O'zbekistonda dori-darmon narxi va sifatiga ko'proq e'tibor kerak

O'zbekistonda dori-darmon ta’minoti bilan bog’liq vaziyat nochor ahvolda. Sifatsiz dorilardan zaharlanish hollari kuzatiladi.

Ayrim o’zbekistonliklar fikricha O’zbekistonda dori-darmon sifati va narx-navolari muammosiga hukumat tomonidan ahamiyat berish payti kelgan.

"Hozirgi paytda kasal bo’lgan kambag’alnigina emas, iqtisodi baquvvat kishining ham dorilar borasida holi tang bo’lishi mumkin", -deydi bir o'zbekistonlik. U mamlakatdagi dori-darmon ta’minotini yaxshilash borasidagi o’z mulohazalarini shunday izohlaydi:

“Qaysi kasalxonaga borsangiz, hech vaqo yo’q. Dori-darmon, shprits, hammasini o’zingiz olib borishingiz kerak. Hatto ba’zi holatlarda tez yordam chaqirilganda ukol qilish uchun zarur narsalar ham topilmaydi. O’zbekistonda dori-darmon ta’minotini yaxshilash uchun avvalo kasalxonalarda qat’iy nazorat o’tkazmoq zarur. Chunki tibbiyot xodimlarining o’zi dori-darmon sotish bilan shug’ullanishi ko’pchilikka ma’lum. Ikkinchidan, o’zimizda dori-darmonlar ishlab chiqaradigan korxonalar, qo’shma korxonalar tashkil qilishni yo’lga qo’yish lozim. Zero bizning diyorimizda juda ko’p shifobaxsh giyohlar o’sadi. Uchinchidan, xalq tabobatini keng rivojlantirishga e’tibor qaratish lozim”.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, bugun O’zbekistonda ishlab chiqilayotgan dorilar aholining 10-15 foizi ehtiyojini qondiradi xolos.

Shu sabab ham respublika xorijdan katta miqdorda dori-darmon sotib olayotir.

Qo’lda sotilayotgan dorilar haqida gapirmasa ham bo’ladi, biroq ayni paytda aptekalardagi dorilarning ham sifatsizligi bilinayotir, deydi o’qituvchi Matluba Kamolova:

“Ozim bir-ikki marta olib ishonch hosil qildim bu dorilarning sifatsizligiga. Ya’ni o’sha arzimagan og’riqni bosolmadi. Yo penisillinni olsak, yo ampisillini olsak, o’shalarga ham kafolat yo’q, ishonch yo’q. Shifo topganini aniqlolmiymiz. Shuning uchun ko’pgina aholi importniy dori olishga harakat qiladi, ammo-lekin judayam qimmat importniy dorilar. Yaxshi dori deganlariga hozir aholining puli menimcha yetmaydi, olib davolanishga. Ko’plar o’sha uchun tabiblarga chopishadi, o’zimizning giyohlardan foydalanishadi”.

Dorixonalarda dorilarning qimmatligi bois, qo’lda sotilayotgan dorilarni olishga majbur bo’lishayotganini aytadi mana bu ayol:

“Aptekalarda dorilarni arzon qilishsa. Mana, mening qizim ikkiqat bo’ldi, tug’ishiga yaqin, 20 kun oldin soxraneniyada yotdi. Rosa qiynaldik, dorilar rosayam qimmat. Oylik maoshimiz yetmadi, rosa qiynaldik topib berishga. Tuqqandan keyin ham har xil dorilar. Roddomlar yoniga apteka ochgan, rosa qimmat-qimmat narxda. Shuning uchun biz ko’proq Farxadskiyning yo’lidagi kichkina yo’lakchalarda qo’ldan olishga majbur bo’lganmiz. Lekin u yerda aptekaga qaraganda arzonroq, bilmadik endi sifati qanaqayu, arzonroq lekin. Shularni aptekalarimizda arzonroq qilishning iloji yo’qmi”?

Toshkent dorixonalarining birida xizmat qilayotgan Hakimaning aytishicha, aptekalarga murojaat etgan kishi albatta dorining muddati va sertifikatiga e’tibor berishi lozim. Unga ko’ra, bugun O’zbekistonda ishlab chiqilayotgan dorilar sifati xorijnikidan qolishmaydi:

“Bozordan olish kerak emas. Saqlanish muddati va saqlash sharoitiga qarash kerak. Quyoshda tursa, ularning baribir tarkibi o’zgaradi, odam organizmiga to’g’ri kelmaydi. Shuning uchun albatta dorixonalardan olish kerak. Aptekaga kirdimi, qo’rqmay so’rash kerak, qani, sertifikati bormi, analizi bormi deb. Shunga qarab keyin olinadi-da. Odamlar baribir xorijdan olib kelinadigan dorilarga ko’proq ishonadi. Ularda yaxshi tayyorlaydi, u edi-bu edi deydiyu, lekin mana bizlarda ham yomon ishlab chiqarmayapti hozir zavodlarimiz, yaxshi ishlab chiqarayapti”, - deb hisoblaydi aptekachi Hakima.

Aptekalardagi dori-darmonlarning bugungi narxlari haqida yana bir ayol shunday fikrda:

“Bozor iqtisodi bo’lib, unaqa baland narxda qo’yishmayapti dorilarni ham. Ular ham bizlarni tushunishyapti. Olib kelishgandan keyin, albatta odamlarning mana bu qiyinchiliklariga tushungan holda o’rta narxlar qo’yishyapti. Men misol uchun shamollash, boshqa bo’lganda bemalol pulimga yarasha dori olib tuzatdim bolalarni.

Muxbir: Shunaqa gaplar ham eshitganmisiz, masalan sifatsiz bir dori olib, iste’mol qilib, shundan kasal bo’lganlarni?

Ayol: Ha, eshitganman. Bu ko’pincha hozir, ayniqsa bosh og’rig’i, hozir mana, odamlar holdan toyganida bosh og’rig’iga, keyin oshqozon og’rig’iga, albatta otravleniye bo’lganlar bor. Sitramon, ich ketganda ichadigan dori boru, shunaqa dorilar sifatsizligi bor. Ayniqsa bosh og’riq dorida sifatsizlik ko’p uchragan menda. Tanish odamni bilaman, otravleniye bo’lgan, keyin tarqab ketgan, qatiq ichib. O’zimizning o’zbekcha muolajani qilib, keyin tuzalib ketgan”.

Hech qursa, qariyalarning dorilarini arzonlashtirish lozim deb hisoblaydi mana bu nafaqaxo’r ayol:

“Men astmaman, bitta dorim 10 ming turadi, sepadigani, yana bir ukol qiladigani bor, unisi 5 ming turadi. Bu dorilarga mening pensiyam yetmaydiyam. Agar dori olsam, ovqatga yo’q, ovqat olsam, doriga yo’q. Pensionerlarga dori olishga yengillik sharoiti yo’q. Oladigan pensiyam 12 ming so’m. Dori olamanmi, yo davolanamanmi, yo ovqatlanamanmi? Pensionerlarga dorilardan ozgina yengillik, arzonroq qilishini talab qilamiz. Talabimizni qabul qiladigan odam bormi? Mana men bolnitsada yotdim, hamma dorilarni o’zim yonimdan sotib oldim. Masalan, mening olgan 10 ming so’mlik dorimni juda bo’lmasa 5 ming qilsa, qani edi”, - deydi nafaqaxo’r ayol.

MDH mamlakatlarida ishlatilayotgan dori-darmonlarning 30-40 foizi soxta degan ma’lumotlar ham bor, deydi ismini bildirishni istamagan mutaxassis. Unga ko’ra, O’zbekiston ham bundan istisno emas.

”Sog’liqni saqlash vazirligining nazoratchilari bilan birgalikda soxta dorilarni sotuvdan olish va yo’q qilish borasida muayyan ishlarni amalga oshiryapmiz. Biroq kuch vositasida bu muammoni hal qilib bo’lmaydi. Sog’liqni saqlash vazirligi va “Dori-darmon” hissadorlik jamiyati shunday tashabbus bilan chiqdiki, amaldagi qonunchilikka mazkur holatlarda barham beradigan islohotlar kiritish zarur. Ya’ni bunday dorilarni O’zbekistonga olib kirgan va sotganlar tegishli jazolarini olishlari kerak. Afsuski, bugungi qonunchiligimizda faqat sifatsiz mahsulot sotganligi uchungina javobgarlik bor”, - deydi ismini bildirishni istamagan mutaxassis.