Faollarni qamayotgan O'zbekiston o'ziga choh qazimoqda

Yevropa Ittiffoqi huquq himoyachilari Gulbahor To'rayeva va Umida Niyozovaning shafqatsiz ravishda qamoq jazosiga hukm qilingani yuzasidan maxsus bayonot qabul qilgan.

Huquq faollarining qamoq jazosiga hukm qilinishi, Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi shu yilning 15 may kuni Andijonda yuz bergan fojealar tufayli qo’yilgan sanksiyalarni qayta ko`rib chiqishi kutilmoqda. Bu orada O`zbekistonda huquq himoyachilari Gulbahor To`rayeva va Umida Niyozova uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi.

Yevropa Ittifoqi esa bu borada tashvish bildirib, bayonot-deklaratsiya e’lon qildi. Germaniya qabul qilgan deklaratsiyada O`zbekiston tomoni huquq himoyachilari ustidan o`tgan sud jarayonini xalqaro huquq me’yorlari va inson huquqlarini qadrlagan holda qayta ko`rib chiqishga chaqiriladi.

Umida Niyozovaning ishi yuzasidan O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotga ko`ra, O’zR Jinoyat kodeksining uchta moddasiga muvofiq ayblangan huquq himoyachisining sud jarayoni ochiq o`tgan, uning aybi to`liq isbotlangan.

Amalda Umida ustidan o`tgan jarayonda Human Rights Watch vakilidan tashqari boshqa xalqaro diplomatik korpus vakillari, jurnalistlar, kuzatuvchilar qatnashishiga ruxsat berilmagan edi.

AQSh Davlat departamenti hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham Umida Niyozovaning hukmi bo`yicha norozilik bildirilgan.

Shu paytgacha Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasida aloqalar yaxshilanishiga umid bor edi.

Bu mamlakatda inson huquqlari bilan bo`gliq vaziyatga ijobiy ta’sir qilib, O`zbekiston hukumati bilan demokratik o`zgarishlar uchun muloqot boshlanishiga asos bo`lishi kerak edi.

Bunday qarashlar yoqqa chiqish arafasida. Huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev fikriga ko`ra, Umida Niyozova hukmini ramziy ma’noda qabul qilish mumkin.

“Muloqot uchun ikkinchi tomon ham nimadir qilishi kerak-ku, axir. Yevropa Ittifoqi hozir inson huquqlari bo`yicha AQSh xatolarini takrorlayapti, natijada bugungi vaziyatga to`xtadik. Umidani yetti yilga qamash bilan O`zbekistonda qolgan huquq himoyachilarining taqdirini hal qilib bo`ldi. Bilmadim, saylovlargacha yetib boramizmi yoki yo`qmi?” - deydi Baxtiyor Hamroyev.

Hamroyev fikricha, Yevropa Ittifoqi energetika ta’minoti bo`yicha Rossiyaga bo`glanib qolgan va hozirda Markaziy Osiyo Rossiya o`rnini to`ldirishi mumkin bo`lgan mintaqa sifatida qaralayapti, shu bois inson huquqlariga ikkinchi darajali ahamiyat berilmoqda.

“Biz avval ham aytib kelganmiz, muloqot bo’lishi kerak, lekin inson huquqlari va geosiyosiy faoliyat birgalikda yuritilishi kerak, faqat shunday holatdagina muloqot bo`lishi tarafdorimiz”, - deydi huquq himoyachisi.

Ekspert Toshpo`lat Yo`ldoshev:

“Umida juda qattiq jazoga hukm qilindi, bu bilan O`zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqini o`ziga qarshi qilib qo`ydi. Lekin baribir Yevropa Ittifoqi va boshqa demokratik davlatlar bilan O`zbekiston o`rtasidagi aloqalar saqlanib qolsa, bu mamlakatdagi demokratik kuchlarni ta’qib qilishning kamayishiga olib keladi degan fikrdaman”, - deydi ekspert.

Uning aytishicha, taniqli jurnalistlar va huquq himoyachilariga nisbatan hukm chiqarish qarori shaxsan O`zbekiston prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Uni hech kim o`zgartira olmaydi, bu jarayonda hech qanday xalqaro me`yorlarga amal qilinmaydi.

Takidlab o`tamiz, Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan deklaratsiyadan biroz o`tib, 15 mayda Bryusselda Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga nisbatan joriy etgan sanksiyalarni saqlab qolish yoki bekor qilish masalasi ko`rib chiqishi kerak.