Boris Yeltsin 76 yoshida yurak xurujidan olamdan o'tgan

Rossiya sobiq prezidenti Boris Yeltsin 76 yoshidan hayotdan ko’z yumgan.

Mamlakatni 1991 yildan 1999 yilgacha boshqargan Yeltsin hukumatni o’z xohishi bilan Vladimir Putinga topshirgan va prezidentlikdan ketar ekan, Rossiyada demokratiya albatta ravnaq topadi deya umid bildirgan edi.

Yeltsin ichkilikka berilganini bir necha bor tan olib, aroq uning sog’lig’iga salbiy ta’sir ko’rsatganini aytgan.

1996 yilda Yeltsinning yuragi xuruj bergan, sir tutilgan va keyinchalik tafsilotlari ma’lum qilingan edi.

Yeltsin Rossiya jahondagi eng qudratli davlat der edi. Amerika matbuotiga bergan so’nggi intervyularidan birida Yeltsin “AQSh Rossiyadan hech qachon o’za olmaydi, rus davlati hamisha oldinda bo’ladi”,- degan edi.

Prezident Putin Yeltsinning oilasi va rafiqasi Nainaga hamdardlik bildirgan. Rossiya sobiq bosh vaziri Sergey Stepashin Yeltsinni mamlakatni demokratiya tomon yetaklagan va xalqqa bozor iqtisodiyotini tanishtirgan ulug' arbob deb atagan.

AQSh hukumati nazarida esa Yeltsin Rossiyani to'g'ri yo'lga boshlagan tarixiy shaxs. Oq uy Rossiyaga ta'ziya bildirmoqda.

Britaniya Bosh vaziri Toni Bleyer Yeltsinni " Rossiyaning og'ir kunlarida xalq kuniga yaragan rahbar",- deya tariflagan.

NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti, Bosh kotini Yap de Xup Sxeffer esa Yeltsinni Rossiyada demokratiya asoschisi va Sovuq urushni tugatgan prezident deb eslamoqda.

Boris Yeltsin 1931 yilda Ural tog'lari bag'ridagi Butka qishlog'ida, Sverdlovsk (hozirgi Yekaterinburg) yaqinida dehqon oilasida dunyoga kelgan.

Kommunistik partiya pog'onasidan ko'tarilib, uning Moskvadagi bosh kotibi sifatida xizmat ko'rsatgan. O'zini oddiy va kamtarin fuqaro deb bilgan Yeltsin rasmiylar uchun ajratilgan avtomobillarda emas, oddiy odamlar qatori avtobus va metrolarda yurishni ma'qul ko'rar edi.

Ana shu xususiyati uni nafaqat Rossiya va sobiq Sovet Ittifoqi, balki butun dunyoga tanitgan. 1987 yilda ustozi, Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachevni, tanqid qilib, undan uzoqlashgan. 1991 yilda Rossiyaning birinchi prezidenti sifatida saylangan.

Yeltsin 1994 yilda Chechenistonda urush boshlab, keskin tanqidga uchragan edi. Chechenistondagi tinimsiz mojarolarda o'n minglab odamlar qirilib ketdi.

Yeltsin 1996 yilda qayta saylandi, biroq sog'lig'i pand bera boshladi. Yuragi bir necha bor operatsiya qilindi. Oradan uch yil o'tib, lavozimni Putinga taklif qildi.

So'nggi yillarda Boris Yeltsin Putin siyosatini bir necha bor tanqid ostiga olgan va uni demokratiyaga qarshi qadam qo'yayotganlikda ayblagan.