo’llamoqdalar.

“Men ulardan minnatdorman. Biz bilan uchrashuvga o’z elchilarini yuborgan boshqa davlatlar ham vaziyatga va talablarimizga xolis baho bermoqdalar”, – dedi Birlashgan Jabha yetakchisi Feliks Qulov.

Uning aytishicha, muxolifat prezidentga muqobil konstitutsiya loyihalarini taqdim qilgan. Ammo prezident muxolifat taqdim qilgan loyihalardan voz kechib, parlamentga o’z vakolatlari kuchaytirilishi rejalashtirilgan boshqa loyihani yuborgan. Parlament bu loyihani muhokama qilishni 16 aprelga qoldirgan.

Prezident Bakiyev esa muxolifatni unga qarshi fitna uyushtirganlikda ayblamoqda.

Bakiyev fikricha, u qanchalik imtiyoz va yengilliklar yaratmasin, muxolifat baribir qoniqmaydi.

Prezident va’da qilingan islohotlar rejadagiday amalga oshmayotganini tan olmoqda. Siyosiy vaziyat barqarorlashsa, deydi Bakiyev, yangi konstitutsiya matni kelasi yil boshida tayyor bo’lishi mumkin.

Maydonga kelgan bosh vazir Almaz Atamboev endi chinakamiga islohotlar o’tishini aytib, norozilar guruhini murosaga chorlagan:

“Siz mana bunday kelganingiz uchun biylik islohotlar o’tkazyapti. Bu – haqiqat. Agar Bakiev ketaman desa, men hech qachon qo’lidan ushlamayman”, – degan mart oyi oxirida muxolifat safidan bosh vazirlikka tayinlangan Almaz Atamboyev.

Ammo muxolifat prezident bilan murosaga bormoqchi emas.

Muxolifat mamlakatning turli viloyatlaridan kelgan tarafdorlari uchun Bishkek shahar bosh maydonida o’tov va chodirlar o’rnatgan. Norozilik namoyishlari davomida qirg’izistonlik va rossiyalik xonandalarning madaniy chiqishlari uyushtirilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda Qirg’izistonda vaziyat tinch, prezident va muxolifat tarafdorlari o’rtasida ziddiyat sezilmagan. Ammo siyosiy sahnada mamlakat janubi va shimolini tamsil etayotgan guruhlar o’rtasida to’qnashuvlar yuz berishi mumkinligi to’g’risida xavotirlar mavjud.