Huquq faoli Mo'tabar Tojiboyevaning jazo muddati uzaytirilishi mumkin

Firibgarlikda ayblanib, sakkiz yil qamoq jazosiga hukm qilingan Mo`tabar Tojiboyevaning jazoni o’tash muddati uzaytirilishi mumkin.

Ma`lumotlarga ko`ra, qamoqdagi huquq himoyachilariga nisbatan munosabat, ular taqdiri haqida ma`lumot olish kun-sayin qiyinlashib bormoqda.

Huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyeva bilan uning ukasi shu yilning yanvar oyida ikki soatlik uchrashuv chog`ida ko`rishgan. Shundan buyon Mo`tabar Tojiboyevaning taqidiri, salomatligi haqida hech qanday ma`lumot yo’q.

Tojiboyevaning ukasi Rasul Tojiboyevning aytishicha, yanvar oyidagi qisqa uchrashuv ham kuzatuv ostida o`tgan.

“9 yanvar kuni militsiya nazoratida uchrashgan edik. O`shanda ham ochiq gaplasha olmagandik. O`shnda mening yuragim bilan buyragim og`riyapti degandi. Dori bergandik, uni ham qabul qilishmadi. Uchrashuv avgust oyidan beri berilmayapti. Hozir men opamning sog`lig`idan xavotirdaman, negaki u haqda hech qanday ma’lumot ololganimiz yo`q”, - deydi Rasul Tojiboyev.

Rasulning aytishicha, Mo`tabar Tojiboyeva bir necha bor jazo kamerasiga tashlangan. Jazo kamerasiga uch marta tushgan mahbusga keyingi jazo sifatida, qamoqxonadagi ichki qoidalarga ko`ra, maxsus kameraga joylashtirish qo`llaniladi. Undan keyingi jazo esa qamoq muddatiga qo`shimcha muhlat berilish.

“Qamoqxonaning ichki nizomini buzgalik uchun shunday qaror chiqarishi va uch yildan o`n yilgacha qo`shib berishi mumkin ekan”, - deydi u.

Mo`tabar Tojiboyevaning advokati Ruhiddin Komilov nazarida ham shunday ehtimol mavjud. Buni tekshirish uchun Tojiboyevaning o`zi bilan uchrashishga qilingan harakatlar samarasiz tugagan.

“Prokurordan tortib uchrashmagan odamimiz qolmadi, natija yo’q. Rasul oxirgi uchrashgan odam, shu bois uning gaplariga ishonmasdan boshqa iloj yo`q”, - deydi u.

O`zbekistonda aynan huquq himoyachisi yoki muxolifatdagi faoliyati uchun turli ayblar bilan qamalib chiqqan, qamoqda saqlanayotgan mahbuslar ko`pchilikni tashkil etadi.

Ular fikriga ko`ra, qamoqxonada huquq himoyachilariga nisbatan munosabat og`ir. Yaqinda ozodlikka chiqqan mustaqil jurnalist Ulug`bek Haydarovning e`lon qilingan xotiralarida yozilishicha, unga nisbatan jismoniy qiynoq qo`llanilgan.

Turli ayblar bilan jinoiy ish qo`zg`atilgan ko`pgina faollarni himoya qilgan advokat Ruhiddin Komilovning aytishicha, faollarga nisbatan jinoiy ishlarning aksariyati asossiz bo`lishi bilan birga, hukmdan keyin, ularning qamoqxonadagi taqdiri haqida bilish ham muammoligicha qolmoqda.

“Yaqinda qamoqdagi huquq himoyachisi Saidjahon Zaynobiddinov og`lining mazasi yo’q deb aytishgan edi. Shuni ko`rish uchun ariza tashlab kelgan edim. Telefon qilsam boshliqning kayfiyati yo`q, uchrashishga ruxsat bermaydi deyishdi", - deydi Ruhiddin Komilov.

Ayni paytda O`zbekiston huquq himoyachilari bilan bo`gliq sud va tergov jarayonlari davom etmoqda.

Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda mamlakatda siyosiy mahbuslar soni keskin ortgan va ular soni mamlakatdagi vaziyat haqida ochiq gapirayotgan faollar hisobiga yanada oshishi mumkin.