Toshkentda huquq faollarining bir nechasi Andijon fojiasi qurbonlarini xotirlab, ommaviy qirg’in aybdorlari jazolanishini talab qilgan. Jasorat yodgorligi poyiga gullar bilan birga, fojia chog’ida halok bo’lgan yosh bolalar yodi uchun o’yinchoqlar ham qo’yildi.
Huquq faollari Andijon voqeasini mustaqil tergov qilish talabi yozilgan plakat ham ko`targan.
“Biz Andijon qirg’ini mustaqil ravishda tergov qilinishini, ayollar, yosh bolalar, gunohsiz fuqarolarning ommaviy o’ldirilishiga javobgar shaxslar jazoga tortilishini talab qilmoqdamiz”, - deydi huquq himoaychilaridan biri Yelena Urlayeva.
Marosim ishtirokchilaridan biri Abdulla Tojiboy o’g’liga ko’ra qirg’inda hukumat qo’li borligi uchun ham mustaqil tekshiruv amalga oshmaydi.
“Bular chet ellik ekspertlarni kirgizmasdan, o’z manfaatlariga ko’ra tekshiruv o’tkazmoqchi. Fojealarda to’g’ridan-to’g’ri rahbariyatning qo’li borligi aniq”, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.
Faollarning aytishicha, Andijon qurbonlarini Jasorat yodgorligi qoshida xotirlash keskin tazyiqlarga qaramasdam an’anaga kirmoqda.
O’tgan yili Andijon qurbonlarini xotirlash uchun yig’ilgan ko’plab faollar hukumat tomonidan hibsga olingan bo’lsa, bu safar ozchilik tarkibda bo’lsada qurbonlarni xotirlashga muvaffaq bo’lingani bildiriladi.
Yelena Urlayeva nazarida buning asosiy sababi 14 mart kuni Yevropa Ittifoqida O`zbekiston hukumatiga qo’yilgan sanksiyalar muhokamasi bilan bog’liq. Aks holda bu yerda ikki daqiqa turishga ham ruxsat berilmas edi, deydi u.
Yaqinda O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Andijon fojiasi haqida bildirilgan tanqidlarni uydirma deb baholadi. Xalqaro tashkilotlar va huquq himoyachilari fikricha esa voqea tafsilotlari hali ham ommadan sir tutilmoqda.
O`zbekiston prezidenti Andijon fojialari haqida 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosbati bilan O`zbekiston televideniyesida qilgan chiqishida shunday fikr bildirdi:
“Mana Andijon voqealarini oling. Qancha-qancha uydirmalar, qancha-qancha yolg`on, qancha haqoratlar bo`lmadi bizga nisbatan? Vaqt eng adolatli hakam. Mana, ikki yil o`tib, hammasi joy-joyiga tushayapti. O`zlari tushunayaptiki, bu hammasi uydirma ekanini. Maqsad nima ekan? Bu yerda rangli inqilob o`tkazish, hukumatni ag`darish, odamlarni bir-biriga qarama-qarshi qo`yish”.
2005 yilning 12-13 may kunlari yuz bergan fojia natijasida, rasmiy ma'lumotlarga ko`ra, 180 dan oshiq, norasmiy ma'lumotlarga ko`ra esa, 700-1000 ga yaqin tinch aholi halok bo'lgan. O`zbekiston Bosh prokuraturasi xulosalariga ko`ra, Andijonda diniy xalifalik qurish uchun terrorchilik xuruji uyushtirilgan.
Andijon fojiasidan keyin boshlangan tergov natijasida terrorchilik, konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan ag`darish, diniy ekstremizmda ayblangan yuzlab fuqarolar qamoq jazosiga hukm qilingan.
Huquq himoyachilari nazarida sud jarayonlari yopiq o’tgan, mahbuslarga nisbatan qiynoqlar qo’llanilgan. Bunday vaziyatda sud jarayonlarini xolis baholash mumkin emas.
O`zbekiston hukumati tinch aholi terrorchilar tomonidan o`ldirilganini bildirsa, norasmiy manbalar norozilik namoyishiga chiqqan tinch aholi hukumat qo`shinlari tomonidan o`qqa tutilganini ta’kidlaydi.
Qator xalqaro tashkilotlarning hisobotlarida Andijon fojiasi ommaviy qirg`inga tenglashtirildi, xalqaro hamjamiyat O`zbekiston hukumatining namoyishchilarni qurol yordamida bostirishini keskin qoralab chiqdi.
Huquq himoyachisi Sur’at Ikromovning so’zlariga qaraganda, oradan shuncha vaqt o’tib, nega namoyishga chiqqan aholini tarqatishning boshqa choralari ko`rilmagani, birdaniga ogohlantirishsiz o`t ochishga kim buyruq bergani noaniq.
“Shu savollarga javob topilsa, Andijon fojialari nimadan kelib chiqqani va nima bo`lgani aniq bo`ladi”, - deydi u.
Muxolifat vakillari Andijon voqeasidan keyin O`zbekistonda tazyiqlar avj olganini, guvoh bo`lgan huquq himoyachilari, muxolifat vakillari qamoqqa tashlanganini, bu haqda ochiq yozgan jurnalistlarning ko`pchiligi mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo`lganini aytmoqda.
O`zbekiston hukumati fojiani xalqaro ekspertlar ishtirokida tergov qilish talabini rad etadi. Ikki yil o`tib ham uning sabablari qorong`uligicha qolmoqda.
Huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev ta’biricha, mustaqillikning 16 yillik tarixini Andijon fojiasigacha va undan keyingi davrga bo`lish mumkin.
“Andijon fojialaridan keyin O`zbekiston hayotida inqiroz boshlandi. Andijonda nima bo`lgani hamon xalqdan yashirib kelinmoqda. Eng yomoni – shular oqibatida kelajakda yana qaytarilishi mumkin bo`lgan fojialarning oldi olinmadi. Aksincha, bunday fojialar uchun zamin yaratildi. Faqatgina O`zbekistonda demokratik tuzum qaror topgandan keyin Andijon fojialari takrorlanmasligi mumkin”, - deydi Hamroyev.